147-modda. Chegirilmaydigan xarajatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq solinadigan foydani aniqlashda chegirilmaydigan xarajatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) moddiy qimmatliklarning tabiiy kamayishi normalaridagi ortiqcha yoʻqotishlar va buzilishlar;
2) umumiy ovqatlanish korxonalariga yoki boshqa chet tashkilotlarga joylarni bepul berish xarajatlari, ushbu korxonalar va tashkilotlar uchun kommunal xizmatlar koʻrsatish qiymatini toʻlash;
3) soliq toʻlovchining ushbu Kodeksning 177-moddasida nazarda tutilgan, jismoniy shaxsning moddiy naf tarzidagi daromadlari hisoblanadigan xarajatlari;
4) dala taʼminoti, xizmat maqsadida xodimning shaxsiy avtotransportdan foydalanganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha toʻlangan toʻlovlar;
5) pensiyalarga qoʻshimcha va ustamalar;
6) xodimlarga toʻlanadigan moddiy yordam, bundan ushbu Kodeksning 143 va 145-moddalarida nazarda tutilgan moddiy yordam mustasno;
7) badallar, homiylik va xayriya yordami tarzidagi mablagʻlar;
8) qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiq holda atrof muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari;
9) kredit shartnomasida muddatli qarzlar uchun nazarda tutilgan stavkalardan ortiqcha boʻlgan, toʻlov muddati oʻtgan hamda uzaytirilgan kreditlar (zayomlar) boʻyicha foizlar;
10) loyihalardagi va qurilish-montaj ishlaridagi kamchiliklarni, shuningdek obyekt yonidagi omborgacha tashib keltirilishi chogʻida yuz bergan buzilishlar va deformatsiyalarni bartaraf etish boʻyicha xarajatlar, korroziyaga qarshi muhofazadagi nuqsonlar tufayli taftish oʻtkazish (asbob-uskunalarni qismlarga ajratish) xarajatlari, mazkur xarajatlarni kamchiliklar, buzilishlar yoki zararlar uchun javobgar boʻlgan mahsulot yetkazib beruvchi yoki boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisobidan oʻrnini qoplash mumkin boʻlmagan miqdordagi boshqa shunga oʻxshash xarajatlar;
11) aybdorlari aniqlanmagan oʻgʻirliklar va kamomadlardan yoki zarur summalarning oʻrnini aybdor taraf hisobidan qoplash mumkin boʻlmaganda koʻrilgan zararlar;
12) soliq toʻlovchining asosiy vositalari chiqib ketishidan (balansdan chiqarilishidan) koʻrilgan (buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan) zararlar, bundan ushbu Kodeks 145-moddasi 40-bandining “e” va “j” kichik bandlarida koʻrsatilgan zararlar mustasno;
13) xoʻjalik shartnomalari shartlarini va qonun hujjatlarini buzganlik uchun toʻlangan yoki tan olingan jarimalar, penya hamda boshqa turdagi sanksiyalar;
