69-modda. Budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlarni hisobga olish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Davlat soliq xizmati organlari, bojxona organlari hamda zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish vazifasi yuklatilgan boshqa davlat organlari hamda tashkilotlari budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar hisobini yuritishi kerak.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar tushumini hisobga olish budjet klassifikatsiyasiga muvofiq yuritiladi.
Davlat soliq xizmati organlari budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar hisobini soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning, shuningdek penya va jarimalarning hisoblangan hamda toʻlangan summalarini aks ettirish orqali yuritadi.
Soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning har bir turi boʻyicha ochiladi.
Soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Bojxona organlari tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtilishi munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha budjetga hamda davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar hisobini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda yuritadi.
Undirilishi boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan ayrim turdagi boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha budjetga tushumlarni hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
