712-modda. Mavzuli ekspress-oʻrganish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Mavzuli ekspress-oʻrganish kameral nazorat natijalari boʻyicha joyiga chiqqan holda soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligini hamda soliq toʻlovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllashning qonuniyligini tasdiqlash uchun amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchi tomonidan davlat soliq xizmati organining kameral nazorat natijalariga doir talabnomasiga javoban taqdim etilgan axborotning ishonchliligini tasdiqlash maqsadida ushbu axborotni oʻrganish zarurligi mavzuli ekspress-oʻrganishni tayinlash uchun asos boʻladi.
Mavzuli ekspress-oʻrganishlarni tayinlash mezonlari quyidagilardan iborat:
soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllashning qonuniyligi;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan sof foyda toʻgʻrisidagi hisobotlardagi hamda dividendlarni hisoblashdagi, shuningdek davlat unitar korxonalari tomonidan sof foydani hamda sof foydaning 30 foizi miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ajratmalarni aniqlashdagi davlat soliq xizmati organlaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa mavjud maʼlumotlar bilan tafovutlar;
olingan va realizatsiya qilingan tovar-moddiy qimmatliklar, bajarilgan ishlarning va koʻrsatilgan xizmatlar hajmlarining, nomenklaturasining (assortimentining) va summalarining kameral nazorat natijasida soliq toʻlovchining bank hisobvaraqlari boʻyicha pul mablagʻlari harakati tahlili chogʻida aniqlangan nomutanosibligi;
soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga axborot taqdim etish majburiyati yuklatilgan organlar va tashkilotlardan davlat soliq xizmati organlariga kelib tushgan axborot boʻyicha aniqlangan tafovutlar hamda chetga chiqishlar;
valyuta toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari sohasida aniqlangan qoidabuzarliklar, shu jumladan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha import va eksport qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining oshirib yuborilishi va kamaytirilishi.
Mavzuli ekspress-oʻrganish faqat kameral nazorat amalga oshirilgan soliq davri uchun amalga oshirilishi lozim. Mavzuli ekspress-oʻrganishni amalga oshirish muddati yetti kalendar kundan ortiq boʻlmasligi kerak.
Zarur hollarda (foydali qazilmalarni kavlab olish hajmini aniqlashda, nazorat oʻlchovlari va hokazoda) mavzuli ekspress-oʻrganishda ishtirok etish uchun oʻrganish natijasidan manfaatdor boʻlmagan ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar jalb etilishi mumkin.
