331-modda. Notarial harakatlar amalga oshirilganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Notarial harakatlar amalga oshirilganda davlat bojini toʻlashdan quyidagilar ozod qilinadi:
1) shaxslar — davlat pensiyalari va nafaqalarini olish uchun zarur boʻlgan, shuningdek vasiylik qilish va farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan hujjatlarning koʻchirma nusxalari toʻgʻriligini ularga tasdiqlab berganlik uchun;
2) shaxslar — mol-mulkini davlat foydasiga, shuningdek yuridik shaxslar foydasiga hadya qilish toʻgʻrisidagi vasiyatnomalari va shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun;
3) davlat soliq xizmati organlari va moliya organlari — ularga davlatning merosga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni (guvohnomalarning dublikatini) berganlik, shuningdek ushbu guvohnomalarni (guvohnomalarning dublikatini) olish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar uchun;
4) nogironlarning jamoat birlashmalari, ularning muassasalari, oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari — barcha notarial harakatlar boʻyicha;
5) shaxslar — ularga quyidagilar uchun merosga boʻlgan huquqi toʻgʻrisida guvohnoma berganlik uchun:
Vatanni himoya qilish chogʻida, boshqa davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganligi munosabati bilan yoxud inson hayotini qutqarish, davlat mulkini va huquq-tartibotni muhofaza qilish boʻyicha fuqarolik burchini ado etish munosabati bilan halok boʻlgan shaxslarning mol-mulki uchun;
uy-joy (kvartira) uchun yoki uy-joy-qurilish kooperatividagi pay uchun, agar ular meros qoldiruvchining vafot etish kunigacha birga yashagan, turar joyda qayd etilgan boʻlsa va meros qoldiruvchining vafotidan keyin ham shu uy-joyda (kvartirada) yashayotgan boʻlsa;
banklardagi omonatlar, shaxsiy va mulkiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta summalari, davlat zayom obligatsiyalari uchun, ish haqi summalari uchun;
fan, adabiyot va sanʼat asarlari, ixtiro, seleksiya yutugʻi, foydali model, sanoat namunasi, integral mikrosxemalar topologiyasi muallifining mulkiy huquqlari, shuningdek ijrochining ijroga doir mulkiy huquqlari uchun;
fan, adabiyot va sanʼat asarlari, ixtiro, seleksiya yutugʻi, foydali model, sanoat namunasi, integral mikrosxemalar topologiyasini yaratish va ulardan foydalanish, shuningdek ijrolarni yaratish hamda ulardan foydalanish haqi summalari uchun.
6) shaxslar — pensiyalar va nafaqalar olish uchun ishonchnomani tasdiqlatganlik uchun;
