68-modda. Soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni hisobga olish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni hisobga olish davlat soliq xizmati organi tomonidan har bir soliq toʻlovchi boʻyicha hamda u toʻlayotgan barcha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha, soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, shu jumladan elektron shaklda shakllantirish va yuritish orqali amalga oshiriladi.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotlarining maʼlumotlari, ushbu Kodeksning 84-moddasida nazarda tutilgan organlar, tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar, shuningdek davlat soliq xizmati organlari boshqa manbalardan toʻplagan, shu jumladan soliq tekshiruvlari vaqtida toʻplagan axborotlar asosida shakllantiriladi.
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning qoidalari tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtilishi munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarga, shuningdek undirilishi tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan boshqa majburiy toʻlovlarga tatbiq etilmaydi.
Davlat soliq xizmati organlarida mavjud boʻlgan soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi axborotni aniqlashtirish maqsadida davlat soliq xizmati organlari zaruratga qarab, lekin yiliga koʻpi bilan bir marta keyinchalik soliq solinadigan bazaga tuzatishlar kiritish uchun soliq toʻlovchida koʻzdan kechirish hamda soʻrov oʻtkazishni amalga oshirishga haqli.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi axborotni aniqlashtirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
