19-modda. Rezidentlar va norezidentlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtgan yuridik shaxs;
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki joriy soliq davrida yakunlanayotgan har qanday ketma-ketlikdagi oʻn ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat Oʻzbekiston Respublikasida turgan jismoniy shaxs.
Chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning quyidagilar sifatida turgan davri uning Oʻzbekiston Respublikasi hududida haqiqatda turgan vaqtiga kiritilmaydi:
1) diplomatik yoki konsullik maqomiga ega boʻlgan shaxs sifatida;
2) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga koʻra tuzilgan xalqaro tashkilotning xodimi sifatida;
3) ushbu qismning 1-bandida koʻrsatilgan shaxslarning oila aʼzosi sifatida, bunday jismoniy shaxs tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmagan taqdirda;
4) faqat bir chet davlatdan boshqa chet davlatga Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali oʻtish (tranzit oʻtish) uchun;
5) agar bu jismoniy shaxs Oʻzbekiston Respublikasida faqat turist sifatida, davolanish yoki dam olish maqsadlari bilan turgan boʻlsa.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan mezonlarga javob bermaydigan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti deb eʼtirof etiladi.
