67-modda. Soliq nazoratining shakllari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq nazorati quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
soliq toʻlovchilarni hisobga olish;
soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni hisobga olish;
budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlarni hisobga olish;
kameral nazorat;
xronometraj koʻzdan kechirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi sonining va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring;
soliq tekshiruvlari;
mavzuli ekspress-oʻrganish;
fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qoʻllash;
aksiz toʻlanadigan ayrim turdagi tovarlarni markalash, shuningdek ayrim korxonalarda moliya inspektori lavozimini joriy etish;
davlat daromadiga qaratilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan pul mablagʻlari davlat daromadiga oʻz vaqtida va toʻliq tushishini nazorat qilish;
boshqa majburiy toʻlovlarni undirish vazifasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar ustidan nazorat qilish;
soliq monitoringi.
Bojxona organlari tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan olib oʻtilishi munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish boʻyicha soliq nazoratini oʻz vakolatlari doirasida ushbu Kodeksga va bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Soliq nazorati amalga oshirilayotganda ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlarining qoidalarini buzgan holda soliq toʻlovchi toʻgʻrisida axborot toʻplash, saqlash, undan foydalanish va uni tarqatishga, shuningdek soliq sirini oshkor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qonun hujjatlarining talablarini buzgan holda olingan soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hujjatlar yoki boshqa axborot soliq toʻlovchini soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka tortishga asos boʻla olmaydi.
