161-modda. Zararlarni taqsimlab oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan, chegirilishi lozim boʻlgan xarajatlarning jami daromaddan oshib ketishi zarar deb eʼtirof etiladi.
Soliq toʻlovchi koʻrilgan zararlarni ushbu zarar koʻrilgan soliq davridan keyingi besh yil ichida kelgusiga taqsimlab oʻtkazishni amalga oshirishga haqlidir.
Oʻtgan soliq davrida yoki oʻtgan soliq davrlarida ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan zarari (zararlari) boʻlgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining toʻlovchilari joriy soliq davrining soliq solinadigan foydasini koʻrilgan zararning toʻliq summasiga yoki bu summaning bir qismiga kamaytirishga haqlidir.
Taqsimlab oʻtkazilayotgan zararning har bir navbatdagi soliq davrida hisobga olinadigan jami summasi joriy soliq davrining ushbu Kodeksga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliq solinadigan foydaning 50 foizidan oshmasligi kerak.
Soliq solinadigan foyda taqsimlab oʻtkazilishi kerak boʻlgan zarar summasi miqdoriga faqat yil yakunlari boʻyicha kamaytirilishi mumkin.
Birdan ortiq kalendar yilda koʻrilgan zararlar ular koʻrilgan ketma-ketlikda taqsimlab oʻtkaziladi.
Soliq toʻlovchining yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilingan soliq davrida koʻrgan zararlari keyingi soliq davrlariga taqsimlab oʻtkazilishi mumkin emas.
Soliq toʻlovchi qayta tashkil etilishi munosabati bilan faoliyatini tugatgan taqdirda, soliq toʻlovchi-huquqiy voris soliq solinadigan foydani qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning qayta tashkil etish paytigacha koʻrgan zararlari summasiga ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda va shartlarda kamaytirishga haqli.
