22-modda. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar — Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi
22-modda. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar:
asosiy ish joyi — ish beruvchi mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq xodimning mehnat daftarchasini yuritishi shart boʻlgan ish joyi;
asosiy faoliyat turi — yuridik shaxsning hisobot davri yakunlari boʻyicha umumiy realizatsiya qilish hajmidagi sof tushum ulushi ustunlik qiladigan faoliyati;
birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot — birgalikdagi faoliyat natijasi boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar);
budjetdan ajratiladigan subsidiya — davlat tomonidan muayyan maqsadlar uchun budjet hisobidan beriladigan pul mablagʻlari; soliq toʻlovchiga muayyan maqsadlarga yoʻnaltirish sharti bilan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha berilgan imtiyozlar hisobiga boʻshaydigan mablagʻlar;
grant — davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumatga qarashli tashkilotlar tomonidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydigan roʻyxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga begʻaraz asosda beriladigan mol-mulk, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga begʻaraz asosda beriladigan mol-mulk;
dividendlar — aksiyalar boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan daromad; yuridik shaxs tomonidan uning muassislari oʻrtasida (ishtirokchilari, aʼzolari oʻrtasida ularning ulushlari, paylari, hissalari boʻyicha) taqsimlanadigan sof foydaning va (yoki) oʻtgan yillardagi taqsimlanmagan foydaning bir qismi; yuridik shaxs tugatilganda mol-mulkni taqsimlashdan olingan, shuningdek muassis (ishtirokchi, aʼzo) tomonidan yuridik shaxsda ishtirok etish ulushini (payini, hissasini) olgandagi daromadlar, bundan muassis (ishtirokchi, aʼzo) ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida kiritgan mol-mulkning qiymati chegiriladi, taqsimlanmagan foyda ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish uchun yoʻnaltirilgan taqdirda, yuridik shaxs aksiyadorining, muassisining (ishtirokchisining, aʼzosining) qoʻshimcha aksiyalar qiymati, ulush (pay, hissa) qiymatining oshishi tarzida olingan daromadlari;
ijara (lizing) toʻlovi — ijarachi (lizing oluvchi) tuzilgan ijara (lizing) shartnomasi asosida ijaraga beruvchiga (lizing beruvchiga) toʻlaydigan summa;
ijaraga beruvchining (lizing beruvchining) foizli daromadi — buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan ijara (lizing) toʻlovi summasi bilan ijara (lizing) obyektining qiymatini qoplash summasi oʻrtasidagi farq koʻrinishidagi ijara (lizing) toʻlovining bir qismi;
insonparvarlik yordami — aholining ijtimoiy jihatdan nochor guruhlariga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish, ijtimoiy soha muassasalarini qoʻllab-quvvatlash, tabiiy ofatlar, falokatlar va halokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun aniq maqsadli begʻaraz koʻmaklashish. Insonparvarlik yordami dori vositalari va tibbiy ahamiyatga molik buyumlar, xalq isteʼmoli tovarlari, boshqa tovarlar, shu jumladan asbob-uskunalar, transport va texnika, shuningdek ixtiyoriy ravishdagi xayr-ehsonlar, bajarilgan ishlar va xizmatlar, shu jumladan insonparvarlik yordami yuklarini tashish, kuzatib borish va saqlash tariqasida beriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan vakolatli tashkilotlar orqali taqsimlanadi;
ishlarni (xizmatlarni) eksport qilish — ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) joyidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan chet davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi uchun ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish;
kredit tashkilotlari — tegishli litsenziyaga ega boʻlgan banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va boshqa kredit tashkilotlari;
kurs boʻyicha farq — milliy valyutaga nisbatan chet el valyutasi kursining oʻzgarishi munosabati bilan chet el valyutasida amalga oshirilgan operatsiyalarda vujudga keladigan (ijobiy, salbiy) farq;
mikrofirmalar va kichik korxonalar — belgilangan mezonga xodimlarining soni boʻyicha mos keladigan yuridik shaxslar;
mol-mulk — egalik qilish, foydalanish, tasarruf etish obyektlari boʻla oladigan moddiy obyektlar, shu jumladan pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, ulushlar (paylar, hissalar) hamda nomoddiy obyektlar;
oila aʼzolari — er (xotin), ota-onalar yoki farzandlikka oluvchilar va bolalar, shu jumladan farzandlikka olinganlar;
operativ ijara — moliyaviy ijara shartnomasi boʻlmagan mulkiy ijara (ijaraga berish) shartnomasi asosida mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanishga berish;
realizatsiya qilish — sotish, ayirboshlash, begʻaraz berish maqsadida tovarlarni joʻnatish (topshirish), ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish, shuningdek garovga qoʻyilgan tovarlarga boʻlgan mulk huquqini garovga qoʻyuvchi tomonidan garovga oluvchiga topshirish. Hisobvaraq-fakturalar, ishlar bajarilganligi yoki xizmatlar koʻrsatilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalar, tovarlar joʻnatilganligini (topshirilganligini), ishlar bajarilganligini, xizmatlar koʻrsatilganligini tasdiqlovchi kvitansiyalar, cheklar va boshqa hujjatlar realizatsiya qilganlikni tasdiqlovchi hujjatlardir;
royalti — quyidagilar uchun har qanday turdagi toʻlovlar:
fan, adabiyot va sanʼat asarlaridan, shu jumladan elektron-hisoblash mashinalari uchun dasturlar, audiovizual asarlardan hamda turdosh huquqlar obyektlaridan, jumladan ijrolar va fonogrammalardan foydalanganlik yoxud ulardan foydalanish huquqini berganlik uchun;
sanoat mulki obyektiga, tovar belgisiga (xizmat koʻrsatish belgisiga), savdo markasiga, dizayn yoki modelga, rejaga, maxfiy formula yoki jarayonga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi patentdan (guvohnomadan) yoxud sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga taalluqli axborotdan (nou-xaudan) foydalanganlik uchun;
savdo faoliyati — qayta sotish maqsadida olingan tovarlarni sotishga doir faoliyat;
soliq monitoringi — soliq nazoratining insofli soliq toʻlovchilariga soliq solishning joriy masalalarini hal qilishda har tomonlama koʻmaklashgan holda, davlat soliq xizmati organlari va insofli soliq toʻlovchilar oʻrtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi shakli;
soliq solishning soddalashtirilgan tartibi — soliq solishning ayrim toifadagi soliq toʻlovchilar uchun belgilanadigan hamda ayrim turdagi soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlashning, shuningdek ular yuzasidan soliq hisobotini taqdim etishning maxsus qoidalari qoʻllanilishini nazarda tutuvchi alohida tartibi;
soliq qarzi — soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarz summasi, shu jumladan ushbu Kodeksda belgilangan muddatida toʻlanmagan moliyaviy sanksiyalar;
sof tushum — tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxida hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi summalarini kiritmagan holda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum;
sof foyda — soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin yuridik shaxs ixtiyorida qoladigan foyda;
tannarx — mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatishda foydalaniladigan moddiy resurslarning, asosiy fondlarning, mehnat resurslarining, shuningdek tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish jarayonini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa turdagi xarajatlarning qiymat bahosi. Tannarx buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi;
tovar oboroti — muayyan davr ichida savdo faoliyatini amalga oshirish chogʻida tovarlarni sotishdan olingan (olinishi lozim boʻlgan), pulda ifodalangan mablagʻlar;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum — realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun olingan (olinishi lozim boʻlgan) mablagʻlar summasi, shu jumladan realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq toʻlash yoki qarzni uzish hisobiga tushadigan mol-mulk qiymati;
tovarlarni eksport qilish — Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tovarlarni, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qayta olib kirish majburiyatisiz olib chiqish;
toʻlov manbai — soliq toʻlovchiga toʻlovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
umidsiz qarz — sud qaroriga binoan majburiyatlarning tugatilishi, qarzdorning bankrotligi, tugatilishi yoki vafot etishi oqibatida yoxud daʼvo qilish muddati oʻtishi oqibatida uzish mumkin boʻlmagan qarz;
favqulodda holatlar — taraflarning xohish-irodasi va harakatlariga bogʻliq boʻlmagan, tabiat hodisalari (zilzila, koʻchkilar, boʻron, qurgʻoqchilik va boshqalar), boshqa tabiiy ofatlar yoki ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar (urush holati, qamal holati, davlat manfaatlarini koʻzlab importni hamda eksportni taqiqlash va boshqalar) keltirib chiqargan muayyan sharoitlardagi favqulodda, oldini olib boʻlmaydigan va kutilmagan holatlar boʻlib, qabul qilingan majburiyatlar shular tufayli bajarila olmaydi;
foizlar — har qanday turdagi qarz talablaridan olingan daromad, shu jumladan obligatsiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar, shuningdek depozit qoʻyilmalar va boshqa qarz majburiyatlaridan olingan daromad;
yutuq — lotereyalar, oʻyinlar, tanlovlar, musobaqalar (olimpiadalar), festivallar va shu kabi boshqa tadbirlarda olingan, natura holida yoki pulda ifodalangan toʻlovlar, sovrinlar va boshqa daromadlar;
yaqin qarindoshlar — er, xotin, ota-ona, bolalar, tugʻishgan hamda oʻgay aka-uka va opa-singillar, bobolar, buvilar, nevaralar;
Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestri — soliq toʻlovchilarga oid davlat maʼlumotlar bazasi tizimi;
qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallar — buyurtmachiga tegishli xom ashyo va materiallar boʻlib, buyurtmachi ularni mahsulot ishlab chiqarish uchun boshqa shaxsga sanoat asosida qayta ishlashga beradi hamda tuzilgan shartnomaga muvofiq mahsulot keyinchalik buyurtmachiga qaytariladi;
hujjat bilan tasdiqlangan xarajatlar — operatsiya sanasini, summasini, xususiyatini aniqlash va uning ishtirokchilarini identifikatsiya qilish imkonini beradigan hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlar.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 22-modda. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi. neolex.uz/uz/laws/law-1286689/22 (lex.uz/docs/-1286558)