70-modda. Kameral nazorat
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Kameral nazorat soliq toʻlovchi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotini, shuningdek soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organidagi mavjud boshqa hujjatlarni oʻrganish hamda tahlil etish asosida amalga oshiriladigan nazoratdir.
Kameral nazorat soliq toʻlovchining huzuriga bormasdan davlat soliq xizmati organi joylashgan yerda amalga oshiriladi.
Kameral nazoratning maqsadi soliq toʻlovchiga davlat soliq xizmati organlari tomonidan kameral nazorat natijalari boʻyicha aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklarni mustaqil ravishda bartaraf etish huquqini berishdan iboratdir.
Agar soliq hisobotini toʻldirishda xatoliklarga yoʻl qoʻyilganligi yoki taqdim etilgan soliq hisobotida koʻrsatilgan va davlat soliq xizmati organlaridagi mavjud maʼlumotlar oʻrtasida ziddiyatlar borligi kameral nazorat jarayonida davlat soliq xizmati organi tomonidan aniqlansa, bu haqda soliq toʻlovchiga tegishli tuzatishlar kiritish talab qilingan holda yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabar qilinadi.
Tuzatishlar kiritish haqidagi talabnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilgan taqdirda, ushbu talabnoma buyurtma xat olingan, pochta joʻnatmasi topshirilganligi toʻgʻrisidagi bildirish blankasida koʻrsatilgan sanada olingan deb hisoblanadi.
Soliq toʻlovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish uchun nazarda tutilgan tartibda tegishli soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha tuzatilgan soliq hisobotini yoxud aniqlangan tafovutlarning asosini tuzatishlar kiritish haqidagi talabnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda, tasdiqlovchi hujjatlarni yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda ilova qilgan holda taqdim etishi shart.
Soliq toʻlovchi tomonidan aniqlangan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish yuzasidan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi.
Soliq monitoringi amalga oshiriladigan soliq davri uchun kameral nazorati oʻtkazilmaydi, bundan soliq monitoringi muddatidan ilgari tugatilgan hollar mustasno.
