268-modda. Soliq solinadigan bazani belgilash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq solish obyektlarining oʻrtacha yillik qoldiq qiymati (oʻrtacha yillik qiymat) soliq davridagi har bir oyning oxirgi kunidagi holatga koʻra soliq solish obyektlarining qoldiq qiymatlarini (oʻrtacha yillik qiymatlarini) qoʻshishdan olingan summaning oʻn ikkidan bir qismi sifatida ortib boruvchi yakun bilan aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha soliq solinadigan baza mazkur obyektlarga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilgan qiymat asosida aniqlanadi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlovchi tomonidan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlash nazarda tutilmagan faoliyat turlari amalga oshirilgan taqdirda, soliq solinadigan baza soliq solinadigan va soliq solinmaydigan mol-mulk hisobini alohida-alohida yuritish asosida aniqlanadi. Alohida-alohida hisob yuritish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, soliq solinadigan baza faoliyatdan olinadigan sof tushumning umumiy hajmida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlash nazarda tutilgan sof tushumning solishtirma salmogʻidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
