350-modda. Soliq toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yagona soliq toʻlovini toʻlovchilar quyidagilardir:
1) soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard soʻmdan oshmagan yuridik shaxslar;
2) oddiy shirkat ishlarini yuritish zimmasiga yuklatilgan (ishonchli shaxs) sherik (ishtirokchi) — soliq davrida oddiy shirkat faoliyatidan olingan yalpi tushumi bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkor;
3) soliq davrida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi belgilangan miqdordan oshgan, lekin bir milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, bundan ushbu moddaning 4-bandida koʻrsatilganlar mustasno;
4) soliq davrida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard soʻmdan oshmagan:
meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshiruvchi;
Elektron tijorat subyektlarining milliy reyestriga kiritilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;
5) soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard soʻmdan oshmagan oilaviy korxonalar;
6) notijorat tashkilotlar daromadlarining soliq davrida tadbirkorlik faoliyatidan olingan qismi boʻyicha, soliq davrida tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari bir milliard soʻmdan oshmasligi sharti bilan.
Vositachilik, topshiriq shartnomasi boʻyicha hamda vositachilik xizmatlari koʻrsatishga oid boshqa shartnomalar boʻyicha vositachilik xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar yillik aylanmaning (tushumning) belgilangan chegaraviy miqdorini tovar aylanmasidan (bitim summalaridan) kelib chiqqan holda hisoblab chiqaradi.
Yagona soliq toʻlovi:
aksiz soligʻi toʻlanadigan mahsulot ishlab chiqarishni va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshiruvchi;
aksiz soligʻiga tortiladigan mobil aloqa xizmatlari koʻrsatuvchi;
ushbu Kodeksning 57-bobiga muvofiq yagona yer soligʻi toʻlash nazarda tutilgan faoliyat doirasidagi;
mahsulot taqsimotiga oid bitimlarning ishtirokchilari boʻlgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
