184-modda. Jismoniy shaxslarning daromadlariga toʻlov manbaida soliq solinadigan daromadlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliqni toʻlov manbaida hisoblab chiqarish, ushlab qolish va toʻlash majburiyati, agar ushbu Kodeksning 194-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, yuridik shaxslar, faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari hamda chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari zimmasiga yuklatiladi.
Jismoniy shaxslarning toʻlov manbaida soliq solinadigan daromadlariga quyidagi daromadlar kiradi:
1) ushbu Kodeksning 172-moddasiga muvofiq jismoniy shaxslarning mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari;
2) ushbu Kodeksning 177-moddasiga muvofiq moddiy naf tarzidagi daromadlar;
3) mulkiy daromadlar, agar daromadning toʻlov manbai yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti, faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti, chet el yuridik shaxsining vakolatxonasi boʻlsa, shuningdek ushbu Kodeksning 194-moddasida nazarda tutilgan hollarda;
4) ushbu Kodeksning 178-moddasiga muvofiq boshqa daromadlar, agar daromadning toʻlov manbai yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti, faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti, chet el yuridik shaxsining vakolatxonasi boʻlsa.
Mehnatga oid munosabatlarda boʻlmagan jismoniy shaxsga moddiy naf tarzida daromad toʻlovchi soliq agenti, jismoniy shaxsning yozma arizasi asosida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini ushlab qolmaslikka haqlidir. Bunda jismoniy shaxs moddiy naf tarzidagi daromad boʻyicha ushbu Kodeksning 189-moddasiga muvofiq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashi shart.
