96-modda. Soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish aniqlangan shuningdek ushbu moddaning uchinchi — beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Soliq tekshiruvini oʻtkazishga soliq toʻlovchi tomonidan toʻsqinlik qilingan yoki soliq toʻlovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obyektini saqlash bilan bogʻliq hududlarni, binolarni, shu jumladan joylarni koʻzdan kechirish uchun davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini kiritish soliq toʻlovchi tomonidan rad etilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Davlat soliq xizmati organi quyidagi hollarda soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turishga haqli:
soliq toʻlovchi qayd etilgan manzilda boʻlmaganda;
soliq toʻlovchi tomonidan soliq hisoboti va (yoki) moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari boʻyicha tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmaganda.
Davlat soliq xizmati organining soliq toʻlovchining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori vujudga kelguniga qadar banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar toʻxtatilgan shart-sharoitlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Davlat soliq xizmati organi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishni kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarini besh bank kunigacha boʻlgan muddatga vaqtincha toʻxtatib turishga ham haqli.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan realizatsiya qilish deb ushbu moddani qoʻllash maqsadida quyidagilar eʼtirof etiladi:
kameral nazorat jarayonida aniqlangan, kirim qilingan va realizatsiya qilingan (sarflangan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) hajmlarining mos emasligi, xuddi shuningdek bank operatsiyalarining xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining xususiyati va turiga mos emasligi;
