149-modda. Kredit tashkilotlarining chegiriladigan xarajatlarini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Kredit tashkilotlarining chegiriladigan xarajatlariga ushbu Kodeksning 142—146-moddalarida nazarda tutilgan xarajatlardan tashqari quyidagilar kiradi:
1) kredit resurslari uchun toʻlovlar, pul mablagʻlari va qimmatliklarni tashish hamda saqlash xarajatlari;
2) mijozlarning depozit hisobvaraqlari, shu jumladan jismoniy shaxslarning omonatlari boʻyicha hisoblangan va toʻlangan foizlar;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan normalar doirasida tavakkalchilik operatsiyalari boʻyicha zaxiralarga ajratmalar.
Tijorat banklarining soliq solinadigan foydasidan ular oʻz filiallariga beradigan mol-mulk qiymati chegirib tashlanadi.
