21-modda. Moliyaviy ijara
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Moliyaviy ijara mol-mulkni (moliyaviy ijara obyektini) egalik qilish va foydalanishga oʻn ikki oydan ortiq muddatga shartnoma boʻyicha topshirishda vujudga keladigan ijara munosabatlaridir. Bunda moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara obyekti ijara oluvchining mulkiga oʻtsa;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara obyekti xizmat muddatining 80 foizidan ortiq boʻlsa yoki moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijara shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining 20 foizidan kam boʻlsa;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijaraga oluvchi moliyaviy ijara obyektini shu huquqni amalga oshirish sanasidagi bozor qiymatidan past narx boʻyicha sotib olish huquqiga ega boʻlsa;
moliyaviy ijara shartnomasining amal qilishi davrida ijara toʻlovlarining joriy diskontlangan qiymati moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijaraga topshirish paytidagi joriy qiymatining 90 foizidan oshib ketsa. Joriy diskontlangan qiymat buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
