20-modda. Doimiy muassasa
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi deganda norezident Oʻzbekiston Respublikasi hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan, shu jumladan faoliyatni vakolatli shaxs orqali amalga oshirayotgan har qanday joy eʼtirof etiladi. Norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi deganda Oʻzbekiston Respublikasi hududida har qanday ketma-ketlikdagi oʻn ikki oylik davr ichida bir yuz sakson uch kalendar kunidan ortiq davom etadigan tadbirkorlik faoliyatining amalga oshirilishi ham eʼtirof etiladi.
“Doimiy muassasa” tushunchasi faqat soliq sohasidagi maqomni aniqlash uchun qoʻllaniladi va tashkiliy-huquqiy ahamiyatga ega emas.
“Doimiy muassasa” tushunchasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
1) tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, butlash, qadoqlash, oʻrash-joylash, realizatsiya qilish bilan bogʻliq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni;
2) har qanday boshqaruv joyi, vakolatxona, filial, boʻlim, byuro, idora, ofis, xona, agentlik, fabrika, ustaxona, sex, laboratoriya, doʻkon, omborni;
3) tabiiy resurslarni qazib olish bilan bogʻliq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni: shaxta, kon, neft va (yoki) gaz qudugʻini, karyerni;
4) quvur, gaz quvuri, tabiiy resurslarni qidirish va (yoki) ishlatish, asbob-uskunalarni oʻrnatish, montaj qilish, yigʻish, sozlash, ishga tushirish va (yoki) ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat (shu jumladan nazorat yoki kuzatuv faoliyati) amalga oshiriladigan har qanday joyni;
5) oʻyin avtomatlari (shu jumladan pristavkalar), kompyuter tarmoqlari va aloqa kanallari, attraksionlar, transport yoki boshqa infratuzilmadan foydalanish bilan bogʻliq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni;
6) qurilish maydonini (qurilish, montaj qilish yoki yigʻish obyektini), shuningdek ushbu obyektlarda ishlarning bajarilishini kuzatib borish bilan bogʻliq xizmatlarni. Har bir qurilish maydoni ishlar boshlangan kundan eʼtiboran alohida doimiy muassasani tashkil etuvchi sifatida qaraladi. Agar yordamchi pudratchilar Oʻzbekiston Respublikasining boshqa norezidentlari boʻlsa, ularning faoliyati ham shu qurilish maydonida ishlar boshlangan kundan eʼtiboran yordamchi pudratchilarning alohida doimiy muassasasi sifatida qaraladi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti bilan shartnoma munosabatlari asosida Oʻzbekiston Respublikasida uning manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining ushbu norezidenti nomidan faoliyat koʻrsatuvchi, Oʻzbekiston Respublikasining shu norezidenti nomidan kontraktlar tuzish vakolatiga ega boʻlgan va undan muntazam foydalanuvchi shaxs orqali faoliyatni amalga oshirishni;
