308-modda. Imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yagona ijtimoiy toʻlov quyidagilarga nisbatan hisoblanmaydi:
1) mehnatda mayib boʻlganlik yoki sogʻliqqa boshqacha shikast yetganlik bilan bogʻliq zararning oʻrnini qoplash uchun ushbu Kodeks 171-moddasi ikkinchi qismining 9-bandida koʻrsatilgan miqdorlardan ortiqcha olingan summalarga;
2) quyidagi grant mablagʻlari hisobiga olinadigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarga:
davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumatga qarashli tashkilotlar tomonidan berilgan grant mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadigan roʻyxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari tomonidan berilgan grant mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida berilgan grant mablagʻlari;
3) aksiyadorlik jamiyatlarining boshqaruv xodimlari sifatida jalb qilingan chet ellik xodimlarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlariga;
4) paxta yigʻim-terimi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslar tomonidan bu ishlarni bajarganlik uchun olinadigan daromadlarga.
