188-modda. Soliq toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Toʻlov manbaida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining hisoblab chiqarilgan summasi budjetga soliq agenti tomonidan quyidagi muddatlarda toʻlanadi:
pul mablagʻlarini olish uchun xizmat koʻrsatuvchi bankka hujjatlarni taqdim etish bilan bir vaqtda, biroq hisob-kitoblarni taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay. Ish haqi boʻyicha oyning birinchi yarmi uchun boʻnak (avans) olish uchun hujjatlar taqdim etilganda soliqni toʻlash amalga oshirilmaydi;
toʻlov natura holida amalga oshirilgan oy tugaganidan keyin besh kun ichida, agar bunday toʻlovga qonun hujjatlarida ruxsat berilgan boʻlsa.
Agar yuridik shaxsning bank hisobvaragʻida ish haqini toʻlash va bir vaqtning oʻzida xodimlarning ish haqidan ushlab qolingan soliqlarni budjetga oʻtkazish uchun mablagʻlar yetarli boʻlmasa, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi bank hisobvaragʻidagi qoldiq mablagʻlarga mutanosib summada budjetga oʻtkaziladi.
