277-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish soliq toʻlovchining yashash joyidan qatʼi nazar, soliq solish obyekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organning maʼlumotlari asosida amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeksning 275-moddasida koʻrsatilgan imtiyozlarni olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar imtiyozlarni olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni mustaqil ravishda taqdim etadilar.
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi mol-mulkning 1-yanvarga boʻlgan holatiga koʻra kadastr qiymatidan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Bir nechta mulkdorning umumiy ulushli mulkida boʻlgan imoratlar, binolar va inshootlar uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mulkdorlarning har biri tomonidan ularning ushbu imoratlar, binolar va inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda toʻlanadi.
Mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi kalendar yil mobaynida bir mulkdordan boshqasiga oʻtgan taqdirda, jismoniy shaxslarning mulkiga solinadigan soliq avvalgi mulkdor tomonidan shu yilning 1-yanvaridan eʼtiboran u mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini yoʻqotgan oyning boshlanishiga qadar, yangi mulkdor tomonidan esa unda mulk huquqi vujudga kelgan oydan eʼtiboran toʻlanadi.
Yangi imoratlar, binolar va inshootlar boʻyicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq ular barpo etilgan yildan keyingi yil boshidan eʼtiboran toʻlanadi.
Meros boʻyicha oʻtgan mol-mulk uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq merosxoʻrlarda mulk huquqi vujudga kelgan oydan eʼtiboran toʻlanadi.
Soliq solish obyekti yoʻq qilingan, vayron boʻlgan, buzib tashlangan taqdirda, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni undirish mol-mulk yoʻq qilingan, vayron boʻlgan yoki buzib tashlangan oydan eʼtiboran toʻxtatiladi. Soliq summasini qayta hisob-kitob qilish mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan yoʻq qilinganlik, vayron boʻlganlik, buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, amalga oshiriladi.
Kalendar yil mobaynida imtiyoz huquqi vujudga kelgan (amal qilishi tugagan) taqdirda, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq vujudga kelgan (amal qilishi tugagan) oydan eʼtiboran amalga oshiriladi.
