334-modda. Konsullik yigʻimini toʻlashdan ozod qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Konsullik yigʻimlari quyidagi hollarda undirilmaydi:
1) Oʻzbekiston Respublikasining konsullik yigʻimlarini undirishdan voz kechish toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomasi mavjud boʻlsa;
2) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini repatriatsiya qilish ishlari boʻyicha;
3) chet el diplomatik pasportlariga oʻzarolik asosida viza qoʻyganlik uchun;
4) mehnat staji, fuqarolarning ijtimoiy taʼminoti toʻgʻrisidagi, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi ishlarga doir hujjatlarni soʻrab olganlik va legallashtirganlik uchun;
5) chet davlatlarning belgilangan tartibda akkreditatsiyadan yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan doimiy vakolatxonalari, xalqaro hukumatlararo tashkilotlarning va chet davlatlar hukumat tashkilotlarining vakolatxonalari, xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari hamda filiallari xodimlaridan (ularning oila aʼzolaridan);
6) belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan matbuot vakillaridan (ularning oila aʼzolaridan);
7) insonparvarlik yordamini kuzatib keluvchi chet davlatlarning fuqarolaridan;
8) oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalardan;
9) Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shuningdek budjet tashkilotlari taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasiga keluvchi chet davlatlar fuqarolaridan, agar kontrakt shartlariga koʻra viza olish bilan bogʻliq xarajatlar qabul qiluvchi tarafga yuklatilgan boʻlsa;
10) ushbu Kodeksning 331, 332 va 333-moddalarida nazarda tutilgan hollarda.
