52-modda. Soliq toʻlovchi vafot etgan, bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan hollarda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati uning meros qilingan mol-mulkini qabul qilgan merosxoʻri (merosxoʻrlari) tomonidan, meros qilingan mol-mulkning qiymati doirasida va merosdagi ulushga mutanosib ravishda, meros qabul qilib olingan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmasdan bajariladi. Vafot etgan jismoniy shaxs toʻlashi lozim boʻlgan penya va (yoki) jarimalarni toʻlash majburiyati merosxoʻrga (merosxoʻrlarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyati summasi meros qilingan mol-mulk qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda, vafot etgan jismoniy shaxsning soliq yoki boshqa majburiy toʻlovni toʻlash boʻyicha qarzining qolgan summasi umidsiz qarz deb eʼtirof etiladi.
Merosxoʻr boʻlmagan taqdirda, vafot etgan jismoniy shaxsning soliq qarzi umidsiz qarz hisoblanadi.
Soliq qarziga ega boʻlgan jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, jismoniy shaxs hisobga qoʻyilgan va (yoki) uning mol-mulki turgan joydagi davlat soliq xizmati organi vafot etgan shaxsning merosxoʻri (merosxoʻrlari) toʻgʻrisida axborot olingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida unga (ularga) soliq qarzi borligini maʼlum qilishi shart.
Sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan jismoniy shaxsning soliq qarzi qonun hujjatlariga muvofiq bedarak yoʻqolgan shaxsning mol-mulkini boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan bedarak yoʻqolgan shaxsning mol-mulki hisobidan bajariladi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati uning vasiysi tomonidan muomalaga layoqatsiz shaxsning mol-mulki hisobidan bajariladi.
Belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning mol-mulki yetarli boʻlmagan (yoʻq boʻlgan) taqdirda, uning soliq qarzining koʻrsatilgan mol-mulk qiymatidan ortiq qismi umidsiz qarz deb eʼtirof etiladi.
Jismoniy shaxsning bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligini bekor qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan yoki jismoniy shaxsni muomalaga layoqatli deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ilgari hisobdan chiqarilgan soliq qarzining amal qilishi, daʼvo qilish muddatidan qatʼi nazar, qayta tiklanadi.
