71-modda. Xronometraj koʻzdan kechirish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Xronometraj koʻzdan kechirish — xronometraj oʻtkaziladigan davrda tushumlarning haqiqiy hajmlarini, pul tushumi summalarini, ishlab chiqarish hajmlarini, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish hajmlarini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) haqiqiy realizatsiya hajmlarini aniqlashga doir soliq nazoratining shaklidir.
Pul tushumini, ishlab chiqarish hajmlarini va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish hajmlarini xronometraj koʻzdan kechirish tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi soliq toʻlovchilarda, bevosita tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish joyida, mahsulot ishlab chiqarish sexlarida, shuningdek ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish joylarida hamda soliq toʻlovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obyektlarini saqlash bilan bogʻliq boshqa joylarda davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan oʻtkaziladi.
Xronometraj koʻzdan kechirishni oʻtkazish muddati yetti kalendar kundan ortiq boʻlmasligi kerak.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishning haqiqiy hajmlarini aniqlash boʻyicha xronometraj koʻzdan kechirishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni hisobga olish jarayonida soliq toʻlovchi tomonidan realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) hamda soliq solish obyektlarining haqiqiy hajmlari kamaytirilganligini taxmin qilish imkonini beradigan tafovutlar aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan qabul qilinadi.
Davlat soliq xizmati organining realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) haqiqiy hajmlarini aniqlash boʻyicha xronometraj koʻzdan kechirishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻida xronometraj oʻtkaziladigan soliq toʻlovchi, uning identifikatsiya raqami, xronometrajni oʻtkazish joyi va muddati, davlat soliq xizmati organining xronometrajni oʻtkazadigan mansabdor shaxslari majburiy tartibda koʻrsatiladi.
Realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) haqiqiy hajmlarini aniqlash boʻyicha xronometraj koʻzdan kechirish ishlab chiqarish, realizatsiya qilish hajmlarini hamda pul mablagʻlari tushumini kuzatish va qayd etish orqali oʻtkaziladi. Bunda xronometrajni oʻtkazishga boshqa shaxslarni, shu jumladan ekspertlarni jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
