287-modda. Soliq toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida yer uchastkalariga ega boʻlgan jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari yer soligʻini toʻlovchilardir.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara haqi yer soligʻiga tenglashtiriladi. Yer uchastkalarini ijaraga olgan jismoniy shaxslarga yer soligʻini toʻlovchilar uchun belgilangan imtiyozlar, soliqni hisoblab chiqarish va soliqni toʻlash tartibi tatbiq etiladi.
Uy-joy, yashash uchun moʻljallanmagan imorat va inshootlar meros boʻyicha oʻtishi bilan birgalikda mulk huquqi, egalik qilish huquqi va foydalanish huquqi oʻtgan yer uchastkalari uchun yer soligʻi meros qoldiruvchining soliq majburiyatlari hisobga olingan holda merosxoʻrlardan undiriladi.
