351-modda. Yagona soliq toʻlovini qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeks 350-moddasi birinchi qismining 1 va 6-bandlarida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar yagona soliq toʻlovini toʻlashni nazarda tutadigan soliq solishning soddalashtirilgan tartibini yoki umumbelgilangan soliqlar toʻlashni tanlashga haqli.
Yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtish uchun soliq toʻlovchilar yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtishi toʻgʻrisida soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan shaklda, yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtilayotgan joriy hisobot davri birinchi oyining 10-sanasidan kechiktirmay xabardor qiladi.
Yangi tuzilayotgan yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran tadbirkorlik faoliyati subyektini davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida tanlangan soliq solish tartibini koʻrsatish orqali yagona soliq toʻlovini toʻlash tartibini tanlash huquqiga ega.
Soliq toʻlovchilar yagona soliq toʻlovini toʻlashdan ixtiyoriy ravishda voz kechgan taqdirda, hisobot davri tugaganidan soʻng oʻn kun ichida davlat soliq xizmati organlariga taqdim qilinadigan yozma bildirish asosida keyingi hisobot davridan boshlab umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtadi.
Soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard soʻmdan oshgan yagona soliq toʻlovini toʻlovchilar belgilangan chegaraviy miqdor oshib ketgan oydan keyingi oyning boshidan boshlab umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtadi.
