148-modda. Kredit tashkilotlarining xizmatlarni realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Kredit tashkilotlarining xizmatlarni realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlariga quyidagilar kiradi:
1) kredit tashkilotining oʻz nomidan va oʻz hisobidan pul mablagʻlarini joylashtirishdan, kreditlar hamda zayomlar berishdan olinadigan foizlar, boshqa foizli daromadlar. Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida berilgan kreditlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq foizlarni toʻlash boʻyicha imtiyozli davr berilgan kreditlar boʻyicha foizli daromadlar kredit shartnomasiga koʻra olish muddati yetib kelmagunicha soliq solinadigan daromad sifatida qaralmaydi;
2) mijozlarning, shu jumladan vakil banklarning hisobvaraqlarini ochganlik va yuritganlik hamda ularning topshirigʻiga binoan hisob-kitoblarni amalga oshirganlik uchun olingan haq, shu jumladan joʻnatma, inkasso, akkreditiv va boshqa operatsiyalar, bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun moʻljallangan toʻlov kartalarini hamda boshqa maxsus vositalarni rasmiylashtirganlik va xizmat koʻrsatganlik uchun, hisobvaraqlar boʻyicha koʻchirmalarni hamda boshqa hujjatlarni taqdim etganlik uchun va summalarni qidirganlik uchun vositachilik haqi hamda boshqa pul mukofotlari;
3) pul mablagʻlarini inkassatsiya qilishdan, veksellardan, toʻlov va hisob-kitob hujjatlaridan hamda mijozlarga kassa xizmati koʻrsatishdan olinadigan daromadlar;
4) naqd pulli va naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarini oʻtkazishdan, shu jumladan chet el valyutasini sotib olish yoki sotish, jumladan mijozning hisobidan va uning topshirigʻi boʻyicha operatsiyalarda vositachilik va boshqa mukofotlar, valyuta boyliklari bilan operatsiya qilishdan olinadigan daromadlar;
5) uchinchi shaxslar uchun pul shaklida ijro etilishini nazarda tutuvchi bank kafolatlari, majburiyatlari, avallari va kafilliklari berishga doir operatsiyalardan olinadigan pul shaklidagi mukofot;
7) hujjatlarni va qimmatliklarni saqlash uchun maxsus jihozlangan xonalar va seyflarni ijaraga berishdan olinadigan daromadlar;
8) pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, boshqa boyliklar va bank hujjatlarini yetkazib berganlik, tashiganlik uchun haq;
9) qimmatbaho metallar hamda qimmatbaho toshlarni tashiganlik va saqlab turganlik uchun haq;
10) forfeyting va faktoring operatsiyalarini amalga oshirishdan olinadigan daromadlar;
