185-modda. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini soliq agentlari tomonidan toʻlov manbaida ushlab qolish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Toʻlov manbaida soliq solish soliq solinadigan baza va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda soliq agentlari tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq agentlari soliq toʻlovchining ushbu Kodeksning 184-moddasida koʻrsatilgan daromadlaridan hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi summasini mazkur daromadlar haqiqatda toʻlanayotganda ushlab qolishlari shart.
Jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqning hisoblangan summasini soliq toʻlovchidan ushlab qolish soliq agenti soliq toʻlovchiga toʻlayotgan har qanday pul mablagʻlari hisobidan, mazkur pul mablagʻlari haqiqatda soliq toʻlovchiga yoki uning topshirigʻiga binoan uchinchi shaxslarga toʻlanayotganda amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining toʻgʻri ushlab qolinishi va oʻz vaqtida budjetga oʻtkazilishi uchun javobgarlik daromad toʻlayotgan soliq agentining zimmasida boʻladi. Mazkur soliq summasi ushlab qolinmagan taqdirda, soliq agenti ushlab qolinmagan summani hamda u bilan bogʻliq penyani budjetga toʻlashi shart.
