129-modda. Jami daromadning tarkibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Jami daromadga quyidagilar kiradi:
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlar;
boshqa daromadlar.
Soliq toʻlovchining qiymati chet el valyutasida ifodalangan daromadlari milliy valyutada olingan daromadlar bilan jamlangan holda, buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda hisobga olinadi.
Quyidagilar soliq toʻlovchining daromadi sifatida qaralmaydi:
1) ustav fondiga (ustav kapitaliga) olingan hissalar, shu jumladan aksiyalarni (ulushlarni) joylashtirish bahosining ularning nominal qiymatidan (dastlabki miqdoridan) ortiq summasi, birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha birlashtiriladigan mablagʻlar;
2) muassislar (ishtirokchilar) tarkibidan chiqilayotganda (chiqarilayotganda), yoki muassis (ishtirokchi) ulushining miqdori kamaytirilganda, shuningdek tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulki uning muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasida taqsimlanayotganda ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa doirasida olingan mablagʻlar (mol-mulk yoki mulkiy huquqlar);
3) oddiy shirkat shartnomasi sherigining (ishtirokchisining) shartnoma sheriklari (ishtirokchilari) umumiy mulkidagi ulushi qaytarib berilgan yoki bunday mol-mulk boʻlingan taqdirda, hissasi miqdorida olingan mablagʻlar (mol-mulk yoki mulkiy huquqlar);
4) realizatsiya qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun boshqa shaxslardan dastlabki haq (boʻnak) tarzida olingan mablagʻlar (mol-mulk yoki mulkiy huquqlar);
5) qonun hujjatlariga muvofiq majburiyatlarni taʼminlash tariqasida garov yoki zakalat tarzida olingan mablagʻlar (mol-mulk yoki mulkiy huquqlar) ularga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtadigan paytga qadar;
6) budjetdan berilgan subsidiyalar;
7) agar mablagʻlarni (mol-mulk yoki mulkiy huquqlarni) boshqa shaxsga oʻtkazish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida yuz berayotgan boʻlsa, tekin olingan mablagʻlar (mol-mulk yoki mulkiy huquqlar), ishlar va xizmatlar;
8) olingan grantlar va insonparvarlik yordami;
10) notijorat tashkilotlar tomonidan ustav faoliyatining taʼminoti va uni amalga oshirish uchun olingan, belgilangan maqsadga koʻra va (yoki) tekin kelib tushgan mablagʻlar;
