145-modda. Boshqa xarajatlar — Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi
145-modda. Boshqa xarajatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Boshqa xarajatlarga quyidagilar kiradi:
1) soliq toʻlovchining faoliyatini amalga oshirish uchun oʻzga yuridik yoki jismoniy shaxslar bajargan ishlar va xizmatlar qiymati, bularga quyidagilar kiradi:
mahsulot ishlab chiqarish (tayyorlash) boʻyicha ayrim operatsiyalarni bajarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish, xom ashyoga (materiallarga) ishlov berish, belgilangan texnologik jarayonlarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish, asosiy vositalarga texnik xizmat koʻrsatish va boshqa shu kabi ishlar;
oʻzga yuridik va jismoniy shaxslarning transport xizmatlari;
ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etish uchun yoki soliq toʻlovchining faoliyati bilan bogʻliq boshqa vazifalarni bajarish uchun oʻzga yuridik shaxslar tomonidan xodimlarni (texnik personalni) taqdim etishga doir xizmatlar uchun xarajatlari;
2) asosiy vositalar va boshqa mol-mulkni ish holatida saqlash xarajatlari (texnik koʻrik va qarov, oʻrtacha, joriy hamda kapital taʼmirlash xarajatlari). Asosiy vositalarni kapital taʼmirlashni amalga oshirish xarajatlarining bir maromda kiritib borilishini taʼminlash uchun soliq toʻlovchi asosiy vositalarning kelgusi taʼmirlanishi uchun belgilangan tartibda zaxiralar tashkil etishga haqli;
3) ijara toʻlovlari, shuningdek ijaraga olingan asosiy vositalarni saqlab turish bilan bogʻliq xarajatlar;
4) konservatsiyaga qoʻyilgan ishlab chiqarish quvvatlari va obyektlarini saqlash xarajatlari (boshqa manbalar hisobiga qoplanadigan xarajatlardan tashqari);
5) vakolatli tashkilotlar tomonidan muayyan huquqlar yoki litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni berishni nazarda tutuvchi hujjatlarni berganlik uchun yigʻimlar, bojlar va boshqa toʻlovlarni toʻlash boʻyicha xarajatlar, shuningdek tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) ekspertizadan oʻtkazish hamda mahsulotni sertifikatlashtirish bilan bogʻliq xarajatlar;
6) mahsulotni sotish bozorlarini oʻrganish xarajatlari;
7) inventarni, xoʻjalik anjomlarini va maxsus ish kiyimlarini yuvish, tuzatish hamda dezinfeksiya qilish xarajatlari summasi yoki ularga toʻlangan haq;
8) qatʼiy hisobotdagi blanklarni, kvitansiyalar va boshqa hujjatlarni tayyorlash xarajatlari summasi yoki ularni olish uchun toʻlangan haq;
9) tushumni inkassatsiya qilish xarajatlari;
10) reklama uchun xarajatlar;
11) vakillik xarajatlari Vakillik xarajatlariga soliq toʻlovchining oʻzaro hamkorlik oʻrnatish yoki uni saqlab turish, shuningdek soliq toʻlovchining boshqaruv va nazorat organlari majlislariga kelgan ishtirokchilarni qabul qilish hamda ularga xizmat koʻrsatish maqsadlarida qiladigan xarajatlari kiradi. Bu xarajatlar mazkur shaxslarning rasmiy qabulini oʻtkazish, transport taʼminoti, ovqatlanishi va turar joyi, soliq toʻlovchining shtatida turmagan tarjimonlar xizmatiga haq toʻlash xarajatlaridir.
12) kafolatli xizmat muddati belgilangan buyumlarni kafolatli taʼmirlash va ularga kafolatli xizmat koʻrsatish xarajatlari;
13) telekommunikatsiyalar va pochta xizmatlari uchun toʻlanadigan haq;
14) xizmat safarlari uchun xarajatlar:
a) tasdiqlovchi hujjatlar asosida xizmat safarlari joyiga borish va qaytib kelish uchun haqiqatda qilingan xarajatlar, shu jumladan joyni band qilib qoʻyish haqi. Yoʻl hujjatlari boʻlmagan taqdirda, xarajatlar temir yoʻl transportidagi (yoki agar temir yoʻl aloqasi boʻlmasa, shaharlararo avtobusdagi) yoʻl haqi qiymati miqdorida, lekin aviachipta qiymatining 30 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda chegirib tashlanadi;
b) tasdiqlovchi hujjatlar asosida joyni ijaraga olish uchun sarflangan haqiqiy xarajatlar, shu jumladan joyni band qilib qoʻyish xarajatlari;
v) xizmat safarida boʻlingan vaqt uchun toʻlanadigan kundalik xarajatlar uchun haq (sutkalik pullar);
g) qonun hujjatlarida belgilangan va hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa xarajatlar;
15) qonunlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan kompensatsiya toʻlovlari, ushbu Kodeksning 143-moddasida koʻrsatilganlari bundan mustasno;
16) soliq toʻlovchining faoliyatida talab etiladigan boshqa shaharlik, chet ellik mutaxassislarni ishga taklif qilish bilan bogʻliq xarajatlar;
17) auditorlik tekshiruvlari boʻyicha xarajatlar;
18) maslahat, axborot xizmatlariga, shuningdek buxgalteriya hisobini yuritish va tiklash boʻyicha xizmatlarga haq toʻlash;
19) bankning, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining va qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining xizmatlariga haq toʻlash;
20) kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek xodimlarning malakasini oshirish xarajatlari;
21) qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan hamda soliq toʻlovchining xarajatlariga kiritiladigan budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanadigan soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar ushbu Kodeks 147-moddasining 14 va 15-bandlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
22) assotsiatsiyalarga, jamgʻarmalarga va boshqa tashkilotlarga, shu jumladan xalqaro tashkilotlarga toʻlanadigan badallar, agar bunday badallarni toʻlash soliq toʻlovchi faoliyatining amalga oshirilishi uchun majburiy shart boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga binoan amalga oshirilsa;
23) mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va taʼminlash, texnika xavfsizligi, yongʻinga qarshi va soqchilik muhofazasini hamda texnikaviy foydalanish qoidalarida nazarda tutilgan boshqa maxsus talablarni taʼminlash xarajatlari;
24) litsenziya bitimlariga koʻra huquq egasi bilan shartnoma boʻyicha elektron-hisoblash mashinalari va maʼlumotlar bazalari dasturlaridan foydalanish huquqini olish bilan bogʻliq xarajatlar. Mazkur xarajatlarga elektron-hisoblash mashinalari va maʼlumotlar bazalari uchun dasturlarni yangilashga doir xarajatlar ham kiradi;
25) intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlardan va xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalardan (xususan, ixtirolarga, sanoat namunalariga va intellektual mulkning boshqa turlariga boʻlgan patentlardan yuzaga keladigan huquqlardan) foydalanganlik uchun toʻlovlar;
26) buxgalteriya hisobotini eʼlon qilish, shuningdek boshqa axborotni, agar qonun hujjatlarida ularni eʼlon qilishni (oshkor qilishni) amalga oshirish majburiyati soliq toʻlovchining zimmasiga yuklangan boʻlsa, eʼlon qilish va boshqacha tarzda oshkor qilish xarajatlari;
27) xodimning mehnatda mayib boʻlishi yoki uning sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilishi yoxud xodim oila aʼzosining vafoti munosabati bilan beriladigan yoki xodimning vafoti munosabati bilan oila aʼzolariga beriladigan moddiy yordam;
29) qonun hujjatlariga muvofiq qayta tashkil etilishi, xodimlar (shtatlar) sonining qisqarishi munosabati bilan ozod etiladigan xodimlarga toʻlovlar;
30) tibbiy yordam punktini saqlab turish xarajatlari, xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazganlik va profilaktika tadbirlari uchun tibbiyot muassasalariga toʻlanadigan haq;
31) sogʻliqni saqlash obyektlari, qariyalar va nogironlar uylari, sogʻlomlashtirish oromgohlari, madaniyat hamda sport obyektlari, taʼlim obyektlari, shuningdek, uy-joy fondi obyektlari taʼminotiga doir xarajatlar (shu jumladan, amortizatsiya ajratmalari va barcha turdagi taʼmirlash ishlarini oʻtkazish xarajatlari);
32) ixtiyoriy sugʻurta uchun sugʻurta mukofotlari (badallari), yuridik shaxs tomonidan jismoniy shaxslar foydasiga toʻlanadigan sugʻurta mukofotlari (badallari), agar ushbu moddaning 33-bandida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bundan mustasno;
33) Oʻzbekiston Respublikasida sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga hayotni uzoq muddatli sugʻurta qilish boʻyicha toʻlanadigan sugʻurta mukofotlari summalari;
34) sugʻurtaning majburiy turlariga sugʻurta mukofotlari (badallari);
35) atrof muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida kompensatsiya toʻlovlari;
36) faoliyat bilan bogʻliq ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari uchun xarajatlar, bundan asosiy vositalarni sotib olish, ularni oʻrnatish hamda kapital tusdagi boshqa xarajatlar mustasno. Loyiha-smeta hujjatlari, bajarilgan ishlar dalolatnomasi va tegishli ilmiy-tadqiqot, loyihalash, izlanish hamda tajriba-konstruktorlik ishlari oʻtkazilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar bunday xarajatlarni chegirmalar jumlasiga kiritish uchun asos boʻladi;
37) ishlab chiqarish tusidagi ixtirochilik, ratsionalizatorlik, tajriba-eksperimental ishlarini oʻtkazish, ixtirochilik va ratsionalizatorlik takliflari boʻyicha modellar va namunalarni tayyorlash hamda ularni sinash, ixtirochilik va ratsionalizatorlik boʻyicha koʻrgazmalar va koʻriklar, tanlovlar tashkil etish, ixtirochilik va ratsionalizatorlik boʻyicha boshqa tadbirlar, mualliflik haqini toʻlash, yangi texnologiyalar yaratish hamda qoʻllanilayotgan texnologiyalarni takomillashtirish, yangi turdagi xom ashyo va materiallarni yaratish, ishlab chiqarishni qayta jihozlash xarajatlari;
38) soliq toʻlovchi tomonidan geologik tadqiqotlar va tabiiy resurslarni qazib olish boʻyicha tayyorgarlik ishlari uchun amalga oshirilgan, jami daromaddan keyingi yillar mobaynida bir maromda yiliga 15 foizdan oshmagan miqdorda chegirib tashlanadigan xarajatlar;
39) qazib oluvchi tarmoqlarda xarajatlarni qoplashning belgilangan muddati mobaynida teng ravishda ishlab chiqarish tannarxiga yoki qazib olingan mahsulotning hajmiga va miqdoriga mutanosib ravishda hisobdan chiqariladigan tayyorgarlik ishlariga doir xarajatlar;
40) zararlar va yoʻqotishlar:
a) bekor qilingan ishlab chiqarish buyurtmalari boʻyicha;
b) tara bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha;
v) umidsiz qarzdorlikni hisobdan chiqarishdan koʻrilgan zararlar, bundan shubhali qarzlar boʻyicha tashkil etilgan zaxira hisobiga hisobdan chiqarish mustasno;
g) hisobot yilida aniqlangan oʻtgan yillardagi operatsiyalar boʻyicha xarajatlar va zararlar, bundan ushbu Kodeksning 147-moddasiga muvofiq chegirib tashlanmaydigan xarajatlar va zararlar mustasno;
d) tabiiy ofatlar (ishlab chiqarish zaxiralari, tayyor mahsulotlar va boshqa moddiy boyliklarning nobud boʻlishi hamda buzilishi, ishlab chiqarishning toʻxtashi oqibatidagi yoʻqotishlar va boshqalar) tufayli koʻrilgan oʻrni qoplanmaydigan yoʻqotishlar va zararlar, shu jumladan tabiiy ofatlar oqibatlarini oldini olish yoki ularni bartaraf etish bilan bogʻliq xarajatlar;
e) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida mol-mulkni bepul topshirishdan koʻrilgan zararlar, shuningdek telekommunikatsiyalar tarmoqlarida tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalarini bepul topshirishdan hamda ulardan bepul foydalanish va ularga xizmat koʻrsatishdan koʻrilgan zararlar;
j) uch yildan ortiq foydalanilgan asosiy vositalarni realizatsiya qilishdan koʻrilgan zararlar;
z) asosiy vositalarni har yili amalga oshiriladigan qayta baholash natijasida vujudga keladigan ilgarigi qoʻshimcha baholashdan (bahoning arzonlashtirilgan summasidan) olinadigan oʻsishdan ortadigan bahoni arzonlashtirish summasi;
i) yaroqsiz mahsulotdan koʻrilgan yoʻqotishlar;
k) ichki ishlab chiqarish sabablariga koʻra bekor turib qolishlardan koʻrilgan yoʻqotishlar;
l) tashqi sabablarga koʻra (yuridik shaxsning aybisiz) bekor turib qolishlardan koʻrilgan, aybdorlar tomonidan kompensatsiya qilinmaydigan yoʻqotishlar;
m) qarz summasi bilan mazkur qarzni yuzaga keltirgan realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxi oʻrtasidagi farqdan oshmaydigan summa doirasidagi qarzni talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechishdan koʻrilgan zararlar;
41) kreditlar (zayomlar) boʻyicha foizlar, bundan investitsiya davrida kapital qoʻyilmalar tarkibiga kiruvchi investitsiyalar uchun olingan kreditlar va zayomlar boʻyicha foizlar mustasno;
42) kredit shartnomasida nazarda tutilgan stavkalar doirasida muddati oʻtgan va uzaytirilgan kreditlar (zayomlar) boʻyicha foizlar, bundan investitsiya davrida kapital qoʻyilmalar tarkibiga kiruvchi investitsiyalar uchun olingan kreditlar va zayomlar boʻyicha foizlar mustasno;
43) valyuta hisobvaraqlari, shuningdek chet el valyutasidagi operatsiyalar boʻyicha kursdagi salbiy farq, bu farq buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi hollarda jami daromaddan chegirib tashlanadi:
chet el valyutasi ushbu chet el valyutasiga boʻlgan mulk huquqining oʻtish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursdan past narxda sotilganda;
chet el valyutasi ushbu chet el valyutasiga boʻlgan mulk huquqining oʻtish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursdan yuqori narxda sotib olinganda;
chet el valyutasi kursining oʻzgarishi munosabati bilan tegishli hisobot davri uchun balansning valyuta moddalari qayta baholanganda.
Baholari chet el valyutasida belgilangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutada amalga oshiradigan soliq toʻlovchilar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilingan yoki olingan sanadan ushbu tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) haq toʻlangan sanagacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursdagi oʻzgarish munosabati bilan yuzaga keluvchi salbiy farq buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) haq toʻlangan sanadagi jami daromaddan chegirib tashlanadi;
44) oʻzining qimmatli qogʻozlarini chiqarish va tarqatish bilan bogʻliq xarajatlar;
45) moliyaviy ijara, shu jumladan lizing boʻyicha ijaraga beruvchining (lizing beruvchining) foizli daromadi boʻlgan mablagʻlarni toʻlashga doir xarajatlar;
46) soliq toʻlovchi tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar va boshqa qarz qimmatli qogʻozlari boʻyicha foizlar tarzidagi xarajatlar;
47) favqulodda zararlar. Favqulodda zararlar — soliq toʻlovchilarning odatdagi faoliyati doirasidan chetga chiquvchi voqealar yoki operatsiyalar natijasida vujudga keladigan va roʻy berishi kutilmagan odatdan tashqari xarajatlarning moddalaridir. U yoki bu modda favqulodda zararlar moddasi sifatida aks ettirilishi uchun u quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:
yuridik shaxsning odatdagi xoʻjalik faoliyati uchun xos boʻlmasligi;
bir necha yil mobaynida takrorlanmasligi;
48) ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik subyektining muassislari (ishtirokchilari) tomonidan uning majburiyatlarini bajarish uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlar. Ixtiyoriy tugatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan yoki tugatish tartib-taomili toʻxtatilgan va faoliyat qayta tiklangan taqdirda ushbu mablagʻlar chegirib tashlanadigan xarajatlar sifatida qaralmaydi;
49) vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalarini, bolani ikki yoshga toʻlguniga qadar parvarishlash nafaqalarini, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan boshqa nafaqalarni toʻlash xarajatlari.
50) xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan ishdan boʻshatish nafaqasi va boshqa toʻlovlar shuningdek pensiyaga chiqayotgan mehnat faxriylariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqalar;
51) mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda band boʻlgan xodimlarni mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan shoʻr suv, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlash xarajatlari;
52) xodimlarni ish joyiga olib kelish va qaytarib olib ketish xarajatlari;
53) xodimga xizmat vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, formali kiyim-bosh berish xarajatlari yoki ularni pasaytirilgan baholarda sotish munosabati bilan qilingan xarajatlar, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ayrim toifadagi xodimlarni oʻz xizmat vazifalarini bajarishi chogʻida oziq-ovqat bilan taʼminlash xarajatlari;
54) xodim boshqa joyga ishga oʻtkazilganda yoxud koʻchib borganda koʻchish, mol-mulkini koʻchirib borish, joy ijarasi (yoʻl xarajatlari uchun beriladigan pul) xarajatlari;
55) mehnatda mayib boʻlganlik, kasb kasalligi yoki sogʻliqqa boshqacha shikast yetganligi bilan bogʻliq zararning oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlar.
56) boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan quyidagi miqdordagi toʻlovlar:
marhum oʻrtacha oylik ish haqining vafot etgan boquvchining qaramogʻida boʻlgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga toʻgʻri keladigan ulushi miqdoridagi toʻlovlar;
boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirishga haqli boʻlgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa tariqasida marhumning oʻrtacha yillik ish haqining olti baravari miqdoridagi toʻlovlar.
57) abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haq.
58) yordamchi xoʻjaliklar tomonidan ishlab chiqariladigan va soliq toʻlovchining umumiy ovqatlanish ehtiyojlari uchun beriladigan tovarlarning narxlaridagi farqlar (zararlar);
59) xoʻjalik boshqaruvi organini saqlab turish uchun ajratmalar;
60) nodavlat pensiya jamgʻarmalariga ajratmalar;
61) ishonchli boshqaruvchilar xizmatlarining qiymatini toʻlashga doir xarajatlar;
62) boshqa xarajatlar, bundan ushbu Kodeksning 147-moddasida koʻrsatilgan xarajatlar mustasno.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 145-modda. Boshqa xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi. neolex.uz/uz/laws/law-1286689/145 (lex.uz/docs/-1286558)