332-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishda davlat boji toʻlashdan quyidagilar ozod qilinadi:
1) xalq taʼlimi organlari, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar — yetim bolalarni va ota-onalar qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni bolalar muassasalariga va oʻquv yurtlariga yuborish uchun tugʻilganlik toʻgʻrisida takroriy guvohnomalar berganlik uchun;
2) jismoniy shaxslar — tugʻilish, oʻlim qayd etilganligi uchun, ularga farzandlikka olingan, otalik belgilangan, jinsi oʻzgartirilgan hollarida, shuningdek fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish chogʻida yoʻl qoʻyilgan xatolar munosabati bilan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar yozuvlari oʻzgartirilgan, toʻldirilgan va tuzatilgan taqdirda guvohnomalar berganlik uchun;
3) jismoniy shaxslar — ularga belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb yoki ruhiy holatining buzilganligi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar yoxud qilgan jinoyatlari uchun uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar bilan nikohni bekor qilish toʻgʻrisida sudning hal qiluv qarori asosida guvohnomalar berganlik uchun;
4) jismoniy shaxslar — ularga reabilitatsiya qilingan qarindoshlarining vafot etganligi toʻgʻrisidagi takroriy guvohnomalar berganlik yoki ilgari berilgan guvohnomalarni almashtirganlik uchun;
5) tabiiy ofatlar natijasida jabrlangan jismoniy shaxslar — ularga takroriy guvohnomalar berganlik uchun.
