146-modda. Hisobot davrining soliq solinadigan foydadan kelgusida chegiriladigan xarajatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu moddada keltirilgan xarajatlar agar ushbu moddaning ikkinchi qismida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa ular yuzaga kelgan paytda, joriy hisobot davrida soliq solinadigan foydani hisoblab chiqarishda chegirilmaydi, ular keyingi davrlarda, soliq toʻlovchining hisob siyosati bilan belgilangan, lekin oʻn yildan koʻp boʻlmagan muddat ichida chegirilishi lozim. Bunday xarajatlarga quyidagilar kiradi:
1) yangi ishlab chiqarishlar, sexlar, agregatlarni, shuningdek seriyali va ommaviy ishlab chiqariladigan yangi mahsulot turlarini hamda texnologik jarayonlarni oʻzlashtirish xarajatlari;
2) barcha turdagi asbob-uskunalar va texnik qurilmalarni, ularning oʻrnatilish sifatini tekshirib koʻrish maqsadida kompleks sinab koʻrish (ishlab turgan holatida) xarajatlari;
3) ishchi kuchlari qabul qilish va yangi ishga tushirilgan korxonada ishlash uchun kadrlar tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlar;
4) asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarning buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq hisoblangan amortizatsiya summasi bilan ushbu Kodeksning 144-moddasiga muvofiq belgilangan normalar boʻyicha hisoblangan amortizatsiya summasi oʻrtasidagi ijobiy farq;
Ushbu modda birinchi qismining 1 — 3-bandlarida koʻrsatilgan xarajatlar ular yuzaga kelgan paytda joriy hisobot davrida ham chegirilishi mumkin.
Shubhali qarzlar boʻyicha zaxira tashkil etish uchun qilingan xarajatlar ushbu Kodeksga muvofiq umidsiz deb eʼtirof etilgan qarzdorlikni hisobdan chiqarilayotganda, hisobdan chiqarilishi lozim boʻlgan umidsiz qarzdorlik miqdoridan oshmaydigan summada chegirib tashlanadi.
