51-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyati ushbu moddada belgilangan tartibda uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) tomonidan bajariladi.
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyatini bajarish, qayta tashkil etish tugallanguniga qadar huquqiy vorisga (huquqiy vorislarga) qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxs soliq majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi faktlari va (yoki) holatlari maʼlum boʻlganligi yoxud maʼlum boʻlmaganligidan qatʼi nazar, uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) zimmasiga yuklatiladi.
Yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi uning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyatlarining bajarilishi muddatlarini shu yuridik shaxsning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) uchun oʻzgartirmaydi.
Huquqiy vorisni (huquqiy vorislarni), shuningdek huquqiy vorislarning yuridik shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyatlarini bajarishdagi ishtiroki ulushini belgilash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs qayta tashkil etilguniga qadar u ortiqcha toʻlagan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning summalari shu yuridik shaxs huquqiy vorisining (huquqiy vorislarining) shaxsiy kartochkasiga yuridik shaxsni qayta tashkil etish tugallangan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak.
Yuridik shaxsning soliq qarzi yoki u qayta tashkil etilguniga qadar ortiqcha toʻlangan soliq yoki majburiy toʻlov summalarini qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorislari oʻrtasida taqsimlash har bir huquqiy vorisning ulushiga muvofiq amalga oshiriladi.
