Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi
25.12.2007
UMUMIY QISM
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-bob. Asosiy qoidalar
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Ushbu Kodeks soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga (bundan buyon matnda budjet deb yuritiladi) va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlash bilan bogʻliq munosabatlarni, shuningdek soliq majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeksdan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar ushbu Kodeks bilan belgilanadi, oʻzgartiriladi yoki bekor qilinadi.
Soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeks qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak. Normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq boʻlmagan taqdirda, ushbu Kodeks qoidalari qoʻllaniladi.
Soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjat quyidagi hollarda ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi, agar hujjat:
1) ushbu Kodeksga muvofiq bunday hujjatni qabul qilish huquqiga ega boʻlmagan organ tomonidan qabul qilingan boʻlsa yoki normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan boʻlsa;
2) soliq munosabatlari subyektlarining huquqlarini bekor qilsa yoki cheklasa, soliq munosabatlari subyektlarining ushbu Kodeksda belgilangan majburiyatlarining mazmunini, ular harakatlarining asoslari, shartlari, ketma-ketligi yoki tartibini oʻzgartirsa;
3) ushbu Kodeks bilan taqiqlangan harakatlarga ruxsat bersa yoki yoʻl qoʻysa;
4) ushbu Kodeksda belgilangan tushunchalar mazmunini oʻzgartirgan yoki bu tushunchalar ushbu Kodeksda qoʻllanilganidan boshqacha maʼnoda qoʻllanilgan boʻlsa.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlardan loaqal bittasi mavjud boʻlgan taqdirda, soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi.
Ushbu Kodeksga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ yoki uning yuqori turuvchi organlari mazkur hujjatni bekor qilishga yoki unga zarur oʻzgartishlar kiritishga haqli. Bu organlar ushbu Kodeksga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatni bekor qilishni yoki unga zarur oʻzgartishlar kiritishni rad etgan taqdirda, bu hujjat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
3-modda. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining vaqt boʻyicha amal qilishi
Soliq solish soliq majburiyatlari yuzaga kelgan paytda amalda boʻlgan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni bekor qiladigan yoki yengillashtiradigan soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni bekor qilish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarini kamaytirish, soliq toʻlovchilarning majburiyatlarini bekor qilishni yoki ularning ahvolini boshqacha tarzda yengillashtirishni nazarda tutuvchi soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega boʻlishi mumkin, agar bu soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boʻlsa, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Yangi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar belgilanishini, imtiyozlar toʻliq yoki qisman bekor qilinishini, soliq solinadigan baza oshirilishini nazarda tutuvchi soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ular rasmiy eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran kamida uch oy oʻtgach, amalga kiritiladi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning stavkalari oʻzgartirilishini nazarda tutuvchi soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, agar ularda kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, ular rasmiy eʼlon qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlarida koʻrsatilmagan soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, agar bu hujjatlarning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
4-modda. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
5-modda. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining prinsiplari
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari soliq solishning majburiyligi, aniqligi, adolatliligi, soliq tizimining yagonaligi, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining oshkoraligi va soliq toʻlovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining qoidalari ushbu Kodeksda belgilangan prinsiplarga zid boʻlishi mumkin emas.
6-modda. Soliq solishning majburiyligi prinsipi
Har bir shaxs ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashi shart.
Hech kimning zimmasiga ushbu Kodeksda nazarda tutilmagan yoki uning normalari buzilgan holda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati yuklatilishi mumkin emas.
7-modda. Soliq solishning aniqligi prinsipi
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar aniq boʻlishi kerak. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari har bir soliq toʻlovchi qaysi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni, qachon, qancha miqdorda hamda qay tartibda toʻlashi kerakligini aniq biladigan tarzda ifodalangan boʻlishi kerak.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni belgilashda, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchilar, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning elementlari aniqlangan boʻlishi kerak.
8-modda. Soliq solishning adolatliligi prinsipi
Soliq solish umumiydir.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlarni belgilash ijtimoiy adolat prinsiplariga mos boʻlishi kerak. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha yakka tartibdagi xususiyatga ega boʻlgan imtiyozlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar kamsitish xususiyatiga ega boʻlishi mumkin emas hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qoʻllanilishi mumkin emas.
9-modda. Soliq tizimining yagonaligi prinsipi
Soliq tizimi Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha soliq toʻlovchilarga nisbatan yagonadir.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududi doirasida tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) yoki moliyaviy mablagʻlarning erkin muomalada boʻlishini bevosita yoki bilvosita cheklab qoʻyadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
10-modda. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining oshkoraligi prinsipi
Soliq solish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda eʼlon qilinishi shart. Barchaning eʼtibori uchun rasmiy eʼlon qilinmagan normativ-huquqiy hujjatlar kuchga kiritilmagan hujjat sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi va soliq sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga, ulardagi koʻrsatmalar bajarilmaganligi uchun biron bir sanksiyani qoʻllashga asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emas.
11-modda. Soliq toʻlovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipi
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagi bartaraf etib boʻlmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq toʻlovchining foydasiga talqin qilinadi.
2-bob. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar
12-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar
Soliqlar deganda ushbu Kodeksda belgilangan, muayyan miqdorlarda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va begʻaraz xususiyatga ega boʻlgan, budjetga yoʻnaltiriladigan majburiy pul toʻlovlari tushuniladi.
Boshqa majburiy toʻlovlar deganda ushbu Kodeksda belgilangan davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy pul toʻlovlari, bojxona toʻlovlari, shuningdek vakolatli organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan yuridik ahamiyatga molik harakatlarni toʻlovchilarga nisbatan amalga oshirish uchun, shu jumladan muayyan huquqlarni yoki litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni berish uchun toʻlanishi lozim boʻlgan yigʻimlar, davlat boji tushuniladi.
13-modda. Soliq toʻlovchilar. Soliq agentlari. Soliq toʻlovchining vakillari
Soliq toʻlovchilar ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati yuklatilgan jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar va ularning alohida boʻlinmalaridir.
Soliq agentlari ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish, soliq toʻlovchidan ushlab qolish hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazish majburiyati yuklatilgan shaxslardir.
Soliq toʻlovchining vakillari qonunga yoki taʼsis hujjatiga muvofiq soliq toʻlovchining vakili boʻlishga vakolatli shaxslardir.
Ushbu Kodeksda “soliq toʻlovchi” tushunchasining qoʻllanilishi uning “soliq agenti”, “soliq toʻlovchining vakili” maʼnosida ham ishlatilishini nazarda tutadi.
14-modda. Vakolatli organlar
Vakolatli organlar quyidagilardir:
1) davlat soliq xizmati organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, shuningdek tumanlar, shaharlar va shahardagi tumanlar davlat soliq inspeksiyalari;
2) bojxona organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, bojxona komplekslari va bojxona postlari;
3) moliya organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari, tuman va shahar hokimliklarining moliya boʻlimlari;
4) boshqa majburiy toʻlovlarni undirish vazifasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlari.
15-modda. Soliq munosabatlarining subyektlari
Soliq toʻlovchilar va vakolatli organlar soliq munosabatlarining subyektlaridir.
16-modda. Yuridik va jismoniy shaxslar
Yuridik shaxs deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan, oʻz mulkida, xoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega boʻlgan hamda oʻz majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, mustaqil balansiga yoki smetasiga ega boʻlgan, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻla oladigan hamda ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda daʼvogar va javobgar boʻla oladigan tashkilot;
chet davlatning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan chet el tashkiloti;
Oʻzbekiston Respublikasining, chet davlatning qonun hujjatlariga yoki xalqaro shartnomaga muvofiq tashkil etilgan xalqaro tashkilot.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet davlatlar fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar jismoniy shaxslar deb eʼtirof etiladi.
17-modda. Notijorat tashkilotlari
Notijorat tashkilotlari deganda foyda olishni faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan va olingan daromadlarni oʻz qatnashchilari (aʼzolari) oʻrtasida taqsimlamaydigan yuridik shaxslar tushuniladi.
Notijorat tashkilotlariga budjet tashkilotlari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tashkilotlar kiradi.
18-modda. Yakka tartibdagi tadbirkor
Yakka tartibdagi tadbirkor tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda, mustaqil ravishda, oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mol-mulk negizida, shuningdek mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yoʻl qoʻyadigan oʻzga ashyoviy huquq asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxsdir.
Yakka tartibdagi tadbirkor Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda xodimlarni yollashga haqli.
19-modda. Rezidentlar va norezidentlar
Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtgan yuridik shaxs;
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki joriy soliq davrida yakunlanayotgan har qanday ketma-ketlikdagi oʻn ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat Oʻzbekiston Respublikasida turgan jismoniy shaxs.
Chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning quyidagilar sifatida turgan davri uning Oʻzbekiston Respublikasi hududida haqiqatda turgan vaqtiga kiritilmaydi:
1) diplomatik yoki konsullik maqomiga ega boʻlgan shaxs sifatida;
2) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga koʻra tuzilgan xalqaro tashkilotning xodimi sifatida;
3) ushbu qismning 1-bandida koʻrsatilgan shaxslarning oila aʼzosi sifatida, bunday jismoniy shaxs tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmagan taqdirda;
4) faqat bir chet davlatdan boshqa chet davlatga Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali oʻtish (tranzit oʻtish) uchun;
5) agar bu jismoniy shaxs Oʻzbekiston Respublikasida faqat turist sifatida, davolanish yoki dam olish maqsadlari bilan turgan boʻlsa.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan mezonlarga javob bermaydigan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti deb eʼtirof etiladi.
20-modda. Doimiy muassasa
Norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi deganda norezident Oʻzbekiston Respublikasi hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan, shu jumladan faoliyatni vakolatli shaxs orqali amalga oshirayotgan har qanday joy eʼtirof etiladi. Norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi deganda Oʻzbekiston Respublikasi hududida har qanday ketma-ketlikdagi oʻn ikki oylik davr ichida bir yuz sakson uch kalendar kunidan ortiq davom etadigan tadbirkorlik faoliyatining amalga oshirilishi ham eʼtirof etiladi.
“Doimiy muassasa” tushunchasi faqat soliq sohasidagi maqomni aniqlash uchun qoʻllaniladi va tashkiliy-huquqiy ahamiyatga ega emas.
“Doimiy muassasa” tushunchasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
1) tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, butlash, qadoqlash, oʻrash-joylash, realizatsiya qilish bilan bogʻliq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni;
2) har qanday boshqaruv joyi, vakolatxona, filial, boʻlim, byuro, idora, ofis, xona, agentlik, fabrika, ustaxona, sex, laboratoriya, doʻkon, omborni;
3) tabiiy resurslarni qazib olish bilan bogʻliq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni: shaxta, kon, neft va (yoki) gaz qudugʻini, karyerni;
4) quvur, gaz quvuri, tabiiy resurslarni qidirish va (yoki) ishlatish, asbob-uskunalarni oʻrnatish, montaj qilish, yigʻish, sozlash, ishga tushirish va (yoki) ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat (shu jumladan nazorat yoki kuzatuv faoliyati) amalga oshiriladigan har qanday joyni;
5) oʻyin avtomatlari (shu jumladan pristavkalar), kompyuter tarmoqlari va aloqa kanallari, attraksionlar, transport yoki boshqa infratuzilmadan foydalanish bilan bogʻliq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni;
6) qurilish maydonini (qurilish, montaj qilish yoki yigʻish obyektini), shuningdek ushbu obyektlarda ishlarning bajarilishini kuzatib borish bilan bogʻliq xizmatlarni. Har bir qurilish maydoni ishlar boshlangan kundan eʼtiboran alohida doimiy muassasani tashkil etuvchi sifatida qaraladi. Agar yordamchi pudratchilar Oʻzbekiston Respublikasining boshqa norezidentlari boʻlsa, ularning faoliyati ham shu qurilish maydonida ishlar boshlangan kundan eʼtiboran yordamchi pudratchilarning alohida doimiy muassasasi sifatida qaraladi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti bilan shartnoma munosabatlari asosida Oʻzbekiston Respublikasida uning manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining ushbu norezidenti nomidan faoliyat koʻrsatuvchi, Oʻzbekiston Respublikasining shu norezidenti nomidan kontraktlar tuzish vakolatiga ega boʻlgan va undan muntazam foydalanuvchi shaxs orqali faoliyatni amalga oshirishni;
8) Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan va Oʻzbekiston Respublikasining norezidentiga tegishli boʻlgan, u tomonidan ijaraga olinayotgan yoki boshqacha tarzda foydalanilayotgan omborlardan (shu jumladan bojxona omborlaridan) tovarlarni realizatsiya qilishni;
9) boshqa ishlarni amalga oshirishni, oʻzga xizmatlar koʻrsatishni, boshqa faoliyatni olib borishni, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan faoliyat bundan mustasno.
Yoʻllar qurilishi yoki foydali qazilmalarni qidirish kabi muayyan hollarda, yaʼni faoliyat olib boriladigan joy muntazam oʻzgarib turadigan hollarda, doimiy joyni belgilashning boshqa mezonlaridan foydalaniladi. Bunday hollarda butun loyiha uning koʻchma xususiyatidan qatʼi nazar, doimiy muassasa sifatida qaraladi.
“Doimiy muassasa” tushunchasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
1) tayyorgarlik va yordamchi xususiyatga ega boʻlgan faoliyatni amalga oshirishni, ular jumlasiga, xususan, quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentiga tegishli tovarlarni realizatsiya qilish boshlanguniga qadar binolardan faqat mazkur tovarlarni saqlash, namoyish etish va (yoki) yetkazib berish maqsadlarida foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentiga tegishli tovarlar zaxiralarini tovarlar realizatsiya qilinguniga qadar mazkur zaxiralarni faqat saqlash, namoyish etish va (yoki) yetkazib berish maqsadida saqlab turish;
doimiy faoliyat joyini faqat Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan tovarlarni xarid qilish maqsadlari uchun saqlab turish;
doimiy faoliyat joyini faqat axborot toʻplash, ularga ishlov berish va (yoki) tarqatish (sotish huquqisiz), Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining tovarlari (ishlari, xizmatlari) marketingini olib borish, ularni reklama qilish yoki ularning bozorini oʻrganish uchun, agar bunday faoliyat norezidentning asosiy faoliyati boʻlmasa, saqlab turish;
doimiy faoliyat joyini faqat ushbu bandda sanab oʻtilgan faoliyat turlarining har qanday kombinatsiyasini amalga oshirish uchun, bunday kombinatsiya natijasida vujudga kelgan faoliyat majmui tayyorgarlik yoki yordamchi xususiyatga ega boʻlishi sharti bilan saqlab turish;
2) mustaqil vositachi: broker, vositachi, ishonchli vakil, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi yoki vositachilik, topshiriq shartnomasi yoki shunga oʻxshash boshqa shartnoma asosida faoliyat koʻrsatuvchi va Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti nomidan kontraktlarga imzo qoʻyish vakolati berilmagan har qanday boshqa shaxs orqali faoliyatni amalga oshirishni. Mustaqil vositachi deganda oʻzining odatiy (asosiy) faoliyati doirasida ish olib boradigan hamda Oʻzbekiston Respublikasining norezidentidan yuridik va iqtisodiy jihatdan mustaqil boʻlgan shaxs tushuniladi;
3) tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish yoki Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish operatsiyalarini, shu jumladan faqat Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti nomidan tuziladigan va Oʻzbekiston Respublikasida tovarlarni xarid qilish, shuningdek tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasiga eksport qilish boʻyicha operatsiyalar bilan bogʻliq tashqi savdo kontraktlari doirasida operatsiyalarni amalga oshirishni;
4) Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan qimmatli qogʻozlarga, yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi boshqa mol-mulkka egalik qilishni. Agar Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti bunday yuridik shaxs zimmasiga vakillik vazifalarini ham yuklasa, ushbu qismning 1-bandiga muvofiq tayyorgarlik yoki yordamchi xususiyatga ega boʻlgan vazifalar bundan mustasno, bunday yuridik shaxs mustaqil soliq toʻlovchi boʻlishi bilan birga bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi sifatida ham qaraladi;
5) ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan doimiy muassasaning belgilari mavjud boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentiga yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa norezidentiga xodimlar ajratishni, agar bunday xodimlar faqat ular oʻzlari yuborilgan tashkilot nomidan va uning manfaatlarini koʻzlab ish koʻrsalar.
Ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish boshlangan kunni qatʼiy belgilash mumkin boʻlsa, doimiy muassasa shu kunda tashkil etilgan deb hisoblanadi. Agar bunday kunni qatʼiy belgilash mumkin boʻlmasa, quyida keltirilayotgan kunlardan biri doimiy muassasa tashkil etilgan kun deb hisoblanadi:
ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish boshlanadigan, kontraktda koʻrsatilgan kun;
agar litsenziya muayyan kontrakt boʻyicha biron bir ishni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish maqsadida olingan boʻlsa, litsenziyaning amal qilishi boshlanadigan kun.
Ushbu modda oltinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan harakatlardan eng oldingisi sodir etilganda, doimiy muassasa tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Qurilish maydoni (qurilish, montaj qilish yoki yigʻish obyekti) pudratchiga maydonni topshirish toʻgʻrisidagi dalolatnoma imzolangan paytdan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasini tashkil etadi.
Doimiy muassasa shu muassasa orqali olib borilayotgan faoliyat tugatilgan paytdan eʼtiboran tugatilgan hisoblanadi. Agar mazkur paytni qatʼiy aniqlab boʻlmasa, quyida keltirilayotgan kunlarning eng keyingisi doimiy muassasaning faoliyati tugatilgan kun deb hisoblanadi:
bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar dalolatnomasi imzolangan kun;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi tomonidan bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlarga haq toʻlash uchun oxirgi hisobvaraq berilgan kun;
yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining yakuniy hisob-kitobi Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlariga amalda taqdim etilgan kun.
21-modda. Moliyaviy ijara
Moliyaviy ijara mol-mulkni (moliyaviy ijara obyektini) egalik qilish va foydalanishga oʻn ikki oydan ortiq muddatga shartnoma boʻyicha topshirishda vujudga keladigan ijara munosabatlaridir. Bunda moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara obyekti ijara oluvchining mulkiga oʻtsa;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara obyekti xizmat muddatining 80 foizidan ortiq boʻlsa yoki moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijara shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining 20 foizidan kam boʻlsa;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijaraga oluvchi moliyaviy ijara obyektini shu huquqni amalga oshirish sanasidagi bozor qiymatidan past narx boʻyicha sotib olish huquqiga ega boʻlsa;
moliyaviy ijara shartnomasining amal qilishi davrida ijara toʻlovlarining joriy diskontlangan qiymati moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijaraga topshirish paytidagi joriy qiymatining 90 foizidan oshib ketsa. Joriy diskontlangan qiymat buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
22-modda. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar
Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar:
asosiy ish joyi — ish beruvchi mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq xodimning mehnat daftarchasini yuritishi shart boʻlgan ish joyi;
asosiy faoliyat turi — yuridik shaxsning hisobot davri yakunlari boʻyicha umumiy realizatsiya qilish hajmidagi sof tushum ulushi ustunlik qiladigan faoliyati;
birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot — birgalikdagi faoliyat natijasi boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar);
budjetdan ajratiladigan subsidiya — davlat tomonidan muayyan maqsadlar uchun budjet hisobidan beriladigan pul mablagʻlari; soliq toʻlovchiga muayyan maqsadlarga yoʻnaltirish sharti bilan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha berilgan imtiyozlar hisobiga boʻshaydigan mablagʻlar;
grant — davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumatga qarashli tashkilotlar tomonidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydigan roʻyxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga begʻaraz asosda beriladigan mol-mulk, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga begʻaraz asosda beriladigan mol-mulk;
dividendlar — aksiyalar boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan daromad; yuridik shaxs tomonidan uning muassislari oʻrtasida (ishtirokchilari, aʼzolari oʻrtasida ularning ulushlari, paylari, hissalari boʻyicha) taqsimlanadigan sof foydaning va (yoki) oʻtgan yillardagi taqsimlanmagan foydaning bir qismi; yuridik shaxs tugatilganda mol-mulkni taqsimlashdan olingan, shuningdek muassis (ishtirokchi, aʼzo) tomonidan yuridik shaxsda ishtirok etish ulushini (payini, hissasini) olgandagi daromadlar, bundan muassis (ishtirokchi, aʼzo) ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida kiritgan mol-mulkning qiymati chegiriladi, taqsimlanmagan foyda ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish uchun yoʻnaltirilgan taqdirda, yuridik shaxs aksiyadorining, muassisining (ishtirokchisining, aʼzosining) qoʻshimcha aksiyalar qiymati, ulush (pay, hissa) qiymatining oshishi tarzida olingan daromadlari;
ijara (lizing) toʻlovi — ijarachi (lizing oluvchi) tuzilgan ijara (lizing) shartnomasi asosida ijaraga beruvchiga (lizing beruvchiga) toʻlaydigan summa;
ijaraga beruvchining (lizing beruvchining) foizli daromadi — buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan ijara (lizing) toʻlovi summasi bilan ijara (lizing) obyektining qiymatini qoplash summasi oʻrtasidagi farq koʻrinishidagi ijara (lizing) toʻlovining bir qismi;
insonparvarlik yordami — aholining ijtimoiy jihatdan nochor guruhlariga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish, ijtimoiy soha muassasalarini qoʻllab-quvvatlash, tabiiy ofatlar, falokatlar va halokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun aniq maqsadli begʻaraz koʻmaklashish. Insonparvarlik yordami dori vositalari va tibbiy ahamiyatga molik buyumlar, xalq isteʼmoli tovarlari, boshqa tovarlar, shu jumladan asbob-uskunalar, transport va texnika, shuningdek ixtiyoriy ravishdagi xayr-ehsonlar, bajarilgan ishlar va xizmatlar, shu jumladan insonparvarlik yordami yuklarini tashish, kuzatib borish va saqlash tariqasida beriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan vakolatli tashkilotlar orqali taqsimlanadi;
ishlarni (xizmatlarni) eksport qilish — ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) joyidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan chet davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi uchun ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish;
kredit tashkilotlari — tegishli litsenziyaga ega boʻlgan banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va boshqa kredit tashkilotlari;
kurs boʻyicha farq — milliy valyutaga nisbatan chet el valyutasi kursining oʻzgarishi munosabati bilan chet el valyutasida amalga oshirilgan operatsiyalarda vujudga keladigan (ijobiy, salbiy) farq;
mikrofirmalar va kichik korxonalar — belgilangan mezonga xodimlarining soni boʻyicha mos keladigan yuridik shaxslar;
mol-mulk — egalik qilish, foydalanish, tasarruf etish obyektlari boʻla oladigan moddiy obyektlar, shu jumladan pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, ulushlar (paylar, hissalar) hamda nomoddiy obyektlar;
oila aʼzolari — er (xotin), ota-onalar yoki farzandlikka oluvchilar va bolalar, shu jumladan farzandlikka olinganlar;
operativ ijara — moliyaviy ijara shartnomasi boʻlmagan mulkiy ijara (ijaraga berish) shartnomasi asosida mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanishga berish;
realizatsiya qilish — sotish, ayirboshlash, begʻaraz berish maqsadida tovarlarni joʻnatish (topshirish), ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish, shuningdek garovga qoʻyilgan tovarlarga boʻlgan mulk huquqini garovga qoʻyuvchi tomonidan garovga oluvchiga topshirish. Hisobvaraq-fakturalar, ishlar bajarilganligi yoki xizmatlar koʻrsatilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalar, tovarlar joʻnatilganligini (topshirilganligini), ishlar bajarilganligini, xizmatlar koʻrsatilganligini tasdiqlovchi kvitansiyalar, cheklar va boshqa hujjatlar realizatsiya qilganlikni tasdiqlovchi hujjatlardir;
royalti — quyidagilar uchun har qanday turdagi toʻlovlar:
fan, adabiyot va sanʼat asarlaridan, shu jumladan elektron-hisoblash mashinalari uchun dasturlar, audiovizual asarlardan hamda turdosh huquqlar obyektlaridan, jumladan ijrolar va fonogrammalardan foydalanganlik yoxud ulardan foydalanish huquqini berganlik uchun;
sanoat mulki obyektiga, tovar belgisiga (xizmat koʻrsatish belgisiga), savdo markasiga, dizayn yoki modelga, rejaga, maxfiy formula yoki jarayonga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi patentdan (guvohnomadan) yoxud sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga taalluqli axborotdan (nou-xaudan) foydalanganlik uchun;
savdo faoliyati — qayta sotish maqsadida olingan tovarlarni sotishga doir faoliyat;
soliq monitoringi — soliq nazoratining insofli soliq toʻlovchilariga soliq solishning joriy masalalarini hal qilishda har tomonlama koʻmaklashgan holda, davlat soliq xizmati organlari va insofli soliq toʻlovchilar oʻrtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi shakli;
soliq solishning soddalashtirilgan tartibi — soliq solishning ayrim toifadagi soliq toʻlovchilar uchun belgilanadigan hamda ayrim turdagi soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlashning, shuningdek ular yuzasidan soliq hisobotini taqdim etishning maxsus qoidalari qoʻllanilishini nazarda tutuvchi alohida tartibi;
soliq qarzi — soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarz summasi, shu jumladan ushbu Kodeksda belgilangan muddatida toʻlanmagan moliyaviy sanksiyalar;
sof tushum — tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxida hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi summalarini kiritmagan holda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum;
sof foyda — soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin yuridik shaxs ixtiyorida qoladigan foyda;
tannarx — mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatishda foydalaniladigan moddiy resurslarning, asosiy fondlarning, mehnat resurslarining, shuningdek tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish jarayonini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa turdagi xarajatlarning qiymat bahosi. Tannarx buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi;
tovar oboroti — muayyan davr ichida savdo faoliyatini amalga oshirish chogʻida tovarlarni sotishdan olingan (olinishi lozim boʻlgan), pulda ifodalangan mablagʻlar;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum — realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun olingan (olinishi lozim boʻlgan) mablagʻlar summasi, shu jumladan realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq toʻlash yoki qarzni uzish hisobiga tushadigan mol-mulk qiymati;
tovarlarni eksport qilish — Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tovarlarni, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qayta olib kirish majburiyatisiz olib chiqish;
toʻlov manbai — soliq toʻlovchiga toʻlovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
umidsiz qarz — sud qaroriga binoan majburiyatlarning tugatilishi, qarzdorning bankrotligi, tugatilishi yoki vafot etishi oqibatida yoxud daʼvo qilish muddati oʻtishi oqibatida uzish mumkin boʻlmagan qarz;
favqulodda holatlar — taraflarning xohish-irodasi va harakatlariga bogʻliq boʻlmagan, tabiat hodisalari (zilzila, koʻchkilar, boʻron, qurgʻoqchilik va boshqalar), boshqa tabiiy ofatlar yoki ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar (urush holati, qamal holati, davlat manfaatlarini koʻzlab importni hamda eksportni taqiqlash va boshqalar) keltirib chiqargan muayyan sharoitlardagi favqulodda, oldini olib boʻlmaydigan va kutilmagan holatlar boʻlib, qabul qilingan majburiyatlar shular tufayli bajarila olmaydi;
foizlar — har qanday turdagi qarz talablaridan olingan daromad, shu jumladan obligatsiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar, shuningdek depozit qoʻyilmalar va boshqa qarz majburiyatlaridan olingan daromad;
yutuq — lotereyalar, oʻyinlar, tanlovlar, musobaqalar (olimpiadalar), festivallar va shu kabi boshqa tadbirlarda olingan, natura holida yoki pulda ifodalangan toʻlovlar, sovrinlar va boshqa daromadlar;
yaqin qarindoshlar — er, xotin, ota-ona, bolalar, tugʻishgan hamda oʻgay aka-uka va opa-singillar, bobolar, buvilar, nevaralar;
Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestri — soliq toʻlovchilarga oid davlat maʼlumotlar bazasi tizimi;
qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallar — buyurtmachiga tegishli xom ashyo va materiallar boʻlib, buyurtmachi ularni mahsulot ishlab chiqarish uchun boshqa shaxsga sanoat asosida qayta ishlashga beradi hamda tuzilgan shartnomaga muvofiq mahsulot keyinchalik buyurtmachiga qaytariladi;
hujjat bilan tasdiqlangan xarajatlar — operatsiya sanasini, summasini, xususiyatini aniqlash va uning ishtirokchilarini identifikatsiya qilish imkonini beradigan hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlar.
221-modda. Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti
Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan, soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlarining soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻzaro munosabatlarni elektron tarzda amalga oshirishni taʼminlaydigan axborot resursidir.
Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar soliq toʻlovchining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali uning yozma arizasi, shu jumladan axborot tizimi orqali yuborilgan elektron shakldagi arizasi asosida amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti mavjud boʻlmagan taqdirda, soliq toʻlovchi va davlat soliq xizmati organi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Agar davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga elektron hujjat yuborilganda soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti amal qilishi toʻxtatib turilganligi toʻgʻrisida yoki elektron raqamli imzo kaliti sertifikati bekor qilinganligi haqida maʼlumot olingan boʻlsa, ushbu hujjat soliq toʻlovchiga mazkur maʼlumotlar olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida qogʻozda joʻnatiladi.
222-modda. Yirik soliq toʻlovchilar
Yirik soliq toʻlovchilar — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan mezonlardan kelib chiqqan holda, soliq maʼmuriyatchiligiga mansub boʻladigan ayrim toifadagi yuridik shaxslardir. Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha mezonlar soliq toʻlovchilarga soliq solish tartibini tanlash yoki oʻzgartirish huquqini bermaydi.
Yirik soliq toʻlovchilar jumlasiga kiritilgan yuridik shaxslar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida bu haqda hisobga qoʻyilgan joy boʻyicha yozma ravishda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
3-bob. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar tizimi
23-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning turlari
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar amal qiladi.
Soliqlarga quyidagilar kiradi:
1) yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi;
2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
3) qoʻshilgan qiymat soligʻi;
4) aksiz soligʻi;
5) yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus toʻlovlar;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
7) mol-mulk soligʻi;
8) yer soligʻi;
Boshqa majburiy toʻlovlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar:
yagona ijtimoiy toʻlov;
avtotransport yigʻimlari.
2) davlat boji;
3) bojxona toʻlovlari;
4) ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni koʻrsatish huquqi uchun yigʻim.
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar umumbelgilangan soliqlardir.
Ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda soliq solishning soddalashtirilgan tartibida toʻlanadigan quyidagi soliqlar qoʻllanilishi mumkin:
yagona soliq toʻlovi;
yagona yer soligʻi;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq.
Ushbu modda ikkinchi qismining 1 — 3-bandlarida, uchinchi qismining 1 — 3-bandlarida, beshinchi qismining ikkinchi va toʻrtinchi xatboshlarida nazarda tutilgan soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy toʻlovlardir. Ushbu modda ikkinchi qismining 7 va 8-bandlarida, uchinchi qismining 4-bandida, beshinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar jumlasiga kiradi.
Davlat umummilliy dasturlarini amalga oshirish davrida tegishli jamgʻarmalar tashkil etilishi mumkin boʻlib, ularga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda majburiy toʻlovlar belgilanadi.
24-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning elementlari
Soliq yoki boshqa majburiy toʻlov soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida soliq toʻlovchilar, shuningdek ushbu soliq yoki boshqa majburiy toʻlovni hisoblab chiqarish va toʻlash uchun zarur elementlar belgilab qoʻyilgan taqdirdagina belgilangan deb hisoblanadi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning elementlari quyidagilardir:
soliq solish obyekti;
soliq solinadigan baza;
stavka;
hisoblab chiqarish tartibi;
soliq davri;
soliq hisobotini taqdim etish tartibi;
toʻlash tartibi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq yoki boshqa majburiy toʻlov belgilanayotganda soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida soliq imtiyozlari, shuningdek ularning soliq toʻlovchi tomonidan qoʻllanilishi uchun asoslar nazarda tutilishi mumkin.
Soliq toʻlovchilar, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning elementlari har bir soliq yoki boshqa majburiy toʻlovga tatbiqan belgilanadi.
25-modda. Soliq solish obyekti
Soliq solish obyekti soliq toʻlovchida soliq yoki boshqa majburiy toʻlov hisoblab chiqarilishi va (yoki) toʻlanishi yuzasidan majburiyat keltirib chiqaruvchi mol-mulk, harakat, harakat natijasidir.
26-modda. Soliq solinadigan baza
Soliq solinadigan baza soliq solish obyektining soliq yoki boshqa majburiy toʻlovning stavkasi tatbiqan belgilangan koʻrsatkichlardagi qiymat, miqdor, fizik va boshqa tavsiflarini ifodalaydi.
27-modda. Stavka
Stavka soliq solinadigan bazaning oʻlchov birligiga nisbatan hisoblanadigan foizlardagi yoki mutlaq summadagi miqdorni ifodalaydi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning stavkalari, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
28-modda. Hisoblab chiqarish tartibi
Soliq va boshqa majburiy toʻlovni hisoblab chiqarish tartibi soliq davri uchun soliq solinadigan bazadan, stavkadan, shuningdek imtiyozlar mavjud boʻlsa, shu imtiyozlardan kelib chiqib, soliq va boshqa majburiy toʻlov summasini hisoblash qoidalarini belgilaydi.
Soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq va boshqa majburiy toʻlovni hisoblab chiqarish majburiyati davlat soliq xizmati organi yoki soliq agenti zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ayrim turdagi soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarishda ularning toʻlanishi lozim boʻlgan eng kam miqdori belgilanadi.
29-modda. Soliq davri
Soliq davri u tugaganidan keyin soliq solinadigan baza aniqlanadigan hamda soliq yoki boshqa majburiy toʻlov summasi hisoblab chiqariladigan davrdir.
Soliq davri bir necha hisobot davriga boʻlinishi mumkin boʻlib, ularning yakunlari boʻyicha hisob-kitoblarni taqdim etish hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻlanishi lozim boʻlgan summalarini toʻlash majburiyati yuzaga keladi.
Joriy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha majburiyat yuzaga kelgan davr hisobot davri boʻlmaydi.
30-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar
Ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan, boshqa soliq toʻlovchilarga nisbatan ayrim toifadagi soliq toʻlovchilarga beriladigan afzalliklar, shu jumladan soliq va (yoki) boshqa majburiy toʻlov toʻlamaslik yoxud ularni kamroq miqdorda toʻlash imkoniyati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar deb eʼtirof etiladi.
Mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, yagona yer soligʻi boʻyicha imtiyozlarni berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Soliq toʻlovchi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlardan tegishli huquqiy asoslar vujudga kelgan paytdan eʼtiboran ular amal qiladigan butun davr mobaynida foydalanishga haqli.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar boʻshagan mablagʻlarni muayyan maqsadlarga yoʻnaltirish sharti bilan berilishi mumkin. Bunday mablagʻlardan belgilanmagan maqsadda foydalanilgan taqdirda, belgilanmagan maqsadda foydalanilgan summa oʻrnatilgan tartibda penya hisoblangan holda budjetga undirib olinadi. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha berilgan imtiyozlar munosabati bilan boʻshagan hamda ushbu imtiyozlarning amal qilish muddati ichida foydalanilmagan mablagʻlarning summasi imtiyozlar berilayotgan chogʻda belgilangan maqsadlarga mazkur imtiyozlarning amal qilish muddati tugaganidan keyin bir yil mobaynida yoʻnaltirilishi mumkin. Bunda koʻrsatilgan muddatda foydalanilmagan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari hamda “Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining nazorat funksiyalarini amalga oshirish uchun koʻrsatiladigan xizmatlar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan ozod qilinadi, bundan yagona ijtimoiy toʻlov mustasno.
4-bob. Soliq munosabatlari subyektlarining huquq va majburiyatlari
31-modda. Soliq toʻlovchilarning huquqlari
Soliq toʻlovchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlardan amaldagi soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar haqida axborot olish;
oʻz soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan davlat soliq xizmati organlari hamda boshqa vakolatli organlardagi mavjud maʼlumotlarni olish;
soliq munosabatlari masalalari yuzasidan oʻz manfaatlarini shaxsan yoki oʻz vakili orqali ifoda etish;
ushbu Kodeksda, boshqa qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilab qoʻyilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda hamda tartibda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlardan foydalanish;
soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar, penya va jarimalarning ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan summalarini hisobga olish yoki qaytarib olish;
ushbu Kodeksda hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan shartlarda va tartibda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash;
soliq solish obyektini hisobga olishda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlashda oʻzlari yoʻl qoʻygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;
soliq tekshiruvlari materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomalarini olish;
soliq tekshiruvlarini amalga oshirayotgan davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini bajarishga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;
davlat soliq xizmati organlarining, boshqa vakolatli organlar va ular mansabdor shaxslarining ushbu Kodeksga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq boʻlmagan hujjatlari hamda talablarini bajarmaslik;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish.
Soliq toʻlovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Soliq toʻlovchining soliq munosabatlarida shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega boʻlish huquqidan mahrum etmaydi, xuddi shuningdek vakilning ishtirok etishi soliq toʻlovchini bunday munosabatlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum etmaydi.
Soliq toʻlovchi vakillarining mazkur soliq toʻlovchining soliq munosabatlaridagi ishtiroki munosabati bilan sodir etilgan harakati (harakatsizligi) soliq toʻlovchining harakati (harakatsizligi) deb eʼtirof etiladi.
32-modda. Soliq toʻlovchilarning majburiyatlari
Soliq toʻlovchilar:
oʻz soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi;
qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy va soliq hisobotini tuzishi;
davlat soliq xizmati organlariga va boshqa vakolatli organlarga imtiyozlar olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi;
soliq tekshiruvlari oʻtkazilayotgan vaqtda davlat soliq xizmati organlariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish, toʻlash bilan bogʻliq hujjatlar hamda maʼlumotlarni taqdim etishi;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi, shuningdek mazkur organlarning, ular mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilmasligi shart.
Soliq agentlari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
soliq toʻlovchilarga toʻlanadigan mablagʻlardan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida hisoblab chiqarishi, ushlab qolishi hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazishi;
soliq toʻlovchilarga toʻlangan daromadlarning, ushlab qolingan hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning hisobini yuritishi, shu jumladan har bir soliq toʻlovchi boʻyicha alohida-alohida hisob yuritishi shart.
Qonun hujjatlariga muvofiq soliq toʻlovchilar zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
33-modda. Vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari
Vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari ushbu Kodeks hamda boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
II BOʻLIM. SOLIQ MAJBURIYATINI BAJARISH
5-bob. Soliq majburiyatini bajarishning umumiy qoidalari
34-modda. Soliq majburiyati
Soliq toʻlovchining soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq yuzaga keladigan majburiyati soliq majburiyati deb eʼtirof etiladi.
Soliq majburiyatini bajarish uchun soliq toʻlovchi:
ushbu Kodeksda belgilangan hollarda davlat soliq xizmati organlarida hisobga turishi;
soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlashi hamda ularning hisobini yuritishi;
moliyaviy va soliq hisobotini tuzishi hamda uni davlat soliq xizmati organlariga taqdim etishi;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida hamda toʻliq miqdorda toʻlashi shart.
35-modda. Soliq majburiyatini bajarish tartibi
Soliq majburiyatini bajarish bevosita soliq toʻlovchi tomonidan amalga oshiriladi, ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq soliq majburiyatini bajarish boshqa shaxsga yuklatiladigan hollar bundan mustasno.
Yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari boʻyicha soliq majburiyati mazkur alohida boʻlinmalar tomonidan, agar ularga alohida mol-mulk ajratilgan boʻlsa va ular mustaqil balansga ega boʻlsa, mustaqil ravishda bajariladi.
Mol-mulk ishonchli boshqaruvga topshirilganda boshqaruv muassisi boʻlgan soliq toʻlovchining soliq majburiyati, agar bu majburiyat unga boshqaruv muassisi tomonidan yuklatilgan boʻlsa, ishonchli boshqaruvchi tomonidan bajarilishi mumkin.
Soliq majburiyati bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, soliq toʻlovchiga nisbatan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda uning bajarilishini taʼminlash choralari qoʻllaniladi.
36-modda. Soliq majburiyatini bajarish muddatlari
Soliq majburiyati ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda soliq toʻlovchi tomonidan bajarilishi kerak.
Soliq toʻlovchi soliq majburiyatini muddatidan ilgari bajarishga haqli.
Soliq majburiyatini bajarish muddatlari kalendar sana yoki vaqt davri (yil, yil choragi, oy, oʻn kunlik va kun) oʻtishi bilan belgilanadi.
Muddatning oʻtishi kalendar sanadan yoki muddatning boshlanishi belgilab qoʻyilgan voqea yuz berganidan keyingi kundan boshlanadi. Soliq majburiyati bu majburiyatni bajarish muddatining soʻnggi kuni soat yigirma toʻrtga qadar bajarilishi kerak.
Agar soliq majburiyatini bajarish muddatining soʻnggi kuni dam olish (ishlanmaydigan) kuniga toʻgʻri kelib qolsa, shundan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.
37-modda. Soliq majburiyatining tugatilishi
Jismoniy shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi:
uning vafot etishi bilan;
uni vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi sud qarori qonuniy kuchga kirishi bilan.
Yuridik shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi:
u tugatilganidan keyin;
u qoʻshib olish (qoʻshib olingan yuridik shaxsga nisbatan), qoʻshib yuborish, boʻlish va oʻzgartirish orqali qayta tashkil etilganidan keyin.
38-modda. Soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati
Davlat soliq xizmati organi soliq davri tugaganidan keyin besh yil ichida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblashi yoki ularning hisoblangan summasini qayta koʻrib chiqishi mumkin.
Soliq toʻlovchi soliq davri tugaganidan keyin besh yil ichida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning ortiqcha toʻlangan summalarini hisobga olishni yoki qaytarishni talab qilishga haqli.
Soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddatining oʻtishi fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq toʻxtatib turiladi, uziladi va tiklanadi.
6-bob. Soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlash hamda ularning hisobini yuritish
39-modda. Soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlash hamda ularning hisobi
Soliq va boshqa majburiy toʻlovning har bir turi boʻyicha soliq solish obyekti hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar ushbu Kodeksning Maxsus qismiga muvofiq belgilanadi.
Soliq toʻlovchilarning daromadlari hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun ular boʻyicha tegishli chegirmalar toʻlov toʻlangan vaqt va pul kelib tushgan sanadan qatʼi nazar, ular taalluqli boʻlgan hisobot davrida aks ettiriladi (hisoblab yozish usuli).
Mol-mulkni hisobga olish buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
40-modda. Ayrim hollarda soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlash
Soliq toʻlovchi tomonidan hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini soliq toʻlovchi toʻgʻrisida, shuningdek shunga oʻxshash boshqa soliq toʻlovchilar toʻgʻrisida oʻzlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda hisob-kitob qilish orqali aniqlashi mumkin.
Agar oʻzaro aloqador yuridik shaxslar oʻz tijorat va moliyaviy munosabatlarida oʻzaro aloqador boʻlmagan yuridik shaxslar oʻrtasida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan narxlardan farq qiladigan narxlarni qoʻllasa, soliq solinadigan baza tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish narxlari asosida hisoblab chiqariladigan soliq solish obyektini aniqlashda davlat soliq xizmati organlari oʻzaro aloqador boʻlmagan yuridik shaxslar oʻrtasida qoʻllaniladigan narxlardan foydalanadi.
Oʻzaro aloqador yuridik shaxslar quyidagilardir:
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik shaxslar va ularning chet davlatlar yuridik shaxslari boʻlgan muassislari (ishtirokchilari, aʼzolari);
chet davlatlarning yuridik shaxslari va ularning Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik shaxslar boʻlgan muassislari (ishtirokchilari, aʼzolari);
muassislari (ishtirokchilari, aʼzolari) ayni bir yuridik yoki jismoniy shaxslar boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik shaxslar va chet davlatlarning yuridik shaxslari.
41-modda. Hisob hujjatlari. Hisob hujjatlarini tuzish va saqlash
Hisob hujjatlari soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlash, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun asos boʻlgan birlamchi hujjatlar, buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa hujjatlardan iboratdir.
Hisob hujjatlari qogʻozda va (yoki) elektron shaklda tuziladi hamda ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati tugaguniga qadar saqlanadi.
Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning hisob hujjatlarini saqlash majburiyatlari uning huquqiy vorisi zimmasiga yuklatiladi.
Yuridik shaxs tugatilganda hisob hujjatlari tegishli davlat arxiviga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda topshiriladi.
42-modda. Alohida-alohida hisob va uni yuritish qoidalari
Ushbu Kodeksda soliq solishning turli tartibi nazarda tutilgan faoliyat turlarini amalga oshirayotgan soliq toʻlovchilar soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobini yuritishlari shart.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobi soliq toʻlovchilar tomonidan buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida yuritiladi.
Faoliyatning muayyan turiga taalluqli barcha daromadlar va xarajatlar tegishli hisob hujjatlari bilan tasdiqlanishi kerak.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobi mutanosib usul yoki toʻgʻridan-toʻgʻri hisobga olish usuli orqali yuritilishi mumkin.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobini yuritish usuli yuridik shaxsning butun kalendar yilga moʻljallangan hisob siyosati bilan belgilanadi hamda yil mobaynida oʻzgartirilishi mumkin emas.
Hisobga olishning mutanosib usulida daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq obyektlar realizatsiya qilishdan olingan sof tushumning umumiy summasidagi faoliyatning muayyan turlari boʻyicha realizatsiya qilishdan olingan sof tushum ulushiga mutanosib tarzda shu muayyan faoliyat turiga kiritiladi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri hisobga olish usuli qoʻllanilganda daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq obyektlar faoliyatning qaysi turi amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlsa, shu turga kiritiladi. Bunda faoliyatning biron turiga kiritish mumkin boʻlmagan daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq obyektlar hisobga olishning mutanosib usuli orqali faoliyatning muayyan turiga kiritiladi.
7-bob. Soliq hisoboti
43-modda. Soliq hisoboti tushunchasi
Soliq hisoboti soliq toʻlovchining soliq va boshqa majburiy toʻlovning har bir turi boʻyicha yoki toʻlangan daromadlar boʻyicha hisob-kitoblar hamda soliq deklaratsiyalarini, shuningdek hisob-kitoblarga va soliq deklaratsiyalariga doir ilovalarni oʻz ichiga oladigan hujjati boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklda tuziladi.
44-modda. Soliq hisobotini tuzish
Soliq hisoboti qogʻozda va (yoki) elektron hujjatga doir talablarga rioya etilgan holda elektron hujjat tarzida tuziladi.
Soliq hisoboti soliq toʻlovchi tomonidan imzolanishi kerak, shuningdek agar u tadbirkorlik subyekti boʻlmagan yuridik shaxs boʻlsa, uning muhri bilan tasdiqlanadi. Elektron hujjat tarzida taqdim etilgan soliq hisoboti soliq toʻlovchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Yuridik shaxs — soliq toʻlovchi qayta tashkil etilayotganda yoki tugatilayotganda, har bir qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan soliq toʻlovchiga soliq davri boshlanganidan eʼtiboran qayta tashkil etish yoki tugatish tugallangan kunga qadar boʻlgan davr yuzasidan tegishincha topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoxud tugatish balansi asosida alohida-alohida soliq hisoboti tuziladi. Mazkur hisobot topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoki tugatish balansi tasdiqlangan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida taqdim etiladi. Ushbu qismning qoidalari oʻzgartirish, shuningdek boshqa yuridik shaxsni qoʻshib olish orqali qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs ixtiyoriy tugatilgan taqdirda, unga soliq davri boshlanganidan to yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tugatish tartib-taomili boshlanganligi haqida xabardor qilingan sanagacha boʻlgan muddat uchun alohida soliq hisoboti tuziladi.
Soliq hisobotida koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik soliq toʻlovchining zimmasiga yuklatiladi.
45-modda. Soliq hisobotini taqdim etish tartibi
Soliq hisoboti soliq toʻlovchi tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
Soliq hisoboti soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi. Ayrim turdagi soliqlar boʻyicha soliq hisoboti ham ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda obyektlar boʻyicha hisobga qoʻyilgan joy boʻyicha soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etiladi.
Yirik soliq toʻlovchilar, joylashgan yeridan qatʼi nazar, soliq hisobotini Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etadi.
Jismoniy shaxslar soliq deklaratsiyasini yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etadilar.
Soliq toʻlovchilar, agar ushbu moddaning beshinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq hisobotini oʻz xohishlariga koʻra quyidagicha taqdim etishga haqli:
shaxsan olib borib berish tartibida;
pochta orqali buyurtma xat bilan;
telekommunikatsiya kanallari orqali elektron hujjat tarzida.
Tadbirkorlik subyektlari soliq hisobotini telekommunikatsiya kanallari orqali elektron hujjat tarzida taqdim etadi.
Soliq hisobotini davlat soliq xizmati organiga taqdim etish sanasi quyidagilardir:
soliq hisoboti shaxsan olib borib berish tartibida taqdim etilganda — soliq hisoboti davlat soliq xizmati organi tomonidan qabul qilib olingan sana;
soliq hisoboti pochta orqali buyurtma xat bilan taqdim etilganda — aloqa tashkilotining tamgʻasida koʻrsatilgan, pochta joʻnatmasi joʻnatilgan sana;
soliq hisoboti elektron hujjat tarzida taqdim etilganda — elektron hujjat davlat soliq xizmati organi tomonidan olingan sana.
Davlat soliq xizmati organi shaxsan olib borib berish tartibida taqdim etiladigan soliq hisobotini qabul qilib olishni rad etishga haqli emas hamda soliq toʻlovchining talabiga binoan soliq hisobotining nusxasiga hisobot qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyishi shart.
Soliq hisoboti telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron hujjat tarzida qabul qilib olinganda davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchiga elektron tarzidagi hisobot qabul qilib olinganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma yuborishi shart.
Soliq hisoboti dastlabki tarzda kameral nazorat qilinmasdan va uning mazmuni muhokama etilmasdan qabul qilinadi.
Soliq hisoboti quyidagi hollarda davlat soliq xizmati organiga taqdim etilmagan deb hisoblanadi, agar unda:
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami koʻrsatilmagan yoki notoʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsa;
soliq davri va (yoki) soliq yoki boshqa majburiy toʻlov summasi koʻrsatilmagan boʻlsa;
ushbu Kodeksning 43 va 44-moddalarida soliq hisobotini tuzishga doir belgilangan talablar buzilgan boʻlsa.
Belgilanmagan shakldagi soliq hisoboti taqdim etilganda davlat soliq xizmati organi hisobot olingan kundan eʼtiboran uch kun ichida bu haqda soliq toʻlovchiga yozma bildirish yuboradi va aniq fikr-mulohazalarni koʻrsatgan holda uni maromiga yetkazish uchun qaytaradi.
Kamchiliklari tuzatilgan soliq hisoboti uni taqdim etishning belgilangan muddati tugaguniga qadar taqdim etilgan taqdirda, soliq toʻlovchiga nisbatan javobgarlik choralari qoʻllanilmaydi.
46-modda. Aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish
Davlat soliq xizmati organlariga soliq hisoboti taqdim etilgan davrga taalluqli xatolarni oʻzi mustaqil ravishda aniqlagan soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati ichida oʻsha davr yuzasidan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish huquqiga ega. Mazkur norma davlat soliq xizmati organlari tomonidan moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvi (taftishi) doirasida tekshirish oʻtkazilgan davr uchun soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasining kamayishini nazarda tutuvchi aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etiladigan hollarda qoʻllanilmaydi.
Agar aniqlashtirilgan soliq hisoboti boʻyicha hisoblab chiqarilgan soliq yoki boshqa majburiy toʻlov summasi ilgari taqdim etilgan soliq hisoboti boʻyicha hisoblab chiqarilgan va toʻlangan soliq yoki boshqa majburiy toʻlov summasidan ortiq boʻlsa, tegishli soliq yoki boshqa majburiy toʻlovni toʻlash boʻyicha soliq majburiyatlariga penya hisoblangan holda mazkur tafovut qoʻshiladi.
Agar aniqlashtirilgan soliq hisoboti boʻyicha hisoblab chiqarilgan soliq yoki boshqa majburiy toʻlov summasi ilgari taqdim etilgan soliq hisoboti boʻyicha hisoblab chiqarilgan va toʻlangan soliq yoki boshqa majburiy toʻlov summasidan kam boʻlsa, aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgan kundan eʼtiboran shaxsiy varaqada soliq yoki boshqa majburiy toʻlov summasi tafovut miqdoriga kamaytirilganligi aks ettiriladi. Soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar, penyalarning ortiqcha toʻlangan summasi ushbu Kodeksda belgilangan tartibda hisobga olinadi yoki qaytariladi.
47-modda. Soliq hisobotini saqlash muddati
Soliq hisoboti davlat soliq xizmati organlarida va soliq toʻlovchida ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati mobaynida saqlanadi.
8-bob. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash
48-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati
Soliq toʻlovchining muayyan soliq yoki boshqa majburiy toʻlovni toʻlash, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan holatlar boʻlgan taqdirda, mavjud soliq qarzini uzish majburiyati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati deb hisoblanadi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati soliq toʻlovchining hisobvaragʻida yetarlicha pul mablagʻlari boʻlgan taqdirda, tegishli soliq yoki boshqa majburiy toʻlovni toʻlash uchun bankka toʻlov topshiriqnomasi taqdim etilgan paytdan eʼtiboran, soliq yoki boshqa majburiy toʻlov naqd pul mablagʻlari bilan toʻlanganda esa pul summasi bankka yoki vakolatli organ kassasiga topshirilgan paytdan eʼtiboran bajarilgan deb hisoblanadi. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasi tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarning depozit hisobvaraqlariga oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatlarining koʻchirma nusxalari soliq toʻlovchi tomonidan davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilgan taqdirda ham bajarilgan deb hisoblanadi.
Soliq yoki boshqa majburiy toʻlov summasini oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasi soliq toʻlovchi tomonidan chaqirib olingan yoki bank tomonidan soliq toʻlovchiga qaytarilgan taqdirda, shuningdek agar soliq toʻlovchi bankka toʻlov topshiriqnomasini taqdim etgan paytda bu soliq toʻlovchining hisobvaragʻiga qoʻyilgan, qonun hujjatlariga muvofiq birinchi navbatda bajarilishi lozim boʻlgan, bajarilmagan talablar mavjud boʻlsa hamda soliq toʻlovchi barcha talablarni qanoatlantirish uchun hisobvaraqda yetarlicha pul mablagʻlariga ega boʻlmasa, soliq yoki boshqa majburiy toʻlov toʻlangan deb hisoblanmaydi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati ushbu Kodeksning 10-bobida belgilangan tartibda hisobga olish orqali ham bajarilishi mumkin.
Soliq agentining ushlab qolingan summalarni budjetga yoki davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazishga doir majburiyati ushbu moddaning ikkinchi va toʻrtinchi qismlariga muvofiq bajarilgan deb hisoblanadi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash milliy valyutada, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa chet el valyutasida amalga oshiriladi.
Soliq yoki boshqa majburiy toʻlov summasi soliq toʻlovchi tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda toʻlanadi. Ushbu Kodeksning 9-bobida nazarda tutilgan hollarda soliq toʻlovchiga soliq va (yoki) boshqa majburiy toʻlovni, shuningdek penyani toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilishi mumkin.
Soliq majburiyatining soliq toʻlovchi tomonidan bajarilmaganligi yoki ushbu Kodeksda belgilangan tartib buzilgan holda bajarilganligi unga nisbatan soliq majburiyatining bajarilishini taʼminlash choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.
Soliq solinadigan bazani hisoblab chiqarish davlat soliq xizmati organlari tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilgan hollarda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati davlat soliq organining yozma talabnomasi olingan sanadan eʼtiboran yuzaga keladi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek moliyaviy sanksiyalar budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
asosiy summa;
hisoblangan penya;
jarimalar.
49-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash hisobi
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash hisobi soliq toʻlovchilar tomonidan buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq yuritiladi.
Soliq toʻlovchi davlat soliq xizmati organi bilan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyatlari bajarilishiga doir solishtirma dalolatnoma tuzishni talab qilishga haqli. Davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchiga solishtirma dalolatnoma tuzishni rad etishga haqli emas.
50-modda. Yuridik shaxs tugatilganda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash
Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ixtiyoriy tugatish hollari bundan mustasno, tugatuvchi besh kunlik muddat ichida bu haqda davlat soliq xizmati organiga yozma shaklda maʼlum qiladi. Yuridik shaxsni ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bu haqda davlat soliq xizmati organini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xabardor etadi.
Yuridik shaxs davlat soliq xizmati organiga tugatish balansini taqdim etish bilan bir vaqtda hisobotlarni hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblarni taqdim etishi shart.
Yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyati ushbu yuridik shaxsning pul mablagʻlari, shu jumladan uning mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan pul mablagʻlari hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan navbat tartibida tugatuvchi tomonidan bajariladi.
Yuridik shaxsni tugatish davrida yuzaga keladigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni, shuningdek penya va jarimalarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyati yuzaga kelishiga qarab, ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda hamda tartibda bajariladi.
Tugatilayotgan yuridik shaxsning ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq uzilmagan soliq qarzi umidsiz deb eʼtirof etiladi.
Agar tugatilayotgan yuridik shaxsda ortiqcha toʻlangan soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlar summasi boʻlsa, mazkur summalar ushbu Kodeksning 10-bobida belgilangan tartibda hisobga olinishi yoki qaytarilishi lozim.
Yuridik shaxs iqtisodiy sud tomonidan bankrot deb topilgan taqdirda, tugatishga doir ish yuritishning butun davrida mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, shuningdek avval hisoblangan va undirilmagan soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha penya va jarimalar hisoblash toʻxtatib turiladi.
Iqtisodiy sudning yuridik shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qarori mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, shuningdek avval hisoblangan va undirilmagan soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha penya va jarimalar hisoblashni toʻxtatish uchun asos boʻladi.
Yuridik shaxs bankrotligi toʻgʻrisidagi ishni yuritish tugatilgan va uning toʻlov qobiliyati tiklangan taqdirda, iqtisodiy sudning bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni tugatish haqidagi qarori qabul qilingan sanadan eʼtiboran, ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash amalga oshiriladi.
51-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyati ushbu moddada belgilangan tartibda uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) tomonidan bajariladi.
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyatini bajarish, qayta tashkil etish tugallanguniga qadar huquqiy vorisga (huquqiy vorislarga) qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxs soliq majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi faktlari va (yoki) holatlari maʼlum boʻlganligi yoxud maʼlum boʻlmaganligidan qatʼi nazar, uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) zimmasiga yuklatiladi.
Yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi uning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyatlarining bajarilishi muddatlarini shu yuridik shaxsning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) uchun oʻzgartirmaydi.
Huquqiy vorisni (huquqiy vorislarni), shuningdek huquqiy vorislarning yuridik shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyatlarini bajarishdagi ishtiroki ulushini belgilash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs qayta tashkil etilguniga qadar u ortiqcha toʻlagan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning summalari shu yuridik shaxs huquqiy vorisining (huquqiy vorislarining) shaxsiy kartochkasiga yuridik shaxsni qayta tashkil etish tugallangan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak.
Yuridik shaxsning soliq qarzi yoki u qayta tashkil etilguniga qadar ortiqcha toʻlangan soliq yoki majburiy toʻlov summalarini qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorislari oʻrtasida taqsimlash har bir huquqiy vorisning ulushiga muvofiq amalga oshiriladi.
52-modda. Soliq toʻlovchi vafot etgan, bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan hollarda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash
Vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati uning meros qilingan mol-mulkini qabul qilgan merosxoʻri (merosxoʻrlari) tomonidan, meros qilingan mol-mulkning qiymati doirasida va merosdagi ulushga mutanosib ravishda, meros qabul qilib olingan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmasdan bajariladi. Vafot etgan jismoniy shaxs toʻlashi lozim boʻlgan penya va (yoki) jarimalarni toʻlash majburiyati merosxoʻrga (merosxoʻrlarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyati summasi meros qilingan mol-mulk qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda, vafot etgan jismoniy shaxsning soliq yoki boshqa majburiy toʻlovni toʻlash boʻyicha qarzining qolgan summasi umidsiz qarz deb eʼtirof etiladi.
Merosxoʻr boʻlmagan taqdirda, vafot etgan jismoniy shaxsning soliq qarzi umidsiz qarz hisoblanadi.
Soliq qarziga ega boʻlgan jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, jismoniy shaxs hisobga qoʻyilgan va (yoki) uning mol-mulki turgan joydagi davlat soliq xizmati organi vafot etgan shaxsning merosxoʻri (merosxoʻrlari) toʻgʻrisida axborot olingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida unga (ularga) soliq qarzi borligini maʼlum qilishi shart.
Sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan jismoniy shaxsning soliq qarzi qonun hujjatlariga muvofiq bedarak yoʻqolgan shaxsning mol-mulkini boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan bedarak yoʻqolgan shaxsning mol-mulki hisobidan bajariladi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati uning vasiysi tomonidan muomalaga layoqatsiz shaxsning mol-mulki hisobidan bajariladi.
Belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning mol-mulki yetarli boʻlmagan (yoʻq boʻlgan) taqdirda, uning soliq qarzining koʻrsatilgan mol-mulk qiymatidan ortiq qismi umidsiz qarz deb eʼtirof etiladi.
Jismoniy shaxsning bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligini bekor qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan yoki jismoniy shaxsni muomalaga layoqatli deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ilgari hisobdan chiqarilgan soliq qarzining amal qilishi, daʼvo qilish muddatidan qatʼi nazar, qayta tiklanadi.
Vafot etgan jismoniy shaxsning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini, qatʼiy belgilangan soliqni va yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlash boʻyicha qarzi umidsiz qarz deb eʼtirof etiladi.
53-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻtkazishga doir toʻlov topshiriqnomalarining, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomalarining banklar tomonidan bajarilishi
Banklar soliq toʻlovchining soliqni va (yoki) boshqa majburiy toʻlovni oʻtkazishga doir toʻlov topshiriqnomalarini, shuningdek tegishli vakolatli organning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni qonun hujjatlarida belgilangan navbat tartibida undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomalarini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bajarishi shart.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalarini tegishli budjet yoki davlat maqsadli jamgʻarmasining hisobvaragʻiga kiritish soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalarini oʻtkazish deb eʼtirof etiladi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalarini oʻtkazishga doir toʻlov topshiriqnomasi yoki ularni tegishli budjet yoxud davlat maqsadli jamgʻarmasiga undirish toʻgʻrisidagi tegishli vakolatli organning inkasso topshiriqnomasi, toʻlov topshiriqnomasi yoki inkasso topshiriqnomasi olinganidan keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlari qoidalari bank tomonidan inobatga olingan holda bajariladi. Inkasso topshiriqnomasiga doir bunday operatsiyalar boʻyicha xizmat koʻrsatganlik uchun haq olinmaydi.
Soliq toʻlovchining hisobvaragʻida pul mablagʻlari boʻlgan taqdirda, banklar soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalarini oʻtkazish toʻlov topshiriqnomalarini yoki tegishli vakolatli organning ularni tegishli budjetga yoki davlat maqsadli jamgʻarmalariga undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomalarini bajarishni kechiktirishga haqli emas.
Soliq toʻlovchining hisobvaraqlarida pul mablagʻlari boʻlmagan yoki ular soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini oʻtkazish toʻlov topshiriqnomasini yoki tegishli vakolatli organning ularni tegishli budjetga yoki davlat maqsadli jamgʻarmasiga undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasini bajarish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, bunday topshiriqnomalar mazkur hisobvaraqlarga pul mablagʻlari kelib tushishiga qarab, har bir shunday kelib tushishdan keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay qonun hujjatlarida belgilangan navbat tartibida bajariladi.
Bankning aybi bilan soliq toʻlovchining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini oʻtkazish topshiriqnomasi, tegishli vakolatli organning ularni undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasi bajarilmagan (bajarilishi kechiktirilgan) taqdirda, bankdan har bir kechiktirilgan kun uchun soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻtkazilmagan summasini 0,5 foizi miqdorida belgilangan tartibda penya undiriladi.
9-bob. Coliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash
54-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlashning umumiy shartlari
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash:
soliq majburiyatlarini bajarish muddatlarini oʻzgartirish hisobidan soliq taʼtillari tarzida beriladi va bunda soliq toʻlovchiga toʻlashi kerak boʻlgan tegishli soliq toʻlovlarini maʼlum bir muddat davomida kamaytirish va keyinchalik toʻlash imkoniyati taqdim etiladi;
soliq qarzini bir yoʻla yoki bosqichma-bosqich toʻlagan holda toʻlash muddatini keyinroq muddatga koʻchirish tarzida beriladi.
Soliq taʼtillari:
vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan insofli soliq toʻlovchilarga — soliq taʼtili berish toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran yigirma toʻrt oygacha boʻlgan muddatga beriladi. Insofli soliq toʻlovchilarga oxirgi ikki yil ichida soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq bajarib kelgan soliq toʻlovchilar kiradi;
yagona soliq toʻlovini toʻlovchilarga, bundan savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari mustasno, yagona soliq toʻlovini toʻlash boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtgan paytdan eʼtiboran bir yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.
Soliq qarzini toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash bir oydan yigirma toʻrt oygacha boʻlgan muddatga beriladi. Bunda soliq qarzini toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash soliq qarzining jamiga yoki bir qismiga nisbatan amalga oshirilishi mumkin.
Insofli soliq toʻlovchilarga soliq taʼtillari, shuningdek soliq qarzini toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ tomonidan beriladi.
Yagona soliq toʻlovini toʻlovchilarga soliq taʼtillari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlari tomonidan beriladi.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat soliq xizmati organiga yozma bildirish, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali bildirish yuborib, tekshiruvlar natijalari boʻyicha qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni, shuningdek moliyaviy sanksiyalar summalarini toʻlashni ularning undirilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oy ichida teng ulushlarda toʻlashga haqli.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha penya hisoblash tegishli soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzni toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlashning amal qilish davri boshlanganidan eʼtiboran toʻxtatib turiladi.
Ushbu moddaning qoidalari bojxona toʻlovlarini va davlat bojini toʻlashga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bojxona toʻlovlarini va davlat bojini toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va asoslarda amalga oshiriladi.
55-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlashning amal qilishini tugatish
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlashning amal qilishi u berilgan muddat oʻtganidan keyin tugaydi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlashning amal qilishi soliq toʻlovchi kechiktirilgan va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning jami summasini kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash muddati oʻtguniga qadar toʻlagan yoki soliq toʻlovchi kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash shartlarini buzgan hollarda muddatidan ilgari tugatiladi.
10-bob. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning ortiqcha toʻlangan summalarini hisobga olish hamda qaytarib berish
56-modda. Soliqning ortiqcha toʻlangan summalarini hisobga olish
Soliqning budjetga toʻlangan hamda toʻlash uchun hisoblangan summasi oʻrtasidagi ijobiy farq soliqning ortiqcha toʻlangan summasi deb eʼtirof etiladi.
Ortiqcha toʻlangan summa soliq qarzini quyidagi ketma-ketlikda uzish hisobiga hisobga olinishi kerak:
1) soliqning mazkur turi boʻyicha penya va jarimalarni uzish hisobiga;
2) boshqa turdagi soliqlar boʻyicha qarzni uzish hisobiga;
3) boshqa turdagi soliqlar boʻyicha penya va jarimalarni uzish hisobiga;
4) mazkur soliq boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga;
5) boshqa turdagi soliqlar boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga.
Ortiqcha toʻlangan soliq summasini mazkur soliq turi boʻyicha penya va jarimalarni uzish hisobiga hisobga olish davlat soliq xizmati organi tomonidan mustaqil ravishda soliq toʻlovchining arizasisiz amalga oshiriladi, soliq toʻlovchi bu haqda hisobga olish amalga oshirilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor etiladi.
Ushbu modda ikkinchi qismining 2, 3 va 5-bandlarida nazarda tutilgan hollarda ortiqcha toʻlangan soliqni hisobga olish soliq toʻlovchining yozma arizasi, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladigan arizasi asosida davlat soliq xizmati organi tomonidan hisobga olishni amalga oshirish toʻgʻrisida xulosa taqdim etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi gʻaznachiligi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchi tomonidan yozma ariza, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladigan ariza berilgan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi gʻaznachiligiga hisobga olishni amalga oshirish toʻgʻrisida xulosa taqdim etishi shart.
Soliq toʻlovchi soliq hisoboti taqdim etilgan sanadan eʼtiboran oʻn kun ichida yozma ariza, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilgan ariza bermagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi gʻaznachiligiga ushbu modda ikkinchi qismining 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan hisobga olishni amalga oshirish toʻgʻrisida mustaqil ravishda xulosa taqdim etishi mumkin.
Ortiqcha toʻlangan soliq summasini hisobga olish bu xususda xulosa berilgan sanadan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Ortiqcha toʻlangan soliq summasi boshqa soliq toʻlovchining soliq qarzini uzish hisobiga hisobga olinishi mumkin emas.
57-modda. Ortiqcha toʻlangan soliqlar summalarini qaytarish
Ushbu Kodeksning 56-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisobga olish amalga oshirilganidan keyin ortiqcha toʻlangan soliqlarning qolgan summasi soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaragʻiga pul mablagʻlarini oʻtkazish orqali qaytarilishi kerak.
Ortiqcha toʻlangan soliq summalarini qaytarish davlat soliq xizmati organi qaytarish uchun soliq toʻlovchining yozma arizasi, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilgan arizasi asosida xulosa taqdim etgan taqdirda, qaytarish toʻgʻrisidagi ariza topshirilgan sanadan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi gʻaznachiligi tomonidan amalga oshiriladi.
58-modda. Boshqa majburiy toʻlovlarning ortiqcha toʻlangan summalarini hisobga olish va qaytarish
Boshqa majburiy toʻlovlarning toʻlangan va toʻlash uchun hisoblangan summasi oʻrtasidagi ijobiy farq boshqa majburiy toʻlovlarning ortiqcha toʻlangan summasi deb eʼtirof etiladi.
Boshqa majburiy toʻlovlarni hisobga olish hamda qaytarish ushbu Kodeksda va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Bojxona toʻlovlarining ortiqcha toʻlangan summalarini hisobga olish va qaytarish bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ortiqcha toʻlangan boshqa majburiy toʻlovlar summalarini qaytarish ortiqcha toʻlangan summa qaysi budjetga yoki davlat maqsadli jamgʻarmasiga oʻtkazilgan boʻlsa, oʻsha budjet yoki davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlaridan soliq toʻlovchining yozma arizasi, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilgan arizasi asosida, zimmasiga majburiy toʻlovlarni undirib olish majburiyati yuklatilgan organlarga tegishli ariza berilgan sanadan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida amalga oshiriladi.
11-bob. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatlarini bajarish
59-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatlari bajarilishini taʼminlash
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha bajarilmagan majburiyatlari boʻlgan soliq toʻlovchi oʻzining bank hisobvaragʻida pul mablagʻlari mavjud boʻlishidan qatʼi nazar, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni ushbu Kodeksda belgilangan toʻlash muddatidan kechiktirmay ularni xizmat koʻrsatayotgan bankka toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini taqdim etishi shart.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatlari bajarilishini taʼminlash choralari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yuridik shaxslar, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun — soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati tugaganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organi tomonidan ularga yuboriladigan soliq qarzini toʻlash toʻgʻrisidagi talabnoma;
jismoniy shaxslar uchun, bundan tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno, — soliq majburiyatlarini bajarish muddatlari tugaganidan keyin davlat soliq xizmati organining jismoniy shaxsdan soliq qarzini undirish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi, bundan soliq qarzining summasi undiruvni mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz boʻlgan hollar mustasno. Bunda soliq qarzining summasi undiruvni mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz boʻlgan, biroq toʻlash muddati tugaganidan keyin bir yil ichida toʻlanmagan taqdirda ham soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatlarining bajarilishini taʼminlash choralari qoʻllaniladi.
60-modda. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda rasmiylashtiriladi va unda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) soliq toʻlovchining familiyasi, ismi, otasining ismi yoki toʻliq nomi;
2) soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
3) talabnoma tuzilgan sana;
4) talabnomani yuborish vaqtida hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar, penya, jarimalar boʻyicha qarz summasi;
5) talabnoma olinganidan soʻng soliq majburiyati bajarilmagan taqdirda qoʻllaniladigan majburiy undirish choralari va muddatlari;
6) debitorlar bilan oʻzaro hisob-kitoblar solishtirma dalolatnomasini taqdim etish toʻgʻrisidagi koʻrsatma.
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma soliq toʻlovchiga yoki uning vakiliga bu talabnomani soliq toʻlovchi olganligini va talabnoma olingan sanani tasdiqlovchi usulda topshirilishi lozim. Soliq toʻlovchida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti mavjud boʻlgan taqdirda, soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma unga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilishi mumkin. Soliq toʻlovchiga soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma bilan bir vaqtda davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq qarzi belgilangan muddatda qoplanmagan taqdirda undiruv qarzdorning mol-mulkiga qaratiladigan miqdordagi soliq qarzi summasini koʻrsatgan holda garov reyestriga yozuv kiritiladi. Yozuv soliq qarzi toʻliq qoplanganidan yoki hisobdan chiqarilganidan keyin garov reyestridan oʻchiriladi.
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilgan taqdirda, u buyurtma xat pochta joʻnatmasi topshirilganligi toʻgʻrisidagi bildirish blankasida koʻrsatilgan sanada olingan deb hisoblanadi.
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
61-modda. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomani bajarish muddatlari
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma yuridik shaxs, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida yuridik shaxs, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkor soliq qarzini uzmagan taqdirda va ushbu Kodeksning 63-moddasida nazarda tutilgan choralarni qoʻllash natijasida soliq qarzi uzilmay qolaversa, davlat soliq xizmati organlari undiruvni ushbu Kodeksning 64-moddasida belgilangan tartibda soliq toʻlovchiga uning debitorlari oʻtkazishi lozim boʻlgan summalarga qaratadi.
Yuridik shaxs, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkor soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomani olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida soliq qarzini uzmagan taqdirda va agar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan choralarni qoʻllash natijasida mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan koʻp boʻlgan summadagi soliq qarzi uzilmay qolsa, davlat soliq xizmati organlari undiruvni ushbu Kodeksning 65-moddasida belgilangan tartibda soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratadi.
Soliq qarzining summasi undiruvni mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz boʻlgan, biroq toʻlash muddati tugaganidan keyin bir yil ichida toʻlanmagan hollarda ham ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish choralari qoʻllaniladi.
62-modda. Soliq qarzini majburiy undirish choralari
Soliq qarzini majburiy undirish choralariga quyidagilar kiradi:
soliq qarzini soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlaridan soʻzsiz undirish;
undiruvni soliq toʻlovchiga uning debitorlari oʻtkazishi lozim boʻlgan summalarga qaratish;
undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish.
Yuridik shaxs, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs soliq qarzini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan barcha choralar koʻrilganidan keyin uzmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi uni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etadi.
Soliq qarzini majburiy undirish choralari jismoniy shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud hujjatlari asosida davlat ijrochilari tomonidan qoʻllaniladi va ularga ushbu Kodeks 63 — 65-moddalarining qoidalari tatbiq etilmaydi, bundan tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno.
Soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qoʻshimcha hisoblangan soliq qarzi summalarini majburiy undirish choralari soliq toʻlovchi tomonidan uning natijalari boʻyicha berilgan shikoyat davriga ushbu Kodeksning 18-bobiga muvofiq toʻxtatib turiladi.
63-modda. Soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlaridan soliq qarzini soʻzsiz undirish
Soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlaridan soliq qarzini soʻzsiz undirish, agar ushbu Kodeks 62-moddasining uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchining talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatayotgan bankka davlat soliq xizmati organining soliq qarzi summasini tegishli budjetga yoki davlat maqsadli jamgʻarmasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasini taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Soliq qarzi summasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomalari soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati tugaganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmay davlat soliq xizmati organlari tomonidan taqdim etiladi;
Soliq toʻlovchining hisobvaragʻida pul mablagʻlari boʻlmaganligi yoki yetarli boʻlmaganligi tufayli davlat soliq xizmati organining inkasso topshiriqnomasi toʻliq yoki qisman bajarilmagan taqdirda, inkasso topshiriqnomasi olingan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda uning nusxasi bankning belgisi qoʻyilib, davlat soliq xizmati organiga va soliq toʻlovchiga yuboriladi. Agar inkasso topshiriqnomasini taqdim etish paytida soliq toʻlovchi soliq qarzining summasini oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasini bankka topshirgan boʻlsa, bank taqdim etilgan inkasso topshiriqnomasini soliq toʻlovchining toʻlov topshiriqnomasi nusxasini ilova qilgan holda davlat soliq xizmati organiga qaytaradi.
Soliq qarzi summasini undirish soliq toʻlovchining barcha bank hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻlaridan amalga oshiriladi, qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratish mumkin boʻlmagan hisobvaraqlar bundan mustasno.
64-modda. Undiruvni soliq toʻlovchiga uning debitorlaridan oʻtkazilishi lozim boʻlgan summalarga qaratish
Ushbu Kodeks 61-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan muddat ichida soliq qarzini uzmagan yuridik shaxslar soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomani olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida davlat soliq xizmati organlariga debitorlar bilan oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomalarini yoxud toʻlov muddati oʻtgan debitorlik qarzi mavjud emasligi toʻgʻrisida yozma bildirish, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladigan bildirish taqdim etishi shart.
Davlat soliq xizmati organlari debitorlar bilan oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomalarini olgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay undiruvni soliq toʻlovchiga uning debitorlaridan oʻtkazilishi lozim boʻlgan summaga qaratadi.
Debitorlar oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomalariga imzo qoʻyishni asossiz rad etgan taqdirda, soliq toʻlovchi bir tomonlama imzolangan solishtirma dalolatnomalarni debitorlik qarzi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda davlat soliq xizmati organlariga taqdim etish huquqiga ega.
Soliq toʻlovchi bir tomonlama imzolangan oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini taqdim etgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchining debitoriga uning kreditorlik qarzi borligi haqida imzolash uchun soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan solishtirma dalolatnomani va kreditorlik qarzi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalarini ilova qilgan holda yozma bildirish, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali bildirish yuboradi.
Soliq toʻlovchining debitori yozma bildirish, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali bildirish olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini imzolash yoki solishtirma dalolatnomada koʻrsatilgan qarzning mavjud emasligini asoslagan holda rad javobini taqdim etishi shart. Agar soliq toʻlovchining debitori tomonidan tan olingan qarz summasi solishtirma dalolatnomada koʻrsatilganidan farq qilsa, debitor xuddi shu muddatda davlat soliq xizmati organiga oʻzi tan olgan summani koʻrsatgan holda solishtirma dalolatnomani taqdim etishi shart.
Soliq toʻlovchining debitori tomonidan imzolangan oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi kreditorning imzosi mavjud boʻlishidan qatʼi nazar, uning kreditori soliq qarzini undiruvni unga qaratishi uchun asos boʻladi. Ushbu moddaning beshinchi qismida belgilangan majburiyat soliq toʻlovchining debitori tomonidan bajarilmagan taqdirda, undiruv soliq toʻlovchi taqdim etgan solishtirma dalolatnoma asosida amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchi bilan uning debitori oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
soliq toʻlovchi va uning debitorining nomi, ularning identifikatsiya raqami;
soliq toʻlovchi va uning debitori soliq hisobida turgan joydagi davlat soliq xizmati organining nomi;
soliq toʻlovchi va uning debitorining bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari;
debitorning soliq toʻlovchi oldidagi qarz summasi;
soliq toʻlovchi va uning debitorining taraflar muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan imzolari, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
soliq toʻlovchi va uning debitori oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi tuzilgan sana.
Soliq toʻlovchi va uning debitori oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma davlat soliq xizmati organi tomonidan yuborilgan sanadan keyin keladigan sanada tuzilgan boʻlishi lozim.
Davlat soliq xizmati organi oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi asosida debitorlarning bank hisobvaraqlariga soliq toʻlovchining soliq qarzi summasini soliq toʻlovchi oldidagi qarzidan oshmaydigan miqdorda undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasini taqdim etadi.
Davlat soliq xizmati organining ushbu moddaga muvofiq taqdim etilgan inkasso topshiriqnomasini bajarish ushbu Kodeksning 63-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
65-modda. Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish
Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish davlat soliq xizmati organining daʼvo arizasi asosida sud tartibida amalga oshiriladi.
Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda rasmiylashtiriladi unda soliq qarzdorligi hosil boʻlgan soliq davri koʻrsatiladi va soliq toʻlovchi soliq hisobiga qoʻyilgan joydagi davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan imzolanadi. Daʼvo arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
soliq qarzi borligi toʻgʻrisida soliq toʻlovchining mavjud shaxsiy kartochkalaridan koʻchirma;
toʻlov topshiriqnomalari, toʻlov talabnomalari va inkasso topshiriqnomalari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
Undiruvni sud hujjatlari asosida soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq qarzini undirish uchun davlat ijrochilari tomonidan inkasso topshiriqnomalari qoʻyilayotganda davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzining shunga oʻxshash summasiga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalarining ijrosi bekor qilinadi.
66-modda. Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish
Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
III BOʻLIM. SOLIQ NAZORATI
12-bob. Soliq nazoratining asoslari
67-modda. Soliq nazoratining shakllari
Soliq nazorati quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
soliq toʻlovchilarni hisobga olish;
soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni hisobga olish;
budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlarni hisobga olish;
kameral nazorat;
xronometraj koʻzdan kechirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi sonining va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring;
soliq tekshiruvlari;
mavzuli ekspress-oʻrganish;
fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qoʻllash;
aksiz toʻlanadigan ayrim turdagi tovarlarni markalash, shuningdek ayrim korxonalarda moliya inspektori lavozimini joriy etish;
davlat daromadiga qaratilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan pul mablagʻlari davlat daromadiga oʻz vaqtida va toʻliq tushishini nazorat qilish;
boshqa majburiy toʻlovlarni undirish vazifasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar ustidan nazorat qilish;
soliq monitoringi.
Bojxona organlari tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan olib oʻtilishi munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish boʻyicha soliq nazoratini oʻz vakolatlari doirasida ushbu Kodeksga va bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Soliq nazorati amalga oshirilayotganda ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlarining qoidalarini buzgan holda soliq toʻlovchi toʻgʻrisida axborot toʻplash, saqlash, undan foydalanish va uni tarqatishga, shuningdek soliq sirini oshkor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qonun hujjatlarining talablarini buzgan holda olingan soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hujjatlar yoki boshqa axborot soliq toʻlovchini soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka tortishga asos boʻla olmaydi.
68-modda. Soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni hisobga olish
Soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni hisobga olish davlat soliq xizmati organi tomonidan har bir soliq toʻlovchi boʻyicha hamda u toʻlayotgan barcha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha, soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, shu jumladan elektron shaklda shakllantirish va yuritish orqali amalga oshiriladi.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotlarining maʼlumotlari, ushbu Kodeksning 84-moddasida nazarda tutilgan organlar, tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar, shuningdek davlat soliq xizmati organlari boshqa manbalardan toʻplagan, shu jumladan soliq tekshiruvlari vaqtida toʻplagan axborotlar asosida shakllantiriladi.
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning qoidalari tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtilishi munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarga, shuningdek undirilishi tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan boshqa majburiy toʻlovlarga tatbiq etilmaydi.
Davlat soliq xizmati organlarida mavjud boʻlgan soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi axborotni aniqlashtirish maqsadida davlat soliq xizmati organlari zaruratga qarab, lekin yiliga koʻpi bilan bir marta keyinchalik soliq solinadigan bazaga tuzatishlar kiritish uchun soliq toʻlovchida koʻzdan kechirish hamda soʻrov oʻtkazishni amalga oshirishga haqli.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi axborotni aniqlashtirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
69-modda. Budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlarni hisobga olish
Davlat soliq xizmati organlari, bojxona organlari hamda zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish vazifasi yuklatilgan boshqa davlat organlari hamda tashkilotlari budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar hisobini yuritishi kerak.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar tushumini hisobga olish budjet klassifikatsiyasiga muvofiq yuritiladi.
Davlat soliq xizmati organlari budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar hisobini soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning, shuningdek penya va jarimalarning hisoblangan hamda toʻlangan summalarini aks ettirish orqali yuritadi.
Soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning har bir turi boʻyicha ochiladi.
Soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Bojxona organlari tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtilishi munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha budjetga hamda davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar hisobini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda yuritadi.
Undirilishi boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan ayrim turdagi boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha budjetga tushumlarni hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
70-modda. Kameral nazorat
Kameral nazorat soliq toʻlovchi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotini, shuningdek soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organidagi mavjud boshqa hujjatlarni oʻrganish hamda tahlil etish asosida amalga oshiriladigan nazoratdir.
Kameral nazorat soliq toʻlovchining huzuriga bormasdan davlat soliq xizmati organi joylashgan yerda amalga oshiriladi.
Kameral nazoratning maqsadi soliq toʻlovchiga davlat soliq xizmati organlari tomonidan kameral nazorat natijalari boʻyicha aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklarni mustaqil ravishda bartaraf etish huquqini berishdan iboratdir.
Agar soliq hisobotini toʻldirishda xatoliklarga yoʻl qoʻyilganligi yoki taqdim etilgan soliq hisobotida koʻrsatilgan va davlat soliq xizmati organlaridagi mavjud maʼlumotlar oʻrtasida ziddiyatlar borligi kameral nazorat jarayonida davlat soliq xizmati organi tomonidan aniqlansa, bu haqda soliq toʻlovchiga tegishli tuzatishlar kiritish talab qilingan holda yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabar qilinadi.
Tuzatishlar kiritish haqidagi talabnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilgan taqdirda, ushbu talabnoma buyurtma xat olingan, pochta joʻnatmasi topshirilganligi toʻgʻrisidagi bildirish blankasida koʻrsatilgan sanada olingan deb hisoblanadi.
Soliq toʻlovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish uchun nazarda tutilgan tartibda tegishli soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha tuzatilgan soliq hisobotini yoxud aniqlangan tafovutlarning asosini tuzatishlar kiritish haqidagi talabnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda, tasdiqlovchi hujjatlarni yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda ilova qilgan holda taqdim etishi shart.
Soliq toʻlovchi tomonidan aniqlangan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish yuzasidan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi.
Soliq monitoringi amalga oshiriladigan soliq davri uchun kameral nazorati oʻtkazilmaydi, bundan soliq monitoringi muddatidan ilgari tugatilgan hollar mustasno.
71-modda. Xronometraj koʻzdan kechirish
Xronometraj koʻzdan kechirish — xronometraj oʻtkaziladigan davrda tushumlarning haqiqiy hajmlarini, pul tushumi summalarini, ishlab chiqarish hajmlarini, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish hajmlarini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) haqiqiy realizatsiya hajmlarini aniqlashga doir soliq nazoratining shaklidir.
Pul tushumini, ishlab chiqarish hajmlarini va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish hajmlarini xronometraj koʻzdan kechirish tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi soliq toʻlovchilarda, bevosita tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish joyida, mahsulot ishlab chiqarish sexlarida, shuningdek ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish joylarida hamda soliq toʻlovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obyektlarini saqlash bilan bogʻliq boshqa joylarda davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan oʻtkaziladi.
Xronometraj koʻzdan kechirishni oʻtkazish muddati yetti kalendar kundan ortiq boʻlmasligi kerak.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishning haqiqiy hajmlarini aniqlash boʻyicha xronometraj koʻzdan kechirishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni hisobga olish jarayonida soliq toʻlovchi tomonidan realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) hamda soliq solish obyektlarining haqiqiy hajmlari kamaytirilganligini taxmin qilish imkonini beradigan tafovutlar aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan qabul qilinadi.
Davlat soliq xizmati organining realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) haqiqiy hajmlarini aniqlash boʻyicha xronometraj koʻzdan kechirishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻida xronometraj oʻtkaziladigan soliq toʻlovchi, uning identifikatsiya raqami, xronometrajni oʻtkazish joyi va muddati, davlat soliq xizmati organining xronometrajni oʻtkazadigan mansabdor shaxslari majburiy tartibda koʻrsatiladi.
Realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) haqiqiy hajmlarini aniqlash boʻyicha xronometraj koʻzdan kechirish ishlab chiqarish, realizatsiya qilish hajmlarini hamda pul mablagʻlari tushumini kuzatish va qayd etish orqali oʻtkaziladi. Bunda xronometrajni oʻtkazishga boshqa shaxslarni, shu jumladan ekspertlarni jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) haqiqiy hajmlarini aniqlash boʻyicha xronometraj koʻzdan kechirishni amalga oshirish jarayonida soliq toʻlovchidan hisobga olish hujjatlarini talab qilishga, soliq toʻlovchiga nisbatan talablar qoʻyishga yoki soliq toʻlovchining faoliyatiga boshqacha tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan soliq toʻlovchidan hamda rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslardan, soliq toʻlovchining boshqa moddiy javobgar xodimlaridan tushuntirishlar olish, shuningdek nazorat-kassa mashinalarida va toʻlov terminallarida saqlanayotgan xronometrajni oʻtkazish davriga doir maʼlumotlarni olish mustasno.
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishning haqiqiy hajmlarini aniqlash boʻyicha xronometraj koʻzdan kechirish natijalari boʻyicha ikki nusxadan kam boʻlmagan miqdorda maʼlumotnoma tuzadi. Maʼlumotnomaning bir nusxasi soliq toʻlovchiga topshiriladi. Soliq toʻlovchi maʼlumotnomani olishdan boʻyin tovlagan taqdirda, davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi bu haqda maʼlumotnomaga tegishli yozuvni kiritadi va maʼlumotnomaning bir nusxasi pochta orqali buyurtma xat bilan soliq toʻlovchiga joʻnatiladi hamda u joʻnatilgandan keyin uch kun oʻtgach topshirilgan hisoblanadi yoxud soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda joʻnatiladi.
Realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) haqiqiy hajmlarini aniqlash boʻyicha xronometraj koʻzdan kechirish natijalaridan soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish, shu jumladan elektron shaklda shakllantirish va yuritish, shuningdek taqdim etiladigan hisobotlarning va hisoblab chiqarilgan soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlarning summalari ishonchliligini solishtirib koʻrish uchun foydalaniladi.
Davlat soliq xizmati organlari soliq toʻlovchi faoliyatining xususiyatlari va mavsumiy omillarni hisobga olgan holda soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan xronometraj koʻzdan kechirish oʻtkazilgan davrga oid soliq hisobotida aks ettirilgan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan xronometraj jarayonida olingan tushum toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan solishtirishni amalga oshiradi.
Agar xronometraj koʻzdan kechirish oʻtkazilgan davrga oid taqdim etilgan soliq hisobotida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumning kamaytirilganligi alomatlari aniqlansa, davlat soliq xizmati organlari ushbu Kodeks 70-moddasida koʻrsatilgan tartibda soliq toʻlovchiga talabnoma yuboradi.
Soliq toʻlovchida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumning kamaytirilganligi takroran aniqlangan taqdirda, bu harakatlar soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik sifatida tasniflanadi.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni xronometraj koʻzdan kechirishni oʻtkazish hamda kamaytirilgan tushum summasidan soliqlarni hisoblab chiqish tartibi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
711-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring xoʻjalik yurituvchi subyektlarning soliq solinadigan bazani aniqlashtirish maqsadida xodimlarning hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligini aniqlash uchun amalga oshiriladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan joylarga chiqqan holda, soliq toʻlovchi foydalanadigan obyektlarda va hududlarda soliq toʻlovchining mansabdor shaxslari yoki ularning vakillari ishtirokida, mavjud xodimlarning sonini birma-bir sanab chiqish hamda maʼlumotnoma bilan rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish uchun quyidagilar asos boʻladi:
davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilgan kameral nazorat natijalariga koʻra, davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻlovchilar tomonidan taqdim etilgan hisobotlarda ish haqi fondi, shuningdek xodimlar soni kamaytirilganligini taxmin qilish imkonini beradigan tafovutlar yoki nomutanosibliklar mavjudligi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
vazirliklar va idoralarning davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan soliq maʼlumotlarida va hisobotlarida koʻrsatilgan xodimlar soni oʻrtasida farqlarning mavjudligi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan amalga oshiriladigan monitoring toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobiga kiritilmaydi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish toʻgʻrisidagi buyruq davlat soliq xizmati organlarining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan qabul qilinadi. Buyruqda monitoring amalga oshiriladigan subyekt, faoliyatning asosiy turi, joyi va muddatlari, monitoringni amalga oshirish uchun asos boʻlgan farq yoki nomuvofiqliklar, shuningdek davlat soliq xizmati organlarining monitoringni amalga oshiruvchi xodimlari koʻrsatiladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshiruvchi xodimlar tomonidan soliq toʻlovchidan boshqa axborot yoki tushuntirishlar talab qilishga yoxud uning moliya-xoʻjalik faoliyatiga boshqacha shaklda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring natijalari boʻyicha u amalga oshirilgan kuni davlat soliq xizmati organining masʼul xodimi tomonidan maʼlumotnoma tuziladi. Maʼlumotnoma soliq toʻlovchining mansabdor shaxsi yoki monitoring jarayonida bevosita ishtirok etgan vakili ishtirokida tuziladi va bir nusxasi ularga topshiriladi.
Soliq toʻlovchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring natijalari boʻyicha tuzilgan maʼlumotnomani olishni yoki maʼlumotnoma bilan tanishishni rad etgan taqdirda, davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi bu haqda mazkur maʼlumotnomaga tegishli yozuv kiritadi. Bunda maʼlumotnomaning bir nusxasi pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
Monitoring natijalaridan faqat xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligini amalga oshirishda, shuningdek soliq solinadigan bazani aniqlashda foydalaniladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
712-modda. Mavzuli ekspress-oʻrganish
Mavzuli ekspress-oʻrganish kameral nazorat natijalari boʻyicha joyiga chiqqan holda soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligini hamda soliq toʻlovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllashning qonuniyligini tasdiqlash uchun amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchi tomonidan davlat soliq xizmati organining kameral nazorat natijalariga doir talabnomasiga javoban taqdim etilgan axborotning ishonchliligini tasdiqlash maqsadida ushbu axborotni oʻrganish zarurligi mavzuli ekspress-oʻrganishni tayinlash uchun asos boʻladi.
Mavzuli ekspress-oʻrganishlarni tayinlash mezonlari quyidagilardan iborat:
soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllashning qonuniyligi;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan sof foyda toʻgʻrisidagi hisobotlardagi hamda dividendlarni hisoblashdagi, shuningdek davlat unitar korxonalari tomonidan sof foydani hamda sof foydaning 30 foizi miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ajratmalarni aniqlashdagi davlat soliq xizmati organlaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa mavjud maʼlumotlar bilan tafovutlar;
olingan va realizatsiya qilingan tovar-moddiy qimmatliklar, bajarilgan ishlarning va koʻrsatilgan xizmatlar hajmlarining, nomenklaturasining (assortimentining) va summalarining kameral nazorat natijasida soliq toʻlovchining bank hisobvaraqlari boʻyicha pul mablagʻlari harakati tahlili chogʻida aniqlangan nomutanosibligi;
soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga axborot taqdim etish majburiyati yuklatilgan organlar va tashkilotlardan davlat soliq xizmati organlariga kelib tushgan axborot boʻyicha aniqlangan tafovutlar hamda chetga chiqishlar;
valyuta toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari sohasida aniqlangan qoidabuzarliklar, shu jumladan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha import va eksport qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining oshirib yuborilishi va kamaytirilishi.
Mavzuli ekspress-oʻrganish faqat kameral nazorat amalga oshirilgan soliq davri uchun amalga oshirilishi lozim. Mavzuli ekspress-oʻrganishni amalga oshirish muddati yetti kalendar kundan ortiq boʻlmasligi kerak.
Zarur hollarda (foydali qazilmalarni kavlab olish hajmini aniqlashda, nazorat oʻlchovlari va hokazoda) mavzuli ekspress-oʻrganishda ishtirok etish uchun oʻrganish natijasidan manfaatdor boʻlmagan ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar jalb etilishi mumkin.
Hududlarni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni, shu jumladan soliq toʻlovchi tomonidan daromad olish uchun foydalanilayotgan yoki soliq solish obyektlarini saqlash bilan bogʻliq boʻlgan joylarni koʻzdan kechirish soliq toʻlovchining soliq xizmati organining talabnomasiga javoban taqdim etgan hujjatlarida aks ettirilgan ish oʻrinlari sonini, tovar-moddiy qimmatliklarning, asosiy vositalarning yoki boshqa mol-mulkning mavjudligini tasdiqlash maqsadida oʻtkaziladi. Zarur hollarda, koʻzdan kechirish chogʻida foto- va videotasvirga olish amalga oshirilishi mumkin.
Soliq toʻlovchi tomonidan mavzuli ekspress-oʻrganishga taalluqli hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi tomonidan bu toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi. Dalolatnoma ilgari soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan axborotni ishonchli emas deb topish uchun asos boʻladi.
Mavzuli ekspress-oʻrganish natijalari boʻyicha qoidabuzarliklar mavjud boʻlgan taqdirda, davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining tegishli normasiga havola qilgan holda, soliq toʻlovchining tushuntirishlarini inobatga olib, aniqlangan qoidabuzarliklar batafsil bayon qilingan maʼlumotnomani tuzadi.
Mavzuli ekspress-oʻrganish maʼlumotnomasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
oʻrganishni tayinlash uchun asos boʻlgan mezon koʻrsatilgan hujjatlarning nusxalari;
oʻrganishni oʻtkazish davomida olingan hujjatlarning nusxalari, shuningdek oʻrganish doirasidagi harakatlar bajarilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
Soliq toʻlovchiga oʻrganish maʼlumotnomasi taqdim etilgan kun yoki maʼlumotnomani soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilgan sana mavzuli ekspress-oʻrganish tugallangan kun deb hisoblanadi.
Mavzuli ekspress-oʻrganish davomida soliq toʻlovchilar oʻrganish tugaguniga qadar soliqqa oid huquqbuzarlikni mustaqil ravishda bartaraf etishga haqlidir.
Mavzuli ekspress-oʻrganish natijalari kameral nazorat materiallariga ilova qilinadi.
72-modda. Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanilishi
Oʻzbekiston Respublikasi hududida naqd pulda hisob-kitob qilish bilan tovarlarni realizatsiya qilish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish Nazorat-kassa mashinalarining davlat reyestriga kiritilgan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari majburiy qoʻllanilgan holda amalga oshiriladi, bundan naqd pul bilan hisob-kitob qilishni, faoliyatining oʻziga xos xususiyati sababli nazorat-kassa mashinalarini qoʻllamasdan amalga oshirishi mumkin boʻlgan ayrim toifadagi yuridik va jismoniy shaxslar mustasno.
Faoliyatining oʻziga xos xususiyati sababli naqd pul bilan hisob-kitob qilishni nazorat-kassa mashinalarini qoʻllamasdan amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan ayrim toifadagi yuridik va jismoniy shaxslarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishga ruxsat etilgan Nazorat-kassa mashinalarining davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibda shakllantiriladi.
Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasi texnik jihatdan vaqtincha nosoz boʻlgan yoki elektr energiyasi boʻlmagan taqdirda naqd pul bilan hisob-kitob qilishni xaridorlarga kvitansiyalar, chiptalar, talonlar yoki chekka tenglashtirilgan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan shakldagi qatʼiy hisobdagi boshqa hujjatlarni berish orqali amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi.
Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qoʻllashda quyidagilar majburiy hisoblanadi:
1) fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasini faoliyat amalga oshirilayotgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasining roʻyxatdan oʻtkazish kartochkasi berilgan holda roʻyxatdan oʻtkazish;
2) fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalariga texnik xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;
3) fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarining chekini isteʼmolchiga berish;
4) davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasini tekshirishiga ruxsat etish.
Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanilish tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq tekshiruvlari oʻtkazilayotganda davlat soliq xizmati organlari fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarida saqlanayotgan maʼlumotlardan foydalanishga haqli.
Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
73-modda. Aksiz toʻlanadigan ayrim turdagi tovarlarni tamgʻalash. Moliya inspektori lavozimini joriy etish
Tamaki va alkogolli mahsulotlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda hamda shartlarda aksiz markasi bilan tamgʻalanishi kerak, pivo bundan mustasno.
Aksiz toʻlanadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan aksiz toʻlanadigan tovarlarni aksiz markasi bilan tamgʻalash uchun masʼuldir.
Aksiz toʻlanadigan ayrim turdagi tovarlarni tamgʻalash qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni davlat soliq xizmati organlari va davlat bojxona xizmati organlari amalga oshiradi.
Aksiz soligʻini toʻlovchi korxonalarda va boshqa ayrim korxonalarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektori lavozimi joriy etilishi mumkin. Moliya inspektori lavozimi joriy etiladigan korxonalar roʻyxati va uning faoliyatini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
74-modda. Davlat daromadiga qaratilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushadigan pul mablagʻlarining davlat daromadiga oʻz vaqtida va toʻliq tushishini nazorat qilish
Davlat soliq xizmati organlari davlat daromadiga qaratilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushadigan pul mablagʻlarining davlat daromadiga oʻz vaqtida va toʻliq tushishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
75-modda. Boshqa majburiy toʻlovlarni undirish vazifasini amalga oshirayotgan davlat organlari va tashkilotlari ustidan nazorat qilish
Davlat soliq xizmati organlari boshqa majburiy toʻlovlarni undirish vazifasini amalga oshirayotgan davlat organlari va tashkilotlari ustidan boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblab chiqarilishi, toʻliq undirib olinishi hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻz vaqtida oʻtkazilishi boʻyicha nazoratni amalga oshiradi.
76-modda. Soliq siri
Davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq toʻlovchi toʻgʻrisida olingan har qanday maʼlumot soliq sirini tashkil etadi, quyidagi maʼlumotlar bundan mustasno:
1) soliq toʻlovchining oʻzi oshkor etgan yoki uning yozma roziligi bilan oshkor etilgan maʼlumotlar;
2) soliq toʻlovchining nomi va identifikatsiya raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
3) yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi va bu qonunbuzarlik uchun qoʻllanilgan javobgarlik choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlarning soliq yoki tegishli boshqa organlariga taqdim etiladigan maʼlumotlar (ushbu organlarga taqdim etilgan maʼlumotlarga doir qismi).
Soliq siri oshkor etilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Soliq sirini oshkor etishga, xususan, soliq toʻlovchining davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsiga, jalb etilgan ekspertga yoki tarjimonga ular oʻz vazifalarini bajarayotganda maʼlum boʻlib qolgan ishlab chiqarish yoki tijorat siridan foydalanish yoxud uni boshqa shaxsga berish kiradi.
Davlat soliq xizmati organlariga kelib tushgan, soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar saqlash va foydalanishning maxsus rejimiga ega boʻladi.
Davlat soliq xizmati organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatdagi mansabdor shaxslari soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlardan foydalanish huquqiga ega.
Soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlari boʻlgan hujjatlarning yoʻqotilganligi yoki bunday maʼlumotlarning oshkor etilganligi qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.
121-bob. Soliq monitoringi
761-modda. Soliq monitoringining umumiy qoidalari
Ushbu Kodeksga muvofiq soliq monitoringining predmeti soliq monitoringida ishtirok etayotgan soliq toʻlovchi tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishidan iboratdir.
Soliq monitoringi oʻtgan yil yakunlariga koʻra, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish joriy yilning 1-yanvar holatiga koʻra bazaviy hisoblash miqdorining yetmish ming baravari miqdoridan ortiqni tashkil etgan soliq toʻlovchiga nisbatan amalga oshirilishi mumkin.
Soliq monitoringi soliq toʻlovchining soliq monitoringida ishtirok etish toʻgʻrisidagi arizasi boʻyicha davlat soliq xizmati organi bilan soliq toʻlovchi oʻrtasidagi oʻzaro axborot almashinuvi reglamentiga muvofiq davlat soliq xizmati organining soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori asosida amalga oshiriladi.
Arizaning shakli va oʻzaro axborot almashinuvi reglamenti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Soliq toʻlovchi tomonidan keyingi yilda soliq monitoringida ishtirok etish toʻgʻrisidagi ariza soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga joriy yilning 1-iyulidan kechiktirmasdan yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda taqdim etiladi.
Mazkur arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha davlat soliq xizmati organi soliq monitoringini amalga oshirish yoki amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisida bir oy ichida qaror qabul qiladi.
Soliq monitoringini amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror asoslangan boʻlishi kerak. Soliq monitoringini amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish uchun soliq toʻlovchi tomonidan soliq monitoringini amalga oshirish toʻgʻrisidagi ariza oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi yoki belgilanmagan shaklda taqdim etilganligi, shuningdek reglament talablariga rioya etilmaganligi asos boʻladi.
Soliq monitoringini amalga oshirish yoki amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror u qabul qilingan kunda soliq toʻlovchiga yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
762-modda. Soliq monitoringini amalga oshirish
Soliq monitoringi soliq toʻlovchining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq monitoringi soliq toʻlovchining huzuriga bormasdan davlat soliq xizmati organi joylashgan yerda amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchi soliq monitoringida ishtirok etish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etgan yildan keyingi yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar boʻlgan kalendar yil soliq monitoringining davri hisoblanadi.
Soliq monitoringi soliq monitoringi amalga oshiriladigan yilning 1-yanvaridan boshlanib, keyingi yilning 1-iyuniga qadar amalga oshiriladi.
Soliq monitoringini amalga oshirishda davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi bilan bogʻliq zarur hujjatlar, maʼlumotlar, tushuntirishlarni talab qilib olishga haqli.
Talab qilib olinadigan hujjatlar, maʼlumotlar va tushuntirishlar davlat soliq xizmati organiga yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda taqdim etiladi.
Soliq monitoringi jarayonida talab qilib olinadigan hujjatlar, maʼlumotlar va tushuntirishlar soliq toʻlovchi tomonidan tegishli talabnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda taqdim etilishi kerak.
Talab qilib olinadigan hujjatlarni, maʼlumotlarni va tushuntirishlarni ushbu moddaning yettinchi qismida belgilangan muddat ichida taqdim etish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, soliq toʻlovchi bu haqda sabablarini koʻrsatgan holda tegishli davlat soliq xizmati organini talabnomani olgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda xabardor qilishi shart.
763-modda. Davlat soliq xizmati organining asoslantirilgan fikri
Davlat soliq xizmati organining asoslantirilgan fikri deganda (bundan buyon matnda asoslantirilgan fikr deb yuritiladi) soliq toʻlovchi tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi masalalari yuzasidan davlat soliq xizmati organining fikrini aks ettiruvchi hujjat tushuniladi.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar notoʻgʻri hisoblanganligi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanmaganligi aniqlanganda asoslantirilgan fikr davlat soliq xizmati organining tashabbusi bilan tuziladi.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi borasida soliq toʻlovchida shubhalar mavjud boʻlganda, u soliq monitoringini oʻtkazayotgan davlat soliq xizmati organiga mazkur masalalar yuzasidan oʻz fikrini bayon etgan holda, asoslantirilgan fikrni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli.
Asoslantirilgan fikr soʻrov olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
Soliq toʻlovchi asoslantirilgan fikrni olgan kundan eʼtiboran bir oy ichida davlat soliq xizmati organini ushbu fikrga roziligi toʻgʻrisida uning ijrosini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, xabardor qiladi.
Soliq toʻlovchi asoslantirilgan fikrga rozi boʻlmagan taqdirda, oʻz eʼtirozlarini asoslantirilgan fikrni olgan kundan eʼtiboran bir oy ichida davlat soliq xizmati organiga taqdim etadi.
Davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchining eʼtirozlari olingan kundan eʼtiboran uch kun ichida ularni birgalikda muhokama qilish jarayonini boshlash va oʻzaro kelishuv tuzish uchun yuqori turuvchi davlat soliq xizmati organiga yuboradi.
764-modda. Oʻzaro kelishuv jarayoni
Oʻzaro kelishuv jarayoni asoslantirilgan fikrni tuzgan davlat soliq xizmati organi xodimlari, soliq toʻlovchi va yuqori turuvchi davlat soliq xizmati organi vakillari ishtirokida, eʼtirozlar olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida amalga oshiriladi.
Oʻzaro kelishuv natijalari boʻyicha tuzilgan xabarnoma asoslantirilgan fikrni tuzgan davlat soliq xizmati organi tomonidan tuzilgan kunning oʻzida soliq toʻlovchiga yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
765-modda. Soliq monitoringini muddatidan oldin toʻxtatish
Soliq monitoringi quyidagi hollarda muddatidan oldin toʻxtatiladi:
1) soliq toʻlovchi tomonidan oʻzaro axborot almashinuvi reglamenti talablari bajarilmaganda, shuningdek soliq toʻlovchining asoslantirilgan fikrga yoki oʻzaro kelishuv natijalari boʻyicha tuzilgan xabarnomaga roziligi (rozi emasligi) toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etmaganda;
2) soliq monitoringini amalga oshirish davrida davlat soliq xizmati organiga moliyaviy va soliq hisobotlarini topshirish muddatlari buzilganda;
3) soliq monitoringini amalga oshirish davrida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanmaganda;
4) soliq monitoringini qoʻllash davrida hisoblangan soliq toʻlovlari kamayishini, zararlar miqdorining oshishini nazarda tutuvchi aniqlashtirilgan moliyaviy va soliq hisobotlari taqdim etilganda;
5) soliq monitoringini amalga oshirish jarayonida soliq toʻlovchi tomonidan notoʻgʻri axborot taqdim etilganda;
6) hujjatlar, maʼlumotlar va tushuntirishlar oʻzaro axborot almashinuvi reglamentida belgilangan talablar soliq toʻlovchi tomonidan muntazam ravishda buzilgan holda taqdim etilganda;
7) soliq toʻlovchi tomonidan soliq monitoringini muddatidan oldin tugatish toʻgʻrisida ariza taqdim etilganda.
Soliq monitoringini muddatidan oldin toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin davlat soliq xizmati organi shu kunning oʻzida soliq toʻlovchini yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor etadi.
13-bob. Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish
77-modda. Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyishning umumiy qoidalari
Davlat soliq xizmati organlari soliq toʻlovchilarning hisobini yuritadi. Soliq toʻlovchilarning hisobini yuritish ularni hisobga qoʻyish va ular toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlarini yuritish orqali amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilayotganda unga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami beriladi hamda soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hisobga qoʻyish maʼlumotlari Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan yuritiladi.
Davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq toʻlovchiga berilgan identifikatsiya raqami berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki soliq toʻlovchi bir vaqtning oʻzida davlat soliq xizmati organlarida va davlat statistikasi organlarida hisobga qoʻyilgan holda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan taqdirda, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma soliq toʻlovchining hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi hujjatdir.
78-modda. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami
Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilganda unga beriladigan raqamdir.
Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq toʻlovchiga bir marta beriladi. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami oʻzgarmaydi va bekor qilinganidan keyin boshqa soliq toʻlovchiga berilmaydi.
Ushbu Kodeks 35-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan yuridik shaxsning alohida boʻlinmalariga mazkur alohida boʻlinmani tashkil etgan yuridik shaxsning — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami nazorat belgilari qoʻshilgan holda beriladi.
Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami quyidagilarda albatta yozib qoʻyilishi kerak:
yuridik va jismoniy shaxslarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada, roʻyxatdan oʻtkazish davlat soliq xizmati organlarida va davlat statistikasi organlarida ularni hisobga qoʻyish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi;
faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanishga doir litsenziyasida;
cheklardan tashqari, pul bilan hisob-kitob qilinadigan toʻlov hujjatlarida, shuningdek ularning elektron shaklida;
davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan moliyaviy va soliq hisoboti hujjatlarida;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tuziladigan xoʻjalik, fuqarolik-huquqiy hamda mehnat shartnomalarida;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bitimlar tuzganligini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda, shu jumladan hisobvaraq-fakturalar hamda transport hujjatlarida;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarda qiymat ifodasiga ega boʻlgan moliyaviy, mulkiy hamda boshqa majburiyatlar yuzaga kelganligini, shuningdek ularning bajarilishini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda.
79-modda. Soliq toʻlovchini hisobga qoʻyish
Soliq toʻlovchi sifatida quyidagilar hisobga qoʻyiladi:
yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari oʻzlari joylashgan yerdagi (pochta manzilidagi) davlat soliq xizmati organida;
yuridik shaxsning soliq majburiyatini ushbu Kodeks 35-moddasining ikkinchi qismi asosida mustaqil ravishda bajaradigan alohida boʻlinmalari — alohida boʻlinmaning joylashgan yeridagi yoki faoliyatni amalga oshirayotgan joyidagi davlat soliq xizmati organida;
jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organida;
yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari — doimiy muassasaning joylashgan yeridagi va (yoki) faoliyatni amalga oshirayotgan joyidagi davlat soliq xizmati organida;
ushbu Kodeksga muvofiq mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlovchilar boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari — soliq solish obyekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organida.
Soliq toʻlovchida u hisobga qoʻyilganidan keyin yer soligʻi, mol-mulk soligʻi yoki suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash boʻyicha majburiyati hisobga qoʻyilgan joydan tashqarida yuzaga kelgan taqdirda, soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 81-moddasiga muvofiq soliq solish obyekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organida obyekt boʻyicha hisobga qoʻyilishi kerak.
80-modda. Soliq toʻlovchini hisobga qoʻyish tartibi
Bir vaqtning oʻzida davlat soliq xizmati organlarida va davlat statistikasi organlarida hisobga qoʻyilgan holda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joyda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisobga qoʻyilishi kerak.
Yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilganlar bundan mustasno, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida davlat soliq xizmati organiga hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi shart. Arizaga yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatning koʻchirma nusxasi ilova qilinadi.
Ushbu Kodeks 35-moddasining ikkinchi qismi asosida soliq majburiyatlarini mustaqil ravishda bajaradigan alohida boʻlinmani hisobga qoʻyish uchun mazkur alohida boʻlinmani tashkil etgan yuridik shaxs uni tashkil etish toʻgʻrisida va (yoki) mustaqil balansga ajratish haqida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida davlat soliq xizmati organiga hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi shart. Arizada mazkur alohida boʻlinmani tashkil etgan yuridik shaxsning — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami albatta koʻrsatiladi. Arizaga yuridik shaxsning alohida boʻlinmani tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek uning rahbariga berilgan ishonchnoma ilova qilinadi.
Jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari, mazkur Kodeks ushbu moddasining birinchi qismida koʻrsatilganlar bundan mustasno, soliq solish obyekti vujudga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu Kodeksga muvofiq davlat soliq xizmati organiga hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi shart.
Yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari mazkur faoliyatni amalga oshirish boshlangan kundan eʼtiboran bir yuz sakson uch kundan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organiga doimiy muassasa sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi shart. Doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik shaxsning — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizasiga shartnoma yoki yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti nomidan Oʻzbekiston Respublikasida ish yuritish uchun berilgan ishonchnoma, shuningdek majburiyatlarining bajarilishi doimiy muassasa tashkil topishiga olib keladigan shartnoma mavjud boʻlsa, shu shartnoma ilova qilinadi.
Ushbu Kodeksga muvofiq yer soligʻi, shuningdek koʻchmas mulkka taalluqli qismida mol-mulk soligʻi toʻlovchilari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari yer uchastkasiga, koʻchmas mulkka boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida davlat soliq xizmati organiga hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi shart. Arizaga unda koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali realizatsiya qiluvchi yuridik shaxslar avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organiga transport vositalariga benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilganlik uchun olinadigan aksiz soligʻi toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasiga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida taqdim etishi shart. Arizaga unda koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Davlat soliq xizmati organi hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi ariza va unga ilova qilingan hujjatlar asosida soliq toʻlovchiga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini beradi, soliq toʻlovchi haqidagi hisobga qoʻyish maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritadi va tegishli ariza berilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi.
Soliq toʻlovchini hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi ariza va guvohnomaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Agar yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan alohida boʻlinmalardan bir nechtasiga ega boʻlsa, hisobga qoʻyish har bir alohida boʻlinma boʻyicha tegishli davlat soliq xizmati organlarida amalga oshiriladi.
Agar yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti Oʻzbekiston Respublikasida bir nechta doimiy muassasaga ega boʻlsa, u har bir doimiy muassasa boʻyicha tegishli davlat soliq xizmati organlarida hisobga turishi shart. Bitta yuridik shaxsning — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining bir nechta doimiy muassasa boʻyicha soliq hisobotini jamlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
81-modda. Soliq toʻlovchini obyektlar boʻyicha hisobga qoʻyish
Soliq toʻlovchini obyektlar boʻyicha hisobga qoʻyish soliq solish obyekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchini obyektlar boʻyicha hisobga qoʻyish u ushbu Kodeksning 80-moddasida belgilangan tartibda hisobga qoʻyilganidan keyin, agar ushbu Kodeksga muvofiq soliq toʻlovchida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyilmagan joydagi yer soligʻi, mol-mulk soligʻi yoki suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash majburiyati yuzaga kelgan boʻlsa, amalga oshiriladi.
Hisobga qoʻyilmagan joydagi yer soligʻini, mol-mulk soligʻini yoki suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash majburiyati yuzaga kelgan soliq toʻlovchi tegishli yer uchastkasiga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran yoxud mol-mulk soligʻi yoki suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq solish obyekti vujudga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida soliq solish obyektlarini ular joylashgan yerda hisobga qoʻyish uchun davlat soliq xizmati organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat etishi kerak.
Obyektlar boʻyicha hisobga qoʻyilishi davlat soliq xizmati organlari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlovchi — jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan majburiyat tatbiq etilmaydi.
Davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchining ilgari berilgan identifikatsiya raqamiga muvofiq soliq toʻlovchi murojaat etgan kundan uch kundan kechiktirmay uni obyektlar boʻyicha hisobga qoʻyadi.
82-modda. Soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlari
Yuridik shaxs — soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi asosiy hisob maʼlumotlari quyidagilardan iborat:
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
nomi (toʻliq va qisqartirilgan nomi);
joylashgan yeri (pochta manzili).
Yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari uchun ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asosiy hisob maʼlumotlariga qoʻshimcha ravishda quyidagilar ham hisob maʼlumotlari hisoblanadi:
tashkiliy-huquqiy shakli;
ushbu Kodeks 35-moddasining ikkinchi qismi asosida soliq majburiyatlarini mustaqil ravishda bajaradigan alohida boʻlinmalar, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlarining tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar uchun — soliq toʻlovchi qaysi tashkilotning tarkibiga kirsa, shu tashkilot;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, joy va tartib raqami;
tijorat tashkilotlari uchun — ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori;
tijorat tashkilotlari uchun, aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno, muassislarning — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlarining soliq toʻlovchi tariqasidagi identifikatsiya raqamini hamda har bir muassisning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini ham koʻrsatgan holda muassislarning toʻliq tarkibi.
Jismoniy shaxs — soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlari quyidagilardan iborat:
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
familiyasi, ismi va otasining ismi;
fuqaroligi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — fuqaroning identifikatsiya raqami (shaxsiy kodi);
pasportining seriyasi va raqami, berilgan sanasi va joyi;
yashash joyi (manzili).
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun quyidagilar ham soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlaridir:
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, joy va tartib raqami;
faoliyat turi;
faoliyat amalga oshiriladigan joy.
83-modda. Soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlarini yuritish
Soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlarini yuritish soliq toʻlovchilar hamda ushbu Kodeksning 84-moddasida nazarda tutilgan organlar va tashkilotlar tomonidan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa organlar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish orqali amalga oshiriladi.
Davlat soliq xizmati organlarida hisobda turmagan soliq toʻlovchilar aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari ularga belgilangan tartibda hisobga turish toʻgʻrisida talabnoma taqdim etadi. Bunday talabnoma olinganligi shaxsni qonunda belgilangan javobgarlikdan ozod etmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritilgan yuridik va jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari hisobga qoʻyilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga hisob maʼlumotlaridagi har qanday oʻzgarishlar haqida bunday oʻzgarishlar yuzaga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda maʼlum qilishlari shart.
Jismoniy shaxsning doimiy yashash joyi oʻzgargan taqdirda davlat soliq xizmati organi mazkur soliq toʻlovchiga taalluqli barcha materiallarni uning yangi yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga topshirishi shart. Bunday materiallarni topshirish-qabul qilib olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Soliq toʻlovchining talabi boʻyicha davlat soliq xizmati organi mazkur soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomani, shu jumladan oʻzgarishlar kiritilgan hisob maʼlumotlarini ham koʻrsatgan holda berishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestridan chiqarish quyidagicha amalga oshiriladi:
jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — ular vafot etganidan keyin, basharti soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati ularning merosxoʻrlari tomonidan toʻliq uzilgan yoki soliq qarzi belgilangan tartibda hisobdan chiqarilgan boʻlsa;
yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — ular tugatilganidan keyin, basharti soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati toʻliq uzilgan yoki soliq qarzi belgilangan tartibda hisobdan chiqarilgan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari — ularning Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritilishini belgilagan holatlar bekor boʻlgan, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati toʻliq uzilgan taqdirda.
84-modda. Soliq toʻlovchilarning majburiyatlari yuzaga kelganligi toʻgʻrisida axborot taqdim etadigan organlar va tashkilotlar hamda ularning majburiyatlari
Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar, ushbu Kodeks 80-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilganlar bundan mustasno, roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga ushbu yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay tegishli yuridik shaxslarning davlat reyestridan koʻchirma topshirishi shart. Mazkur organlar davlat soliq xizmati organiga tegishli yuridik shaxslarga taalluqli davlat reyestriga kiritilgan har qanday oʻzgartishlar toʻgʻrisida ham bunday oʻzgartishlar kiritilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay maʼlum qilishi shart.
Litsenziya va (yoki) boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar beradigan organlar bunday hujjatlar berilgan shaxslar joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga shunday hujjatlar berilganligi hollari haqida maʼlum qilishi, shuningdek mazkur hujjatlar bekor qilinganligi, ularning amal qilishi toʻxtatib turilganligi yoki tugatilganligi toʻgʻrisida maʼlumot berishi shart.
Ichki ishlar organlari pasportlar berilganligi, shu jumladan yoʻqotilgan yoki amal qilish muddati oʻtgan pasportlar oʻrniga pasportlar berilganligi faktlari haqida, bekor qilingan pasportlar toʻgʻrisida oʻzlari joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga har oyda, shuningdek turar joyni ijaraga berish shartnomasi, tekin foydalanishga berish shartnomasi mavjud emasligining yoki davlat soliq xizmati organlarida ijaraga berish shartnomasining majburiy hisobga qoʻyilishiga rioya etilmaganligining aniqlangan faktlari haqida oʻzlari joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga uch ish kuni ichida maʼlum qilishi shart.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar har yili 1-fevralgacha oʻzlari joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa koʻchmas mulk, uning mulkdorlari (egalari) toʻgʻrisida 1-yanvar holatiga koʻra maʼlumot berishi, shuningdek yer uchastkasi va boshqa koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar yil davomida yuzaga kelganda — mazkur koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida maʼlum qilishi shart.
Suv resurslarini hisobga oluvchi organlar suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli joyidagi davlat soliq xizmati organlariga 1-fevraldan kechiktirmasdan oʻtgan yil yakunlari boʻyicha oʻlchov asboblarisiz foydalanilgan suv hajmlari toʻgʻrisida xabar qilishi shart.
Davlat notarial idoralari tegishincha koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari, mol-mulk ijarasi shartnomalari tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori, shuningdek meros qilib olish yoki hadya tarzida fuqarolarning mulkiga oʻtayotgan mol-mulk qiymati toʻgʻrisida koʻrsatilgan notarial harakatlar amalga oshirilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay oʻzlari joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga maʼlum qilishi shart.
Yer resurslarini hisobga olishni amalga oshiruvchi organlar yer uchastkasiga boʻlgan huquqi yuzaga kelgan (tugatilgan) shaxslarni koʻrsatgan holda yer uchastkasiga boʻlgan huquq berilganligi (tugatilganligi) toʻgʻrisida, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatsiz yoki hujjatda koʻrsatilganiga nisbatan katta hajmdagi yer uchastkalaridan foydalanilganlik va yer uchastkasiga boʻlgan egalik qilish, foydalanish, ijara va mulk huquqining roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi hollari haqida yer uchastkasi joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga mazkur hollar aniqlangan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda maʼlum qilishi shart;
Yer resurslarini hisobga olishni amalga oshiruvchi va (yoki) baholovchi organlar har bir qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi boʻyicha qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga har yili yanvar oyining birinchi oʻn kunligida, yil davomida normativ qiymat oʻzgargan taqdirda, qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymati aniqlangan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda elektron shaklda axborot taqdim etadi;
Foydalanishga berilgan yer qaʼri uchastkalarining davlat hisobi yuritilishini amalga oshiruvchi va (yoki) yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar oʻzlari joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga yer qaʼri uchastkasi joylashgan yer hamda mazkur yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi berilgan shaxs toʻgʻrisidagi axborotni yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi roʻyxatdan oʻtkazilgan (hisobga olingan) kundan eʼtiboran oʻn kun ichida maʼlum qilishi shart.
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga oʻzi va investitsiya vositachilari tomonidan roʻyxatga olingan aksiyalarga doir bitimlar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi shart.
Banklar yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga faqat ular davlat soliq xizmatining tegishli organida hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatgan taqdirda bank hisobvaraqlari ochishi mumkin va hisobvaraqlar ochilganligi toʻgʻrisida oʻsha organga keyingi kundan kechiktirmay maʼlum qilishi shart. Qonunda nazarda tutilgan hollarda banklar davlat soliq xizmati organlariga boshqa maʼlumotlarni ham taqdim etadi.
Bojxona organlari har oyda eksport-import operatsiyalari, shuningdek tovarlarni olib oʻtish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali elektron tijorat shaklida amalga oshirilgan tovarlarni olib oʻtish haqidagi maʼlumotni davlat soliq xizmati organlariga maʼlum qilishi shart.
Internet jahon axborot tarmogʻi milliy segmentining domen nomlari tizimini belgilovchi organ tegishli maʼlumotlar bazasiga ulanish uchun dasturiy vositalarni taqdim etish orqali davlat soliq xizmati organlariga domen nomlari administratorlari toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanish imkoniyatini beradi.
Soliq toʻlovchilarning majburiyatlari yuzaga kelganligi toʻgʻrisida axborot taqdim etish tartibi ushbu moddada nazarda tutilgan organlar bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
14-bob. Soliq tekshiruvlari
85-modda. Soliq tekshiruvi tushunchasi va shakllari
Soliq tekshiruvi davlat soliq xizmati organlari tomonidan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa, prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladigan soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining bajarilishini tekshirishdir.
Soliq tekshiruvi soliq toʻlovchining moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvi (taftishi) va qisqa muddatli tekshiruv shaklida amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchining moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvi (taftishi) soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida soliq toʻlovchining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari hamda boshqa hujjatlarini oʻrganish va taqqoslashdir.
Qisqa muddatli tekshiruv soliq toʻlovchining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan, uning ayrim operatsiyalarining soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi tekshiruvidir.
86-modda. Soliq tekshiruvlarining turlari
Soliq tekshiruvlari quyidagi turlarga boʻlinadi:
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ bilan kelishuvga koʻra oʻtkaziladigan tekshiruvlar;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ bilan kelishuvga koʻra oʻtkaziladigan tekshiruvlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
soliq toʻlovchining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish);
jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida oʻtkaziladigan tekshirish yoki tavakkalchilikni tahlil etish natijalarining yakunlari boʻyicha davlat soliq xizmati organlari tashabbusiga koʻra tekshirish.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan oʻtkaziladigan tekshirish hamda faoliyati tugatilayotganda yagona soliq toʻlovini toʻlovchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorni tekshirish;
tegishli ruxsatnomalarsiz alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishini tekshirish;
qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasi mavjud boʻlmagan alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarilishini yoki realizatsiya qilinishini tekshirish;
taqiqlangan tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishi faktlariga barham berish boʻyicha tekshirish;
oʻz faoliyatini rasman toʻxtatib turgan davr mobaynida yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni davom ettirayotgan jismoniy shaxsning faoliyatini tekshirish.
Notijorat tashkilotlarini, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarini, shuningdek chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari hamda filiallarini ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan tekshirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
87-modda. Soliq tekshiruvlarining ishtirokchilari
Davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari va soliq toʻlovchi soliq tekshiruvlarining ishtirokchilaridir. Soliq tekshiruvlarida soliq toʻlovchining vakili ishtirok etishi mumkin.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda soliq tekshiruviga soliq tekshiruvi natijasidan manfaatdor boʻlmagan ekspert, tarjimon va xolislar jalb etilishi mumkin.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari birlashmalarining aʼzosi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining soliq tekshiruvlari tadbirkorlik faoliyati subyektlari soʻroviga koʻra mazkur birlashmalar vakillarining ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
88-modda. Soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun asos
Soliq toʻlovchi moliya-xoʻjalik faoliyatining tekshiruvini oʻtkazish (taftish qilish) uchun quyidagilar asos boʻladi:
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organning tekshiruvni oʻtkazishga roziligi, ushbu rozilikda tekshiriladigan obyektning nomi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, tekshiruvning maqsadi, tekshiruv oʻtkazish muddatlari va uni asoslovchi sabablar koʻrsatiladi;
davlat soliq xizmati organining buyrugʻi, buyruqda tekshiruvni oʻtkazish maqsadi, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tarkibi koʻrsatiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organning tekshiruvni oʻtkazishga boʻlgan roziligi jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida oʻtkaziladigan tekshirish yoki tadbirkorlik subyektlari faoliyati tavakkalchiligini tahlil etish natijalarining yakunlari boʻyicha davlat soliq xizmati organlari tashabbusiga koʻra tekshirishni oʻtkazish uchun asos boʻladi, ushbu rozilikda tekshiriladigan obyektning nomi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, tekshiruvning maqsadlari, oʻtkazilish muddatlari va tekshiruvni asoslovchi sabablar koʻrsatiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor etish tartibida tekshiruvni oʻtkazish uchun davlat soliq xizmati organining tekshiruvni oʻtkazish maqsadlari, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi koʻrsatilgan buyrugʻi asos boʻladi.
Tugatilayotgan yuridik shaxsni va faoliyati tugatilayotganda yagona soliq toʻlovini toʻlovchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorni soliq tekshiruvidan oʻtkazish uchun:
tugatuvchining yoki yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organning yuridik shaxs tugatilayotganligi va yagona soliq toʻlovini toʻlovchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati tugatilayotganligi toʻgʻrisidagi yozma bildirishi;
davlat soliq xizmati organining tekshiruvni oʻtkazish maqsadlari, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tarkibi koʻrsatilgan buyrugʻi asos boʻladi.
89-modda. Soliq tekshiruvlarini oʻtkazish muddatlari
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining soliq tekshiruvini oʻtkazish muddati oʻttiz kalendar kundan oshmasligi kerak.
Soliq tekshiruvi muddatlarini uzaytirish davlat soliq xizmati organining qoʻshimcha buyrugʻi bilan rasmiylashtirilib, unda oldingi buyruqning roʻyxatdan oʻtkazish raqami hamda sanasi, tekshiruv oʻtkazishga ilgari jalb etilgan mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatiladi.
Qisqa muddatli soliq tekshiruvini oʻtkazish muddati oʻn ish kunidan oshmasligi kerak. Bunda tegishli ruxsatnomalarsiz alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishini, qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasi mavjud boʻlmagan alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishini yoki realizatsiya qilinishini qisqa muddatli tekshirishlarni, shuningdek taqiqlangan tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishi faktlariga barham berish boʻyicha qisqa muddatli tekshirishlarni oʻtkazish muddati bir ish kunidan oshmasligi lozim.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining tegishli soliq tekshiruvini oʻtkazish muddati nazorat qiluvchi organlarning asoslantirilgan talabnomalariga koʻra, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organning ruxsatnomasiga binoan faqat bir marta uzaytirilishi mumkin. Bunda tegishli tekshiruvning uzaytirilgan muddati uni uzaytirishning asosiy muddatidan oshmasligi kerak.
Soliq tekshiruvini tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqning ijrosi sud tomonidan toʻxtatilgan taqdirda, soliq tekshiruvini oʻtkazish muddatini hisoblash ham toʻxtatiladi.
90-modda. Soliq tekshiruvlarini oʻtkazish davriyligi
Soliq toʻlovchilar moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) bir yilda koʻpi bilan bir marta, belgilangan normalar va qoidalarga oʻz vaqtida hamda toʻliq hajmda rioya etayotgan soliq toʻlovchilar moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari esa, ikki yilda koʻpi bilan bir marta amalga oshiriladi, ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xususiy bank va boshqa xususiy moliya institutlari moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) besh yilda koʻpi bilan bir marta, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklari moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) toʻrt yilda koʻpi bilan bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlari moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) uch yilda koʻpi bilan bir marta amalga oshiriladi.
Yangi tashkil etilgan mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran dastlabki uch yil mobaynida rejali soliq tekshiruvlaridan oʻtkazilmaydi, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi yangi tashkil etilgan mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati, shuningdek mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining budjet hamda markazlashtirilgan mablagʻlar va resurslardan maqsadli foydalanish bilan bogʻliq moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran dastlabki ikki yil mobaynida rejali soliq tekshiruvlaridan oʻtkazilmaydi.
Ushbu moddada koʻrsatilgan tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar moliya yili mobaynida muntazam ravishda toʻlanmagan taqdirda, rejali tekshiruvlardan oʻtkazilishi mumkin.
91-modda. Soliq tekshiruvlarini oʻtkazishga doir qoʻshimcha shartlar
Soliq tekshiruvlari faqat ushbu Kodeksning 88-moddasida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi.
Davlat soliq xizmati organi rejali soliq tekshiruvi oʻtkazishning boshlanishi haqida tekshiruvni oʻtkazish boshlanishidan kamida oʻttiz kalendar kun oldin tadbirkorlik subyektini tekshiruvdan oʻtkazish muddatlari va predmetini koʻrsatgan holda, yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliya va soliq hisobotini, shuningdek tadbirkorlik subyektining faoliyati toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organida mavjud boʻlgan boshqa hujjatlarni oʻrganish hamda tahlil etish asosida oʻtkaziladigan kameral nazorat natijalari boʻyicha qoidabuzarliklar aniqlangan hollardagina davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Coliq monitoringi amalga oshirilgan soliq davri uchun moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha rejali tekshiruvlar oʻtkazilmaydi, bundan soliq monitoringi muddatidan ilgari tugatilgan hollar mustasno.
Soliq tekshiruvi oʻtkazilishi soliq toʻlovchining faoliyatini toʻxtatib qoʻymasligi kerak, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan boshqa tumanlarda (shaharlarda) davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlik subyektlarida soliq tekshiruvlari oʻtkazish, ularning ishlab chiqarish binolari, savdo nuqtalari va xizmatlar koʻrsatish (ishlar bajarish) joyi qayerda joylashganligidan qatʼi nazar, takrorlashga yoʻl qoʻyilmagan holda, tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi tegishli davlat soliq xizmati organlari bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Soliq tekshiruvi davlat soliq xizmati organi rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan soliq tekshiruvi oʻtkazish dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
Soliq tekshiruvini oʻtkazish dasturida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
soliq tekshiruvi oʻtkazilayotganda oʻrganiladigan masala yoki masalalar doirasi;
soliq tekshiruvi soliq toʻgʻrisidagi qaysi qonun hujjatlariga rioya etilishini oʻrganish uchun oʻtkaziladigan boʻlsa, shu qonun hujjatlarining roʻyxati;
tekshiruv turidan kelib chiqqan holda boshqa maʼlumotlar.
Soliq tekshiruvini oʻtkazish dasturini tuzish qoidalari nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Soliq tekshiruvi soliq toʻlovchining tekshiruv oʻtkazilayotgan yildan bevosita oldingi koʻpi bilan besh kalendar yildagi faoliyatini qamrab olishi mumkin. Bunda tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar faqat oxirgi rejali tekshirishdan keyingi, lekin yangi tekshirish oʻtkazilayotgan yildan bevosita oldingi besh kalendar yildan koʻp boʻlmagan davrni qamrab oladi.
Soliq tekshiruvlari oʻtkazilayotganda davlat soliq xizmati organlari ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq toʻlovchining hududi va joylarini tekshirishga, mol-mulkni inventarizatsiya qilishga, hujjatlarni talab qilib olishga, hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyishga, soliq toʻlovchidan, shuningdek soliq toʻlovchining rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruvini amalga oshirayotgan shaxslardan, boshqa moddiy javobgar xodimlaridan tushuntirishlar olishga, bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish choralarini koʻrishga, ekspertni jalb etish va ekspertiza tayinlashga, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlari bartaraf etilishini talab qilishga, ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqlidir.
Soliq tekshiruvlari oʻtkazilayotgan davrda tekshirilayotgan davrning soliq hisobotiga soliq toʻlovchi tomonidan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15-bob. Soliq tekshiruvlarini oʻtkazish tartibi
92-modda. Soliq tekshiruvini oʻtkazishning boshlanishi. Davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining soliq tekshiruvi oʻtkaziladigan hududga va joyga kirishi
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi soliq tekshiruvini oʻtkazishni boshlashdan oldin, naqd pul tushumlariga taalluqli masalalar yuzasidan qisqa muddatli tekshiruv oʻtkazilayotganda esa soliq tekshiruvi tugallanguniga qadar:
soliq toʻlovchini soliq tekshiruvining maqsadi bilan tanishtirishi;
oʻz xizmat guvohnomasini, shuningdek tekshirishlarni oʻtkazishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus guvohnomasini koʻrsatishi
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishi;
soliq toʻlovchiga xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishlarni amalga oshirishning muvofiqlashtirish rejasidan koʻchirma nusxasini yoki nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning rejadan tashqari soliq tekshiruvi (ushbu Kodeks 88-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha oʻtkaziladigan rejadan tashqari soliq tekshiruvi bundan mustasno) oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori koʻchirma nusxasini, shuningdek davlat soliq xizmati organining tegishli soliq tekshiruvi tayinlanganligi toʻgʻrisidagi buyrugʻining hamda soliq tekshiruvini oʻtkazish dasturining koʻchirma nusxalarini topshirib, tilxat olishi shart.
Ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan hujjatlar soliq toʻlovchiga topshirilgan payt soliq tekshiruvini oʻtkazish boshlangan payt deb hisoblanadi. Soliq toʻlovchining mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortganligi soliq tekshiruvini bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Soliq toʻlovchi mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxsi tomonidan uning oʻzi va soliq toʻlovchi imzolaydigan dalolatnoma tuziladi. Soliq toʻlovchi ushbu dalolatnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bu haqda dalolatnomaga tegishli yozuv kiritiladi. Bunday holda dalolatnoma imzolangan payt soliq tekshiruvini oʻtkazishning boshlanishi hisoblanadi.
Soliq toʻlovchi davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan mansabdor shaxslarini soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun hududga va joylarga qoʻyishi shart, ushbu moddaning toʻrtinchi va sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Soliq toʻlovchi davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun hududga va joylarga qoʻymaslikka haqli, agar:
ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan hujjatlar topshirilmagan yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchi ularni olishdan bosh tortgan hollar bundan mustasno;
tekshiruvchi mansabdor shaxs tekshiruvni tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqda koʻrsatilmagan, oʻz xizmat guvohnomasini va tekshirishlarni oʻtkazishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus guvohnomasini koʻrsatmagan boʻlsa;
soliq tekshiruvini oʻtkazishning buyruqda koʻrsatilgan muddatlari boshlanmagan yoki oʻtib ketgan boʻlsa;
tekshiruvchi mansabdor shaxs tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishdan bosh tortsa.
Soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsiga soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun hududga va joylarga kirishiga toʻsqinlik qilinganda, uning oʻzi va soliq toʻlovchi tomonidan imzolanadigan dalolatnoma tuziladi. Soliq toʻlovchi mazkur dalolatnomani imzolashdan bosh tortganda dalolatnomaga tegishli yozuv kiritiladi.
Davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan mansabdor shaxslariga soliq toʻlovchining hududiga va joyiga (turar joy binolari bundan mustasno) kirishiga toʻsqinlik qilganlik, xuddi shuningdek davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.
Davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikka tortilganlik soliq tekshiruvini bekor qilish uchun asos boʻlmaydi.
Soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining qonunda belgilangan hollardan yoki sud qarori asosida amalga oshiriladigan hollardan boshqa hollarda turar joylarga ularda yashovchi jismoniy shaxslarning xohish-irodasidan tashqari yoki unga qarshi tarzda kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
93-modda. Hududlar va joylarni koʻzdan kechirish. Mol-mulkni inventarizatsiyadan oʻtkazish
Soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari, zarurat boʻlganda, soliq toʻlovchi tomonidan daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoki soliq solish obyektlari bilan bogʻliq hududlarni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini hamda boshqa binolar, shu jumladan joylarni koʻzdan kechirishi, shuningdek soliq toʻlovchining mol-mulkini inventarizatsiyadan oʻtkazishi mumkin. Koʻzdan kechirish oʻtkazilayotganda soliq tekshiruvi qaysi shaxsga nisbatan amalga oshirilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs yoki uning vakili qatnashishga haqli. Koʻzdan kechirish oʻtkazilayotganda zarur hollarda foto va kinosuratga olinishi, videoyozuvga tushirilishi, hujjatlardan koʻchirma nusxalar olinishi mumkin, bu haqda bayonnomada koʻrsatiladi. Koʻzdan kechirish natijalari boʻyicha ushbu Kodeksning 100-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda bayonnoma tuziladi.
Soliq tekshiruvlarini oʻtkazish vaqtida mol-mulkni inventarizatsiyadan oʻtkazish buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
94-modda. Hujjatlarni talab qilib olish
Davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan mansabdor shaxslari tekshirilayotgan soliq toʻlovchidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish, toʻlash bilan bogʻliq, tekshiruv maqsadlariga tegishli va tekshirilayotgan davrga taalluqli hujjatlarni talab qilib olishga haqli.
Soliq toʻlovchi talab etilgan hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortgan taqdirda, soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi ushbu Kodeksning 95-moddasida nazarda tutilgan tartibda zarur hujjatlarni olib qoʻyishni amalga oshiradi.
95-modda. Hujjatlarni va predmetlarni olib qoʻyish
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligidan dalolat beruvchi hujjatlar va huquqbuzarlik predmetlari soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxsining asoslantirilgan qarori asosida olib qoʻyilishi mumkin, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar va predmetlar bundan mustasno.
Soliq toʻlovchining faoliyatini toʻxtatib qoʻyishga olib keladigan hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi.
Hujjatlar va predmetlarni tungi vaqtda — soat 23-00 dan 6-00 gacha — olib qoʻyish man etiladi.
Soliq tekshiruviga taalluqli boʻlmagan hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish man etiladi.
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish boshlanguniga qadar olib qoʻyish amalga oshirilayotgan shaxsga hujjatlarni va predmetlarni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorni taqdim etadi hamda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi hujjatlari va predmetlari olib qoʻyilayotgan shaxsga ularni ixtiyoriy ravishda topshirishni taklif etadi, u bosh tortgan taqdirda esa majburan olib qoʻyish choralarini koʻradi.
Hujjatlarni va predmetlarni olib qoʻyish soliq toʻlovchi ishtirokida amalga oshiriladi.
Hujjatlarni va predmetlarni majburan olib qoʻyish xolislar hamda soliq toʻlovchi ishtirokida amalga oshiriladi. Bunda olib qoʻyilayotgan barcha hujjatlar va predmetlar xolislarga hamda olib qoʻyishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga koʻrsatiladi.
Hujjatlar asl nusxa yoki soliq toʻlovchining imzosi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan koʻchirma nusxalar koʻrinishida olib qoʻyiladi.
Soliq toʻlovchi hujjatlari koʻchirma nusxalarining olib qoʻyilishi soliq nazoratini amalga oshirish uchun yetarli boʻlmagan hollarda hamda davlat soliq xizmati organlarida hujjatlarning asl nusxalari yoʻq qilinishi, yashirilishi, tuzatilishi yoki almashtirilishiga yetarli asoslar boʻlgan hollarda davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi hujjatlarning asl nusxasini olib qoʻyishga haqli. Hujjatlarning asl nusxalari olib qoʻyilayotganda ulardan koʻchirma nusxalar tayyorlanadi, bu nusxalar davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi va kimdan olib qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga beriladi. Hujjatlarni olib qoʻyish bilan bir vaqtning oʻzida ulardan koʻchirma nusxa tayyorlash yoki tayyorlangan koʻchirma nusxalarni berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi ularni hujjatlari olib qoʻyilgan shaxsga olib qoʻyilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida beradi. Qolgan hollarda soliq toʻlovchining imzosi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan hujjatlarning koʻchirma nusxalari olib qoʻyiladi.
Hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish ushbu Kodeksning 100-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomada yoki unga ilova qilinadigan roʻyxatlarda hujjatlar va predmetlarning nomi, miqdori hamda alohida belgilari, imkoni boʻlganda esa predmetlarning qiymati koʻrsatilgan holda sanab oʻtilishi va tavsiflanishi lozim.
Hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi bayonnoma ikki nusxada tuziladi, ulardan biri hujjatlar va predmetlar kimdan olib qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga topshirilib, tilxat olinadi. Bayonnomani qabul qilishdan bosh tortilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi bu haqda bayonnomaga tegishli yozuv kiritadi. Bunday holda bayonnomaning bir nusxasi hujjatlari va predmetlari olib qoʻyilgan shaxsga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi hamda u joʻnatilgan kundan eʼtiboran uch kun oʻtganidan soʻng topshirilgan hisoblanadi.
96-modda. Soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish
Soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish aniqlangan shuningdek ushbu moddaning uchinchi — beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Soliq tekshiruvini oʻtkazishga soliq toʻlovchi tomonidan toʻsqinlik qilingan yoki soliq toʻlovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obyektini saqlash bilan bogʻliq hududlarni, binolarni, shu jumladan joylarni koʻzdan kechirish uchun davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini kiritish soliq toʻlovchi tomonidan rad etilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Davlat soliq xizmati organi quyidagi hollarda soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turishga haqli:
soliq toʻlovchi qayd etilgan manzilda boʻlmaganda;
soliq toʻlovchi tomonidan soliq hisoboti va (yoki) moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari boʻyicha tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmaganda.
Davlat soliq xizmati organining soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori vujudga kelguniga qadar banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar toʻxtatilgan shart-sharoitlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Davlat soliq xizmati organi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishni kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarini besh bank kunigacha boʻlgan muddatga vaqtincha toʻxtatib turishga ham haqli.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan realizatsiya qilish deb ushbu moddani qoʻllash maqsadida quyidagilar eʼtirof etiladi:
kameral nazorat jarayonida aniqlangan, kirim qilingan va realizatsiya qilingan (sarflangan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) hajmlarining mos emasligi, xuddi shuningdek bank operatsiyalarining xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining xususiyati va turiga mos emasligi;
soliq tekshiruvi jarayonida aniqlangan, tovarlar (ishlar, xizmatlar) kirim qilinganligi fakti toʻgʻrisida dalolat beruvchi hujjatlarning mavjud emasligi, almashtirib qoʻyilganligi, qalbakilashtirilganligi yoki yoʻq qilinganligi, realizatsiya qilinmagan tovarlar sifatida hisobga olingan tovarlarning omborda yoki realizatsiya qilish joyida mavjud emasligi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan realizatsiya qilayotganligi hollarini tasdiqlovchi hujjatlarning jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilishi.
97-modda. Ekspertiza
Zarur hollarda, soliq tekshiruvlarini oʻtkazishda ishtirok etish uchun ekspert jalb etilishi va ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Yuzaga kelgan masalalarni tushuntirish uchun fan, sanʼat, texnika va boshqa sohalar boʻyicha maxsus bilim talab etilgan taqdirda ekspertiza tayinlanadi.
Ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi qaror tekshiruv oʻtkazayotgan mansabdor shaxsning iltimosnomasi asosida davlat soliq xizmati organining rahbari tomonidan qabul qilinadi. Qarorda ekspertizani tayinlash uchun asoslar, ekspertiza oʻtkazishi kerak boʻlgan tashkilotning nomi yoki ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, ekspert oldiga qoʻyilgan masalalar va ekspert ixtiyoriga beriladigan materiallar koʻrsatiladi.
Shaxsni ekspert sifatida jalb etish davlat soliq xizmati organi va ekspert oʻrtasida ekspertiza oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma tuzish asosida amalga oshiriladi.
Ekspert ekspertiza predmetiga taalluqli soliq tekshiruvi materiallari bilan tanishishga, oʻziga qoʻshimcha materiallar taqdim etilishi toʻgʻrisida iltimosnomalar berishga haqli.
Ekspert, agar unga berilgan materiallar yetarli boʻlmasa, xulosa berishni rad etishi mumkin.
Ekspert xulosani oʻz nomidan yozma shaklda beradi. Ekspert xulosasida uning oʻzi oʻtkazgan tekshirishlar, shu tekshirishlar natijasida qilingan xulosalar hamda oʻrtaga qoʻyilgan masalalarga asoslantirilgan javoblar bayon etiladi.
Ekspertning xulosasi yoki uning xulosa berish imkoniyati yoʻqligi toʻgʻrisidagi xabari tekshirilayotgan shaxsga taqdim etiladi, mazkur shaxs oʻz tushuntirishlarini berish va eʼtirozlar bildirish, shuningdek ekspertning oldiga qoʻshimcha masalalar qoʻyish va qoʻshimcha yoki takroriy ekspertiza tayinlashni soʻrash huquqiga ega.
Qoʻshimcha ekspertiza xulosa yetarlicha aniq yoki toʻliq boʻlmagan taqdirda tayinlanadi va oʻsha ekspertning oʻziga yoki boshqasiga topshiriladi.
Takroriy ekspertiza ekspertning xulosasi asoslanmagan yoki uning toʻgʻriligiga shubha boʻlgan taqdirda tayinlanadi va boshqa ekspertga topshiriladi.
Qoʻshimcha va takroriy ekspertiza ushbu moddada nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda tayinlanadi.
98-modda. Tarjimonning ishtiroki
Zarur hollarda soliq tekshiruvida ishtirok etish uchun tarjimon jalb etilishi mumkin.
Ishning natijasidan manfaatdor boʻlmagan, tarjima qilish uchun zarur darajada til biladigan yoxud kar yoki soqov jismoniy shaxsning imo-ishoralarini tushunadigan shaxs tarjimondir.
Tarjimon uni tarjimonlikka tayinlagan davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxsining chaqiruviga binoan hozir boʻlishi va oʻziga topshirilgan tarjimani aniq bajarishi shart.
Tarjimonni jalb etish davlat soliq xizmati organi va tarjimon oʻrtasida shartnoma tuzish asosida amalga oshiriladi.
99-modda. Xolislar ishtiroki
Soliq tekshiruvi doirasidagi harakatlar amalga oshirilayotganda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda xolislar jalb etiladi.
Soliq tekshiruvining natijasidan manfaatdor boʻlmagan har qanday voyaga yetgan jismoniy shaxslar xolislar sifatida jalb etilishi mumkin.
Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining xolislar sifatida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xolislar oʻz ishtirokida amalga oshirilgan harakatlarning holati, mazmuni va natijalarini bayonnomada tasdiqlashlari shart. Ular sodir etilgan harakatlar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bayon etishga haqli, bu fikr-mulohaza bayonnomaga kiritib qoʻyilishi kerak.
100-modda. Soliq tekshiruvini oʻtkazish doirasida harakatlar amalga oshirilganda tuziladigan bayonnomaga qoʻyiladigan talablar
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq tekshiruvi doirasida harakatlar amalga oshirilganda bayonnoma tuziladi. Bayonnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
1) tekshirilayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
2) tekshiruvni oʻtkazish asoslari, turi va davri;
3) muayyan harakat bajarilgan sana va joy;
4) harakat boshlangan va tugallangan vaqt;
5) bayonnomani tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi;
6) harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etgan va (yoki) hozir boʻlgan har bir shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, zarur hollarda esa uning manzili;
7) harakatning mazmun-mohiyati, uni oʻtkazish izchilligi;
8) soliq tekshiruvi paytida aniqlangan faktlar va holatlar.
Harakatlarning amalga oshirilishida ishtirok etgan va (yoki) hozir boʻlgan barcha shaxslar bayonnomani oʻqib chiqadilar. Mazkur shaxslar oʻz fikr-mulohazalarini bayon etishga haqli va bu fikr-mulohazalar bayonnomaga kiritilishi yoki soliq tekshiruvi materiallariga qoʻshib qoʻyilishi lozim. Bayonnoma davlat soliq xizmati organining bayonnomani tuzgan mansabdor shaxsi, shuningdek harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etgan va (yoki) hozir boʻlgan shaxslar tomonidan imzolanadi. Bayonnomaga fotosuratlar va negativlar, kinolentalar, videoyozuvlar hamda harakatlar amalga oshirilganda bajarilgan boshqa materiallar ilova qilinishi mumkin.
101-modda. Soliq tekshiruvi natijalarini rasmiylashtirish
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari tomonidan soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha quyidagilar koʻrsatilgan holda soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilishi kerak:
1) tekshiruv oʻtkazilgan joy, dalolatnoma tuzilgan sana;
2) tekshiruv oʻtkazish uchun asos;
3) tekshiruv turi va uni oʻtkazish davri;
4) davlat soliq xizmati organining tekshiruvni oʻtkazgan mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi;
5) yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
6) yuridik shaxsning toʻliq nomi, tekshiruv davrida rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi yuritish vazifalarini amalga oshirgan mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi;
7) soliq toʻlovchining joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari, shuningdek uning identifikatsiya raqami;
8) ilgarigi tekshiruv toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
9) tekshirilayotgan soliq davri va tekshiruv oʻtkazish uchun soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar;
10) soliq sohasidagi huquqbuzarlikning (u mavjud boʻlganda) soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining tegishli normasiga havola etilgan holdagi mufassal tavsifi;
11) tekshiruv natijalari boʻyicha fikrlar va xulosalar.
Agar soliq tekshiruvi tugallanganida soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan boʻlmasa, bu haqda soliq tekshiruvi dalolatnomasida qayd etiladi.
Soliq tekshiruvi dalolatnomasi kamida uch nusxada tuziladi.
Soliq tekshiruvi dalolatnomasining barcha nusxalari davlat soliq xizmati organlarining soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi. Soliq tekshiruvi dalolatnomasining bir nusxasi soliq toʻlovchiga topshiriladi. Soliq toʻlovchi soliq tekshiruvi dalolatnomasini olganda dalolatnomaning barcha nusxalariga uni olgan sanani koʻrsatgan holda imzo qoʻyishi shart. Soliq tekshiruvi dalolatnomasining davlat soliq xizmati organida qolgan nusxalari soliq tekshiruvi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
Soliq toʻlovchining soliq tekshiruvi dalolatnomasidagi imzosi uning soliq tekshiruvi natijalaridan rozi ekanligini anglatmaydi.
Soliq toʻlovchi soliq tekshiruvi dalolatnomasini olishdan bosh tortgan taqdirda davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi bu haqda soliq tekshiruvi dalolatnomasiga tegishli yozuv kiritadi. Mazkur holda soliq tekshiruvi dalolatnomasining bir nusxasi soliq toʻlovchiga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi va shu paytdan eʼtiboran soliq tekshiruvi tugallangan hisoblanadi.
Soliq tekshiruvi dalolatnomasi soliq toʻlovchiga topshirilgan kun soliq tekshiruvi tugallangan kun hisoblanadi, ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun asos boʻlgan, ushbu Kodeksning 88-moddasida koʻrsatilgan hujjatlarning nusxalari, soliq tekshiruvi doirasida sodir etilgan harakatlar toʻgʻrisidagi bayonnomalar, inventarizatsiya dalolatnomalari, ekspertlarning xulosasi, soliq tekshiruvi oʻtkazish paytida olingan materiallar, shuningdek soliq tekshiruvi doirasida harakatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar soliq tekshiruvi dalolatnomasiga qoʻshib qoʻyilishi lozim.
Soliq tekshiruvi materiallari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi belgilagan tartibga binoan soliq toʻlovchi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organida soliq tekshiruvi tugallangan kundan eʼtiboran keyingi ish kunidan kechiktirmasdan roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
102-modda. Soliq tekshiruvi materiallarining davlat soliq xizmati organi tomonidan koʻrib chiqilishi
Soliq tekshiruvi materiallari davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan soliq tekshiruvi tugagan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni oʻtgach, biroq oʻn besh ish kunidan kechiktirmasdan koʻrib chiqiladi.
Soliq tekshiruvi materiallari koʻrib chiqilayotganda hisoblangan yoki ortiqcha toʻlangan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar miqdori, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi alomatlari mavjudligi, qoʻllanilayotgan moliyaviy sanksiyalarning miqdori va xususiyati, sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki ogʻirlashtiruvchi holatlar, maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlarining mavjudligi, shuningdek soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish uchun ahamiyatga molik boshqa holatlar aniqlanadi.
Soliq tekshiruvi materiallari koʻrib chiqilayotganda bayonnoma yuritilib, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
1) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish sanasi va joyi;
2) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek lavozimi;
3) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning hozir boʻlganligiga oid maʼlumotlar;
4) koʻrib chiqilayotgan soliq tekshiruvi materiallari;
5) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, iltimosnomalari va ularni koʻrib chiqish natijalari;
6) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishda oʻrganilgan hujjatlar;
7) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish jarayoni haqidagi boshqa maʼlumotlar.
Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish bayonnomasi soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqqan mansabdor shaxs, shuningdek ularni koʻrib chiqishda ishtirok etgan boshqa shaxslar tomonidan imzolanadi.
Soliq toʻlovchi soliq tekshiruvi dalolatnomasi boʻyicha oʻzining yozma tushuntirishlarini yoki eʼtirozlarini soliq tekshiruvi tugagan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida taqdim etishga haqli. Mazkur holda soliq tekshiruvi materiallari soliq toʻlovchining mansabdor shaxslari ishtirokida koʻrib chiqiladi. Davlat soliq xizmati organi tekshiruv materiallarini koʻrib chiqish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida soliq toʻlovchini koʻrib chiqishdan kamida ikki ish kuni oldin xabardor qiladi.
Agar soliq toʻlovchi soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishga uzrli sabablarga koʻra kela olmasligi toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organini xabardor qilgan boʻlsa, davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishni uch ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga kechiktirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, bu haqda soliq toʻlovchi xabardor qilinadi. Agar soliq toʻlovchi takroriy xabarnomaga qaramasdan soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishga kelmasa, mazkur materiallar, shu jumladan soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan tushuntirishlar va eʼtirozlar uning ishtirokisiz koʻrib chiqiladi.
Soliq tekshiruvi materiallari soliq toʻlovchining ishtirokida koʻrib chiqilganda bayonnoma soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqqan mansabdor shaxs, soliq toʻlovchi, shuningdek ularni koʻrib chiqishda ishtirok etgan boshqa shaxslar tomonidan imzolanadi. Soliq toʻlovchi bayonnomani imzolashdan bosh tortganda yoxud soliq tekshiruvi materiallari uning ishtirokisiz koʻrib chiqilganda bu haqda bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi.
Soliq tekshiruvi materiallari soliq toʻlovchining ishtirokida koʻrib chiqilganda bayonnoma uch nusxada tuziladi, ulardan bir nusxasi soliq toʻlovchiga beriladi. Soliq toʻlovchi bayonnomani olganda bayonnomaning barcha nusxalariga uni olgan sanani koʻrsatgan holda imzo qoʻyishi shart. Soliq toʻlovchi bayonnomani olishdan bosh tortgan taqdirda davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi bu haqda bayonnomaga tegishli yozuv kiritadi. Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish bayonnomasining davlat soliq xizmati organida qolgan barcha nusxalari soliq tekshiruvi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
103-modda. Davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qarori
Davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari soliq tekshiruvi materiallari koʻrib chiqilganidan keyin besh ish kunidan kechiktirmasdan quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qiladi:
soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlarni va penyani hisoblashni yoki buni rad etishni;
soliq toʻlovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganligi uchun javobgarlikka tortishni yoki buni rad etishni.
Davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) hisoblangan soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar, penya, shuningdek qoʻllanilgan jarima summasi;
2) oʻtkazilgan tekshiruvda aniqlangan soliq toʻlovchi tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganligi holatlari, mazkur holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa maʼlumotlar;
3) soliq toʻlovchini soliqqa oid muayyan huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi, ushbu Kodeksning muayyan huquqbuzarlikni va qoʻllaniladigan javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi moddalari koʻrsatilgan qaror;
4) ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi qismiga muvofiq soliqqa oid huquqbuzarlikni bartaraf etish hamda hisoblangan soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penyani toʻlash muddati;
5) soliq toʻlovchi belgilangan muddatlarda soliqqa oid huquqbuzarlikni bartaraf etgan hamda hisoblangan soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penyani toʻlagan taqdirda, uning jarima toʻlashdan ozod etilish huquqi.
Davlat soliq xizmati organining soliq toʻlovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganligi uchun javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qarori ushbu Kodeksning IV boʻlimi normalariga rioya etilgan holda qabul qilinishi lozim.
Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha davlat soliq xizmati organining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki ish kunidan oshmaydigan muddatda qarorning nusxasi tilxat olish orqali yoki soliq toʻlovchi tomonidan olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usul orqali soliq toʻlovchiga topshiriladi. Agar soliq toʻlovchiga qaror nusxasini topshirishning imkoni boʻlmasa, u pochta orqali buyurtma xat bilan joʻnatiladi va joʻnatilganidan eʼtiboran uch kun oʻtgach, topshirilgan hisoblanadi.
104-modda. Soliq toʻlovchi tomonidan davlat soliq xizmati organining qarorini bajarish
Soliq toʻlovchi, agar ushbu Kodeks 54-moddasining uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat soliq xizmati organi qarorining koʻchirma nusxasi olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida qarorda koʻrsatilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarni bartaraf etishi hamda hisoblangan soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penya summasini toʻlashi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda soliqqa oid huquqbuzarliklar bartaraf etilgan hamda hisoblangan soliqlar, majburiy toʻlovlar va penya summasi toʻlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organi qarorining soliq toʻlovchiga nisbatan qoʻllaniladigan jarima qismi bekor qilingan hisoblanadi. Mazkur norma tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni yashirish (kamaytirish) va kirim qilinmagan tovarlarni saqlash, fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanilish tartibini buzish hollariga tatbiq etilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda soliqqa oid huquqbuzarlik bartaraf etilmagan hamda hisoblangan soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penya summasi toʻlanmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi ushbu Kodeksning 62—65-moddalariga muvofiq soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penyani majburiy ravishda undirish choralarini koʻradi, shuningdek soliq toʻlovchiga nisbatan jarima qoʻllash toʻgʻrisida daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qiladi.
Agar davlat soliq xizmati organining qarori budjetga hamda davlat maqsadli jamgʻarmalariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning tushmasligiga olib kelmagan soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun soliq toʻlovchiga nisbatan jarima qoʻllanilishini nazarda tutsa, soliq toʻlovchi qaror nusxasini olgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organiga mazkur huquqbuzarliklardagi aybini tan olganligi va ixtiyoriy ravishda jarima toʻlashi toʻgʻrisida yoki uni rad etishi toʻgʻrisida yozma bildirish taqdim etishi (yuborishi) shart.
Soliq toʻlovchi soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etganlikdagi aybini tan olgan taqdirda, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan muddatda davlat soliq xizmati organiga jarimani (aniq muddatni koʻrsatgan holda) ixtiyoriy ravishda toʻlash uchun zarur boʻlgan muddat berish toʻgʻrisida murojaat qiladi. Jarima qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari arizani olgan kundan eʼtiboran ikki ish kunidan kechiktirmasdan soliq toʻlovchi tomonidan soʻralgan muddatni berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Muddat jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlash uchun muddat berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan, ushbu Kodeks 54-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa olti oydan oshmasligi kerak. Mazkur qarorning nusxasi soliq toʻlovchiga tilxat olish orqali yoki soliq toʻlovchi qaror nusxasini olgan sanani tasdiqlovchi boshqa usul orqali topshiriladi. Agar soliq toʻlovchiga qarorning nusxasini bunday usullar orqali topshirish imkoni boʻlmasa, u pochta orqali buyurtma xat bilan joʻnatiladi va joʻnatilganidan uch kun oʻtgach, topshirilgan hisoblanadi.
https://neolex.uz/uz/laws/law-1286689
