269-modda. Imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hisoblab chiqarilayotganda soliq solinadigan baza quyidagilarning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatiga (oʻrtacha yillik qiymatiga) kamaytiriladi:
1) kommunal xoʻjaligi obyektlarining. Kommunal xoʻjaligi obyektlariga quyidagilar kiradi: vodoprovod tarmoqlari (suv chiqarish inshootlari bilan), kanalizatsiya tarmoqlari (tozalash inshootlari bilan), gaz va issiqlikni taqsimlash tarmoqlari (ulardagi inshootlar bilan), kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun qozonxonalar (shu jumladan asbob-uskunalar);
2) madaniyat va sanʼat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, ijtimoiy taʼminot sohasiga kiradigan ijtimoiy-madaniy soha obyektlarining;
5) sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari obyektlarining;
8) tabiatni muhofaza qilish va sanitariya-tozalash maqsadlari, yongʻin xavfsizligi uchun foydalaniladigan obyektlarning. Obyektlarni tabiatni muhofaza qilish, sanitariya-tozalash maqsadlari va yongʻin xavfsizligi uchun foydalaniladigan obyektlarga kiritish tegishli ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yoki davlat yongʻin nazorati organining maʼlumotnomasi asosida amalga oshiriladi;
9) umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari, magistral truboprovodlar, aloqa va elektr uzatish liniyalarining, shuningdek ushbu obyektlarning ajralmas texnologik qismi boʻlgan inshootlarning;
10) konservatsiya qilinishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan koʻchmas mulk va tugallanmagan qurilish obyektlarining;
12) soliq toʻlovchining balansida boʻlgan hamda tadbirkorlik faoliyatida foydalanilmayotgan, fuqaro muhofazasi va safarbarlik ahamiyatiga molik obyektlarning;
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan quyidagilar ozod qilinadi:
1) sogʻliqni saqlash, jismoniy tarbiya hamda ijtimoiy taʼminot, taʼlim, madaniyat va sanʼat tashkilotlari;
2) uy-joy-kommunal xoʻjaligi va boshqa umumfuqaroviy ahamiyatga molik shahar xoʻjaligi korxonalari. Uy-joy-kommunal va boshqa umumfuqaroviy ahamiyatga molik shahar xoʻjaliklari jumlasiga uy-joy fondini bevosita boshqarish, saqlash hamda undan foydalanishni amalga oshiruvchi tashkilotlar, sanitariya tozalash va yigʻishtirish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, shaharlar hamda shaharchalarni tashqi yoritish, vodoprovod suv olish inshootlaridan, taqsimlanadigan tarmoqlardan (tozalovchi inshootlari bilan) foydalanish va suvni taqsimlash, kanalizatsiya tarmoqlaridan foydalanish (tozalash inshootlari bilan), gaz taqsimlanadigan tarmoqlardan foydalanish hamda gazni taqsimlash, qozonxona, issiqlik taqsimlanadigan tarmoqlardan foydalanish va kommunal-maishiy ehtiyojlarga hamda aholiga issiqlikni taqsimlashni bevosita amalga oshiruvchi tashkilotlar, xizmat binolarining xoʻjalik boshqarmalari, oʻt oʻchirish komandalari, uy-joy-kommunal xoʻjaligining xoʻjalik boshqarmalari, uy-joy-kommunal xoʻjaligi va shahar xoʻjaligining umumfuqaroviy ahamiyatga molik boshqa korxonalari kiradi;
