204-modda. Soliq solinadigan bazani belgilash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq solinadigan baza, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, realizatsiya qilinayotgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati asosida, unga qoʻshilgan qiymat soligʻini kiritmagan holda belgilanadi.
Tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxidan yoki tovarlar olingan narxdan (tovarni olish bilan bogʻliq xarajatlar hisobga olingan holda) past narxlarda realizatsiya qilingan taqdirda, soliq toʻlovchiga oʻz ehtiyojlari uchun ushbu Kodeks 199-moddasi birinchi qismining 7-bandiga muvofiq tovarlar berilganda (ishlar bajarilganda, xizmatlar koʻrsatilganda), shuningdek tovarlar (ishlar, xizmatlar) bepul berilganda soliq solish maqsadlari uchun soliq solinadigan baza tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) tannarxidan yoki tovarlar olingan narxdan (tovarni olish bilan bogʻliq xarajatlar hisobga olingan holda) kelib chiqib belgilanadi ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni jahon bozorida haqiqiy vujudga kelgan narxlar boʻyicha, shu jumladan tannarxidan past narxlar boʻyicha eksport qilish masalalarini koʻrib chiquvchi maxsus vakolatli organning qarorlari asosida ushbu tovarlarning tannarxidan past narxlar boʻyicha xorijiy valyutaga eksport qilinganda, soliq solinadigan baza soliq solish maqsadida tovarlarni realizatsiya qilishning haqiqiy narxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Tovarlar qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallardan tayyorlangan taqdirda, soliq solinadigan baza qoʻshilgan qiymat soligʻini kiritmagan holda ularni qayta ishlash xizmatlarining qiymati asosida, aksiz toʻlanadigan tovarlar boʻyicha esa, ularni qayta ishlash xizmatlari qiymati asosida, ushbu Kodeksning 232-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan aksiz soligʻini hisobga olgan holda belgilanadi.
Qurilish, qurilish-montaj va taʼmirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy ishlar, xizmatlar boʻyicha, shuningdek obyektlarni foydalanishga tayyor holda qurishda shartnomaviy narxlardan kelib chiqqan holda hisob-kitob hujjatlari haq toʻlash uchun taqdim etilgan, bajarilgan va buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan ishlarning, xizmatlarning qoʻshilgan qiymat soligʻi kiritilmagan qiymati soliq solinadigan bazadir. Agar shartnomaga binoan bu ishlarni materiallar bilan taʼminlash majburiyati buyurtmachining zimmasida boʻlsa, ushbu materiallarga boʻlgan mulk huquqi buyurtmachining oʻzida saqlanib qolgan taqdirda, bajarilgan hamda tasdiqlangan ishlarning buyurtmachi materiallarining qiymati kiritilmagan holdagi qiymati soliq solinadigan bazadir.
