221-modda. Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan, soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlarining soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻzaro munosabatlarni elektron tarzda amalga oshirishni taʼminlaydigan axborot resursidir.
Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar soliq toʻlovchining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali uning yozma arizasi, shu jumladan axborot tizimi orqali yuborilgan elektron shakldagi arizasi asosida amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti mavjud boʻlmagan taqdirda, soliq toʻlovchi va davlat soliq xizmati organi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Agar davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga elektron hujjat yuborilganda soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti amal qilishi toʻxtatib turilganligi toʻgʻrisida yoki elektron raqamli imzo kaliti sertifikati bekor qilinganligi haqida maʼlumot olingan boʻlsa, ushbu hujjat soliq toʻlovchiga mazkur maʼlumotlar olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida qogʻozda joʻnatiladi.
