97-modda. Ekspertiza
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Zarur hollarda, soliq tekshiruvlarini oʻtkazishda ishtirok etish uchun ekspert jalb etilishi va ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Yuzaga kelgan masalalarni tushuntirish uchun fan, sanʼat, texnika va boshqa sohalar boʻyicha maxsus bilim talab etilgan taqdirda ekspertiza tayinlanadi.
Ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi qaror tekshiruv oʻtkazayotgan mansabdor shaxsning iltimosnomasi asosida davlat soliq xizmati organining rahbari tomonidan qabul qilinadi. Qarorda ekspertizani tayinlash uchun asoslar, ekspertiza oʻtkazishi kerak boʻlgan tashkilotning nomi yoki ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, ekspert oldiga qoʻyilgan masalalar va ekspert ixtiyoriga beriladigan materiallar koʻrsatiladi.
Shaxsni ekspert sifatida jalb etish davlat soliq xizmati organi va ekspert oʻrtasida ekspertiza oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma tuzish asosida amalga oshiriladi.
Ekspert ekspertiza predmetiga taalluqli soliq tekshiruvi materiallari bilan tanishishga, oʻziga qoʻshimcha materiallar taqdim etilishi toʻgʻrisida iltimosnomalar berishga haqli.
Ekspert, agar unga berilgan materiallar yetarli boʻlmasa, xulosa berishni rad etishi mumkin.
Ekspert xulosani oʻz nomidan yozma shaklda beradi. Ekspert xulosasida uning oʻzi oʻtkazgan tekshirishlar, shu tekshirishlar natijasida qilingan xulosalar hamda oʻrtaga qoʻyilgan masalalarga asoslantirilgan javoblar bayon etiladi.
Ekspertning xulosasi yoki uning xulosa berish imkoniyati yoʻqligi toʻgʻrisidagi xabari tekshirilayotgan shaxsga taqdim etiladi, mazkur shaxs oʻz tushuntirishlarini berish va eʼtirozlar bildirish, shuningdek ekspertning oldiga qoʻshimcha masalalar qoʻyish va qoʻshimcha yoki takroriy ekspertiza tayinlashni soʻrash huquqiga ega.
Qoʻshimcha ekspertiza xulosa yetarlicha aniq yoki toʻliq boʻlmagan taqdirda tayinlanadi va oʻsha ekspertning oʻziga yoki boshqasiga topshiriladi.
Takroriy ekspertiza ekspertning xulosasi asoslanmagan yoki uning toʻgʻriligiga shubha boʻlgan taqdirda tayinlanadi va boshqa ekspertga topshiriladi.
Qoʻshimcha va takroriy ekspertiza ushbu moddada nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda tayinlanadi.
