347-modda. Yigʻimni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar koʻrsatish huquqi uchun yigʻim yigʻim stavkalarining qonun hujjatlarida belgilangan oylik miqdori doirasida hisoblab chiqariladi.
Tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar koʻrsatish huquqi uchun yigʻimning aniq stavkasi mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlari tomonidan belgilanadi va qonun hujjatlarida belgilangan eng yuqori stavkalardan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar koʻrsatish huquqi uchun yigʻim har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmasdan toʻlanadi.
Tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar koʻrsatish huquqi uchun yigʻim boʻyicha hisob-kitob faoliyat amalga oshirilayotgan joydagi davlat soliq xizmati organlariga:
yil davomida tegishli ruxsat guvohnomasini (mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining qarorini) olgan soliq toʻlovchilar tomonidan — ruxsat guvohnomasi (mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining qarori) berilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmasdan;
faoliyat yuritayotgan soliq toʻlovchilar tomonidan — har yili hisobot yilining 15-yanvarigacha taqdim etiladi.
