271-modda. Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisob-kitoblarini taqdim etish va soliqni toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish ushbu Kodeks 267-moddasining birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda soliq toʻlovchi — Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning hisob-kitobi soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga yilda bir marta, yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi. Agar koʻchmas mulk soliq toʻlovchining soliq boʻyicha hisobga olish joyida joylashmagan boʻlsa, hisob-kitob koʻchmas mulk joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladi.
Soliq davri mobaynida soliq toʻlovchilar yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha joriy toʻlovlar toʻlaydilar.
Joriy toʻlovlar miqdorini hisoblab chiqarish uchun soliq toʻlovchilar joriy soliq davrining 10-yanvarigacha, yangi tashkil qilinganlari esa davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay, davlat soliq xizmati organlariga moʻljallanayotgan soliq solinadigan bazadan (tegishli yil uchun mol-mulkning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatidan (oʻrtacha yillik qiymatidan) va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblangan joriy soliq davri uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etadilar. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha majburiyatlari soliq davrida yuzaga kelgan soliq toʻlovchilar yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay taqdim etadilar.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan joriy toʻlovlar quyidagicha toʻlanadi:
mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan — yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq yillik summasining toʻrtdan bir qismi miqdorida yilning har choragi uchinchi oyining 25-kunidan kechiktirmay;
mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga kirmaydigan soliq toʻlovchilar tomonidan — yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq yillik summasining oʻn ikkidan bir qismi miqdorida har oyning 10-kunidan kechiktirmay.
Soliq davri mobaynida moʻljallanayotgan soliq solinadigan baza oʻzgargan taqdirda soliq toʻlovchi yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi toʻgʻrisida aniqlashtirilgan maʼlumotnoma taqdim etishga haqli. Bunda soliq davrining qolgan qismi uchun joriy toʻlovlarga yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning oʻzgarish summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.
