311-modda. Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun yagona ijtimoiy toʻlovni hisoblab chiqarish va toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yagona ijtimoiy toʻlov soliq toʻlovchining kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qatʼi nazar majburiy tartibda quyidagicha toʻlanadi:
1) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda;
2) yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan (bundan buyon matnda yakka tartibdagi tadbirkorning xodimlari deb yuritiladi) — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida;
3) yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila aʼzolari tomonidan:
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan oila aʼzosi tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda;
oilaning boshqa aʼzolari tomonidan (oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganlar bundan mustasno) — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida.
4) qishloq joylarda roʻyxatdan oʻtgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandchilik subyektlari — “Hunarmand” uyushmasining aʼzolari tomonidan — oʻz faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida;
5) “Usta-shogird” maktabi oʻquvchilari tomonidan ularning 25 yoshga toʻlguniga qadar boʻlgan ish davrida — yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 2,5 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda. Belgilangan miqdordagi yagona ijtimoiy toʻlovning toʻlanishi mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklarining aʼzolari, shuningdek maydoni toʻrt sotixdan kam boʻlmagan dehqon xoʻjaligida, tomorqa yerida band boʻlgan yoki ushbu maydonda qoramol yoxud 50 boshdan kam boʻlmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida yagona ijtimoiy toʻlov toʻlaydi. Bunda dehqon xoʻjaligi rahbari yagona ijtimoiy toʻlovni majburiy tartibda toʻlaydi, boshqa aʼzolari va koʻrsatilgan jismoniy shaxslar esa ixtiyoriy asosda toʻlaydi. Belgilangan miqdordagi yagona ijtimoiy toʻlovning toʻlanishi dehqon xoʻjaligi aʼzosining va jismoniy shaxsning mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.
Yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandchilik subyektlari — “Hunarmand” uyushmasining aʼzolari Yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlashdan ozod etiladi, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan, yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironi boʻlgan shaxslar uchun esa yagona ijtimoiy toʻlovning miqdori uning belgilangan eng kam miqdorining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak. Mazkur imtiyozlar pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi asosida beriladi. Imtiyozga boʻlgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan yoki bekor boʻlgan taqdirda, yagona ijtimoiy toʻlovni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq vujudga kelgan yoki bekor boʻlgan oydan eʼtiboran amalga oshiriladi.
