2261-modda. Soddalashtirilgan tartibni qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq davri davomida yalpi tushumi uch milliard soʻmdan oshmaydigan yuridik shaxslar, shu jumladan yagona soliq toʻlovi toʻlovchilari hisoblangan yuridik shaxslar qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning ushbu bobda belgilangan soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqiga ega.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibiga oʻtish uchun ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibiga oʻtish toʻgʻrisida yozma xabarnomani quyidagi muddatlarda taqdim etadi:
oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yalpi tushumi uch milliard soʻmdan oshmagan yuridik shaxslar — joriy yilning 1-fevralidan kechiktirmasdan;
soliq davri davomida yalpi tushumi bir milliard soʻmdan oshgan yuridik shaxslar — yalpi tushumi bir milliard soʻmdan oshgan oydan keyingi oyning 15-sanasidan kechiktirmasdan;
ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash istagini bildirgan yuridik shaxslar — hisobot davri boshlanishidan bir oy oldin, yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar esa, oʻz faoliyatini amalga oshirishni boshlagunga qadar.
Soliq toʻlovchilar qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibiga:
ushbu moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilganlar — hisobot yilining boshidan;
ushbu moddaning ikkinchi qismi uchinchi xatboshisida koʻrsatilganlar — yalpi tushumi bir milliard soʻmdan oshgan oydan keyingi oyning boshidan;
ushbu moddaning ikkinchi qismi toʻrtinchi xatboshisida koʻrsatilganlar — hisobot davrining boshidan, yangi tashkil etilganlar esa, faoliyatini boshlagandan oʻtadi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibidan ixtiyoriy ravishda voz kechilganda soliq toʻlovchilar ushbu Kodeksning 35 — 40-boblarida nazarda tutilgan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning umumbelgilangan tartibiga hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning umumbelgilangan tartibiga oʻtish toʻgʻrisida yozma xabarnoma taqdim etilgan oydan keyingi oyning boshidan oʻtadi.
Soliq davri davomida yalpi tushumi uch milliard soʻmdan oshgan, qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini qoʻllayotgan soliq toʻlovchilar, yalpi tushumi belgilangan meʼyoriy miqdordan oshgan oydan keyingi oyning boshidan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning umumbelgilangan tartibiga oʻtadi.
