203-modda. Realizatsiya qilish oboroti amalga oshirilgan sana
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Tovarlar joʻnatilgan (berilgan) kun, agar ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tovarlarni realizatsiya qilish oboroti amalga oshirilgan sanadir.
Agar tovarlarni joʻnatish amalga oshirilmasa, tovarga boʻlgan mulk huquqi oluvchiga oʻtkazilgan kun realizatsiya qilish oboroti amalga oshirilgan sanadir.
Garovga qoʻyilgan mol-mulk (tovar) garovga qoʻyuvchi tomonidan topshirilganda garov narsasiga boʻlgan mulk huquqi oʻtkazilgan sana garovga qoʻyuvchi uchun realizatsiya qilish oboroti amalga oshirilgan sanadir.
Yuridik shaxsning xodimlariga ularning mazkur yuridik shaxsdagi faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy ehtiyojlari uchun ish haqi hisobiga, shu jumladan bepul tovarlar berilganda, ishlar bajarilganda, xizmatlar koʻrsatilganda tovar berilgan, ishlar bajarilgan, xizmatlar koʻrsatilgan hamda hisobvaraq-faktura va (yoki) ishlar bajarilgani, xizmatlar koʻrsatilgani faktini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar rasmiylashtirilgan kun oborot amalga oshirilgan sanadir.
Tara shartnomada nazarda tutilgan muddatda qaytarilmasa, bu tarani qaytarish uchun belgilangan sana qaytarilishi lozim boʻlgan taraning realizatsiya qilish oboroti amalga oshirilgan sanadir.
Ishlarni, xizmatlarni realizatsiya qilish oboroti amalga oshirilgan sana quyidagi shartlardan biri bajarilganda boshlanadi:
hisobvaraq-faktura yozib berilganda;
ishlar bajarilganligi, xizmatlar koʻrsatilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilganda. Ushbu qism qoidalari boshlanishi bir hisobot davriga, tamomlanishi esa boshqa hisobot davriga toʻgʻri keladigan ishlarga, xizmatlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Ishlar, xizmatlar doimiy (uzluksiz) asosda realizatsiya qilingan taqdirda, hisobvaraq-faktura yozilgan sana ishlarni, xizmatlarni realizatsiya qilish oboroti amalga oshirilgan sanadir.
Shartnomaning (kontraktning) amal qilishi davrida ishlarni, xizmatlarni oluvchi ularning natijalaridan oʻz ishlab chiqarish faoliyatida doimiy asosda foydalanishi mumkin boʻlgan taqdirda, doimiy (uzluksiz) asosda realizatsiya qilish ishlar bajarilganligini, xizmatlar koʻrsatilganligini anglatadi.
Ishlar, xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasi norezidentidan olingan taqdirda, ishlar, xizmatlar olinganligi toʻgʻrisidagi hujjat rasmiylashtirilgan sana oborot amalga oshirilgan sanadir.
