95-modda. Hujjatlarni va predmetlarni olib qoʻyish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligidan dalolat beruvchi hujjatlar va huquqbuzarlik predmetlari soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxsining asoslantirilgan qarori asosida olib qoʻyilishi mumkin, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar va predmetlar bundan mustasno.
Soliq toʻlovchining faoliyatini toʻxtatib qoʻyishga olib keladigan hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi.
Hujjatlar va predmetlarni tungi vaqtda — soat 23-00 dan 6-00 gacha — olib qoʻyish man etiladi.
Soliq tekshiruviga taalluqli boʻlmagan hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish man etiladi.
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish boshlanguniga qadar olib qoʻyish amalga oshirilayotgan shaxsga hujjatlarni va predmetlarni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorni taqdim etadi hamda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi hujjatlari va predmetlari olib qoʻyilayotgan shaxsga ularni ixtiyoriy ravishda topshirishni taklif etadi, u bosh tortgan taqdirda esa majburan olib qoʻyish choralarini koʻradi.
Hujjatlarni va predmetlarni olib qoʻyish soliq toʻlovchi ishtirokida amalga oshiriladi.
Hujjatlarni va predmetlarni majburan olib qoʻyish xolislar hamda soliq toʻlovchi ishtirokida amalga oshiriladi. Bunda olib qoʻyilayotgan barcha hujjatlar va predmetlar xolislarga hamda olib qoʻyishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga koʻrsatiladi.
Hujjatlar asl nusxa yoki soliq toʻlovchining imzosi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan koʻchirma nusxalar koʻrinishida olib qoʻyiladi.
Soliq toʻlovchi hujjatlari koʻchirma nusxalarining olib qoʻyilishi soliq nazoratini amalga oshirish uchun yetarli boʻlmagan hollarda hamda davlat soliq xizmati organlarida hujjatlarning asl nusxalari yoʻq qilinishi, yashirilishi, tuzatilishi yoki almashtirilishiga yetarli asoslar boʻlgan hollarda davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi hujjatlarning asl nusxasini olib qoʻyishga haqli. Hujjatlarning asl nusxalari olib qoʻyilayotganda ulardan koʻchirma nusxalar tayyorlanadi, bu nusxalar davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi va kimdan olib qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga beriladi. Hujjatlarni olib qoʻyish bilan bir vaqtning oʻzida ulardan koʻchirma nusxa tayyorlash yoki tayyorlangan koʻchirma nusxalarni berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi ularni hujjatlari olib qoʻyilgan shaxsga olib qoʻyilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida beradi. Qolgan hollarda soliq toʻlovchining imzosi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan hujjatlarning koʻchirma nusxalari olib qoʻyiladi.
