333-modda. Chet elga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini berishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari davlat bojini toʻlashdan quyidagi hollarda ozod qilinadi:
1) diplomatik pasport berganlik uchun;
2) quyidagi hollarda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma berganlik uchun:
yaqin qarindoshlari vafot etgan yoki ular dafn etilgan joylarni ziyorat qilgan taqdirda;
fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarga (bitimlarga) binoan ular chet el sudlariga fuqarolik va jinoyat ishlari yuzasidan taraflar, guvohlar va ekspertlar sifatida chaqirilganda;
3) oʻn olti yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi guvohnomasini berganlik uchun;
4) toʻliq davlat taʼminotida boʻlganlar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini berganlik uchun.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ushbu modda birinchi qismining 1—3-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarga biron bir oʻzgartirish kiritilgan taqdirda ham davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.
