711-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring xoʻjalik yurituvchi subyektlarning soliq solinadigan bazani aniqlashtirish maqsadida xodimlarning hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligini aniqlash uchun amalga oshiriladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan joylarga chiqqan holda, soliq toʻlovchi foydalanadigan obyektlarda va hududlarda soliq toʻlovchining mansabdor shaxslari yoki ularning vakillari ishtirokida, mavjud xodimlarning sonini birma-bir sanab chiqish hamda maʼlumotnoma bilan rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish uchun quyidagilar asos boʻladi:
davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilgan kameral nazorat natijalariga koʻra, davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻlovchilar tomonidan taqdim etilgan hisobotlarda ish haqi fondi, shuningdek xodimlar soni kamaytirilganligini taxmin qilish imkonini beradigan tafovutlar yoki nomutanosibliklar mavjudligi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
vazirliklar va idoralarning davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan soliq maʼlumotlarida va hisobotlarida koʻrsatilgan xodimlar soni oʻrtasida farqlarning mavjudligi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan amalga oshiriladigan monitoring toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobiga kiritilmaydi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish toʻgʻrisidagi buyruq davlat soliq xizmati organlarining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan qabul qilinadi. Buyruqda monitoring amalga oshiriladigan subyekt, faoliyatning asosiy turi, joyi va muddatlari, monitoringni amalga oshirish uchun asos boʻlgan farq yoki nomuvofiqliklar, shuningdek davlat soliq xizmati organlarining monitoringni amalga oshiruvchi xodimlari koʻrsatiladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshiruvchi xodimlar tomonidan soliq toʻlovchidan boshqa axborot yoki tushuntirishlar talab qilishga yoxud uning moliya-xoʻjalik faoliyatiga boshqacha shaklda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
