187-modda. Hisob-kitoblarni taqdim etish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq agentlari:
1) soliq davri tugaganidan keyin oʻttiz kun ichida davlat soliq xizmati organlariga toʻlov manbaidan soliq solinmagan moddiy naf tarzida daromadlar olgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan shaklda maʼlumotnoma taqdim etish.
2) yilning har oyida, hisobot davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa yillik moliya hisobotini taqdim etish muddatida davlat soliq xizmati organlariga hisoblangan va amalda toʻlangan daromadlar summalari hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan summalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan shaklda taqdim etishi shart. Yil yakunlari boʻyicha hisoblangan va amalda toʻlangan daromadlarning summalari hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan summalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan hisobot yilidan keyingi yilning 25-martiga qadar taqdim etiladi.
Maʼlumotlarda hisoblangan quyidagi:
mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar, jismoniy shaxslarning daromadlaridan ushlangan soliq summalari va har bir jismoniy shaxs boʻyicha fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobraqamlariga toʻlangan badallar toʻgʻrisidagi;
mulkiy daromadlar (bundan dividendlar va foizlar mustasno) va moddiy naf tarzidagi daromadlar, har bir jismoniy shaxs boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining toʻlov manbaida ushlab qolingan summalari toʻgʻrisidagi axborot aks ettiriladi.
