348-modda. Soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʻllash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq solishning soddalashtirilgan tartibi soliq toʻlovchilarning ayrim toifalari uchun qoʻllaniladi va yagona soliq toʻlovini, yagona yer soligʻini hamda tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliqni hisoblab chiqarish hamda toʻlashning maxsus qoidalari qoʻllanilishini, shuningdek mazkur soliqlar boʻyicha soliq hisoboti taqdim etilishini nazarda tutadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan soliqlar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan jami umumbelgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻrniga toʻlanadi, ushbu Kodeksning 349-moddasida sanab oʻtilganlar bundan mustasno.
Soliq davri mobaynida, ushbu boʻlimda nazarda tutilgan hollarda, soliq solish tartibi oʻzgargan taqdirda, soliq toʻlovchi bu haqda soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan shaklda yozma ravishda xabardor etadi. Bunda oʻtgan davr uchun soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻsha davrda amal qilgan soliq solish tartibidan kelib chiqqan holda toʻlash boʻyicha majburiyatlar soliq toʻlovchilarda saqlanib qoladi.
Qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari boʻlgan, soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʻllaydigan yuridik shaxslar investitsiya loyihasi amalga oshirilmaganligi toʻgʻrisida xulosani berishga haqli boʻlgan vakolatli organning xulosasi chiqarilganidan keyingi oydan eʼtiboran umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtadi.
