349-modda. Soliq solishning soddalashtirilgan tartibi qoʻllanilganda ayrim umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga doir majburiyatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Oʻziga nisbatan soliq solishning soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilgan soliq toʻlovchilar uchun, agar ushbu Kodeksning 373-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, toʻlov manbaida soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni ushlab qolish majburiyatlari hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga quyidagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatlari saqlanib qoladi:
ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan tartibda toʻlov manbaida undiriladigan foyda soligʻi;
ushbu Kodeksning 207-moddasida nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan bajariladigan (koʻrsatiladigan) ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi;
qurilishi moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalarini jalb etgan holda amalga oshirilayotgan obyektlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi;
agar ushbu Kodeksning 350-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, aksiz toʻlanadigan mahsulot ishlab chiqarishda solinadigan aksiz soligʻi;
agar ushbu Kodeksning 350-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus toʻlovlar;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (agar ushbu Kodeksning 57-bobida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bundan yagona yer soligʻini toʻlovchilar mustasno);
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi (agar ushbu Kodeksning 57-bobida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bundan yagona yer soligʻini toʻlovchilar mustasno);
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (agar ushbu Kodeksning 57-bobida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bundan yagona yer soligʻini toʻlovchilar mustasno);
bojxona toʻlovlari;
yagona ijtimoiy toʻlov;
davlat bojlari;
tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar koʻrsatish huquqi uchun yigʻim;
avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) vaqtinchalik olib kirganlik uchun yigʻim.
