205-modda. Soliq solinadigan bazaga tuzatish kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchining soliq solinadigan bazasiga quyidagi hollarda tuzatish kiritiladi:
1) tovarlar toʻliq yoki qisman qaytarilganda;
2) bitim shartlari oʻzgarganda;
3) narxlar oʻzgarganda, sotib oluvchi siylovdan (skidkadan) foydalanganda;
4) bajarilgan ishlardan, koʻrsatilgan xizmatlardan voz kechilganda.
Soliq solinadigan bazaga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tuzatishni kiritish bir yillik muddat ichida, kafolat muddati belgilangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha esa, kafolat muddati doirasida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaga muvofiq soliq solinadigan bazaga tuzatish kiritish qoʻshimcha hisobvaraq-faktura yoki ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hollar yuz berganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Soliq solinadigan bazaga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda tuzatish kiritish koʻrsatilgan hollar yuz bergan soliq davrida amalga oshiriladi.
