310-modda. Yagona ijtimoiy toʻlovni hisoblab chiqarish hamda toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yagona ijtimoiy toʻlov soliq solinadigan bazadan hamda belgilangan stavkalardan kelib chiqqan holda har oyda hisoblab chiqariladi.
Yagona ijtimoiy toʻlov ish beruvchining va ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
Yagona ijtimoiy toʻlovning hisob-kitobi soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻlovchi tomonidan ortib boruvchi yakun bilan har oyda hisobot davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi. Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan yil yakunlari boʻyicha yagona ijtimoiy toʻlovga doir hisob-kitob hisobot yilidan keyingi yilning 25-martiga qadar taqdim etiladi.
Yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlash har oyda, hisob-kitoblarni taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
